O‘zbekistonda pitssa bozori keskin o‘smoqda
O‘zbekistonda pitssa bozori 68 foizga o‘sdi, daromad 400 mlrd so‘mga yetdi

O‘zbekistonda pitssa bozori so‘nggi yillarda jadal rivojlanib, 2025 yil yakunlariga ko‘ra, eng yirik beshta tarmoqning umumiy tushumi qariyb 400 mlrd so‘mga yetdi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 68 foizga yuqori bo‘lib, sohadagi o‘sish sur’ati ancha tezlashganini ko‘rsatadi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, pitssa hali ham burger, sendvich, lavash yoki qovurilgan tovuq mahsulotlari segmenti darajasiga yetmagan. Biroq uning tez o‘sishi bozor ishtirokchilari va investorlar diqqatini jalb qilmoqda.
Texnologiya hal qiluvchi omil
Bozordagi o‘sishning asosiy sabablaridan biri — pitssa tayyorlash texnologiyalarining takomillashuvi bo‘ldi.
O‘zbekistonda pitssa 1990 yillardan beri mavjud bo‘lib, u davrlarda asosan sekin xizmat ko‘rsatish (casual-dining) formatida qabul qilingan.
Zamonaviy pechlar va konveyer tizimlarining joriy etilishi esa jarayonni tubdan o‘zgartirdi. Hozirgi kunda Toshkentda pitssa o‘rtacha 5–7 daqiqada tayyorlanmoqda va bu uni to‘liq tez xizmat (quick-service) segmentiga olib kirdi.
Bu o‘zgarish mahsulotga bo‘lgan munosabatni ham o‘zgartirib, uni ommaviy va tez iste’mol qilinadigan taomga aylantirdi.
Raqobat kuchaymoqda
Bozordagi eng yorqin misollardan biri — “Bellissimo” tarmog‘i bo‘lib, uning filiallari soni 80 tadan oshgan. Bu ko‘rsatkich so‘nggi ikki yilda qariyb ikki barobarga oshganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston bozorida jahonning yirik pitssa brendlari — “Papa John’s”, “Domino‘s” va “Pizza Hut” ham faoliyat yuritmoqda. Ularning barchasi 2026 yilda yangi filiallar ochish va xodimlar sonini oshirishni rejalashtirmoqda.
Bundan tashqari, “Dodo Pizza” ham bozorda o‘z pozitsiyalarini mustahkamlashga intilayotgani raqobatni yanada kuchaytirishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 1 trln so‘mdan ortiq daromad qilgan ilk fast-fud tarmog‘i paydo bo‘lganligi haqida xabar bergan edik.





