Samarqandda «Starlink» qurilmasini noqonuniy olib kirgan fuqaroga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Bugun 17:042 daqiqa

«Jartepa» postida 6 mln so‘mlik Starlink qurilmasi musodara qilindi. O‘zbekistonda sun’iy yo‘ldosh aloqa vositalarini ruxsatsiz olib kirish taqiqlangan.

Samarqandda «Starlink» qurilmasini noqonuniy olib kirgan fuqaroga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasining «Jartepa» chegara bojxona posti xodimlari tomonidan navbatdagi noqonuniy olib kirish holati fosh etildi, deb xabar bermoqda viloyat bojxona boshqarmasi. Tojikistondan kirib kelayotgan fuqaro boshqaruvidagi «Mercedes-Benz» rusumli avtomashina belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganda, yukxonada bojxona deklaratsiyasida qayd etilmagan va tegishli ruxsatnomasi bo‘lmagan 1 dona «Starlink» qurilmasi borligi aniqlandi.

Qiymati taxminan 6 mln so‘m deb baholangan ushbu orbital sun’iy yo‘ldosh aloqa moslamasi bo‘yicha viloyat Elektromagnit moslashuv xizmati xulosa berdi. Unga ko‘ra, mazkur qurilmani O‘zbekiston hududiga maxsus ruxsatnomalarsiz olib kirish va undan foydalanish qonunan taqiqlanganligi yana bir bor tasdiqlandi. Hozirda mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qonunchilik talablari va taqiqlar

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, O‘zbekiston hududida radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalardan foydalanish uchun Raqamli texnologiyalar vazirligi va boshqa tegishli idoralarning ruxsati talab etiladi. «Starlink» kabi sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimlari milliy xavfsizlik va axborot almashinuvi nazorati nuqtai nazaridan alohida tartibga solinadi.

«Starlink» nega taqiqlangan?

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, noqonuniy aloqa vositalari mavjud radiochastotalar ishiga xalaqit berishi yoki nazorat qilinmaydigan axborot oqimlarini yuzaga keltirishi mumkin. Shu sababli, bojxona organlari fuqarolarni bu kabi qurilmalarni olib kirishda amaldagi qoidalarga qat’iy rioya qilishga chaqiradi.

Avvalroq Tojikistonda «Starlink» sun’iy yo‘ldoshli interneti ishga tushgani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid

Samarqandda «Starlink» qurilmasini noqonuniy olib kirgan fuqaroga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi | Vaqt.uz