Tannarxidan qimmat tangalar: O‘zbekiston esdalik tangalari evolyutsiyasi

Bugun 16:113 daqiqa

Tez orada Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlab yangi oltin tanga zarb etiladi. Xo‘sh, O‘zbekistonda bugungacha qanday esdalik oltin va kumush tangalari chiqarilgan hamda ularning haqiqiy qiymati qanday o‘lchanadi?

Tannarxidan qimmat tangalar: O‘zbekiston esdalik tangalari evolyutsiyasi

Markaziy bank 2026-yil 1-sentabrga qadar «Mustaqillikning 35 yilligi» esdalik oltin tangasini zarb etadi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2-aprel kuni imzolangan qarorda belgilangan.

O‘zbekistonda muhim davlat sanalarni qimmatbaho metallardan tayyorlangan tangalar bilan muhrlash an’anasi mustaqillikning ilk yillaridanoq boshlangan.

Jumladan, 1994-yilda Markaziy bank tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 3 yilligi» munosabati bilan ilk esdalik tangalaridan biri — kumush tanga muomalaga chiqarilgan. Tanga dizaynida Amir Temur haykali tasvirlangan.

2001-yil esa Mustaqillikning o‘n yilligi munosabati bilan 100 so‘m nominaldagi kumush tangalar seriyasi zarb etilgan. Ularning dizaynida Toshkentdagi Mustaqillik monumenti, Oliy Majlis binosi va Samarqanddagi Registon ansambli kabi milliy ramzlar aks etgan.

2011-yilda Davlat mustaqilligining 20 yillik sanasi munosabati bilan zarb etilgan oltin va kumush esdalik tangalarida mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar va milliy me’morchilik namunalari aks etgan.

2016-yil Mustaqillikning 25 yilligi arafasida Prezidentning PF-4807-sonli Farmoni bilan «O‘zbekiston mustaqilligiga 25 yil» esdalik nishoni (medal) ta’sis etilgan. Oltin bilan qoplangan mis qotishmasidan tayyorlangan ushbu nishon davlat mukofoti sifatida berilgan bo‘lib, bu sana uchun alohida esdalik tangalari (pul belgilari) chiqarilmagan.

2021-yil bu yo‘nalishdagi eng yirik loyihalardan biri amalga oshdi. Markaziy bank 15 va 20 grammlik oltin hamda 31,1 grammlik kumush tangalarni taqdim etdi. Ularning dizaynida anor hamda mustaqillik yillarida qad rostlagan zamonaviy binolar tasvirlangan.

Boshqa esdalik tangalari

O‘zbekiston 1994 va 1996-yillar Sohibqiron tavalludining 660 yilligi hamda mustaqillikning dastlabki yillarida Amir Temur haykali tasviri tushirilgan kumush tangalarni muomalaga chiqargan.

1994-yil buyuk munajjim va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek tavalludining 600 yilligi munosabati bilan ham maxsus tangalar zarb etilgan.

1999-yil algoritm asoschisi, buyuk matematik Muhammad al-Xorazmiy tavalludining 1200 yilligi munosabati bilan ham alohida esdalik tangalari tayyorlangan.

2021 yilda Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlab «Xamsa» dostonlari tasvirlangan beshta oltin suvenirdan iborat to‘plamni hamda shoirning ijod jarayoni aks etgan 20 va 31,1 grammlik alohida oltin tangalarni muomalaga chiqargan.

Shuningdek, 2023-yilda mohir sarkarda va o‘zbek xalqi qahramoni Jaloliddin Manguberdi tavalludining 825 yilligi munosabati bilan ham oltin va kumush tangalar zarb etildi. Ushbu tangalarning dizaynida sarkardaning ot ustida qilich tutib turgan timsoli hamda O‘zbekiston Respublikasi xaritasi aks ettirilgan.

Buyuk qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1025 yilligi munosabati bilan 1998-yilda kumush tanga zarb etilgan.

Tarixiy shaharlar yubileylari

1997-yilda Buxoro va Xiva shaharlarining 2500 yilligi munosabati bilan kumush tangalar zarb etilgan bo‘lsa, 2002-yilda Termiz shahrining 2500 yilligi va Shahrisabzning 2700 yilligi sharafiga maxsus tangalar muomalaga chiqarilgan. Bu yo‘nalish 2007 yilda Marg‘ilon shahrining 2000-yilligi va Samarqandning 2750 yilligi, 2009-yilda esa Toshkent shahrining 2200 yilligiga bag‘ishlangan oltin va kumush tangalar bilan davom ettirilgan.

Bu tangalarning ahamiyati nimada?

Mustaqillik bayrami munosabati bilan zarb etilgan oltin tangalar AU 999,9 asillik darajasidagi oltindan tayyorlanadi. Ularning narxi Markaziy bank tomonidan oltinning jahon bozoridagi bahosiga qarab har kuni yangilab boriladi.

Tangalar cheklangan miqdorda (tirajda) chiqarilgani bois, vaqt o‘tishi bilan kolleksionerlar orasida ularning qiymati tannarxidan ancha baland bo‘lishi mumkin.

Odatda bunday tangalar «Proof» (yuqori darajadagi ko‘zgusimon yuzali) sifatida zarb qilinadi va maxsus sertifikatlarga ega bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid