To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari bo‘yicha agentlik tashkil etiladi
O‘zbekistonda to‘lovga qobiliyatsizlik tizimini isloh qilish doirasida yangi agentlik tashkil etish va biznesni saqlab qolishga qaratilgan choralar belgilandi.

O‘zbekistonda to‘lovga qobiliyatsizlik institutini tubdan takomillashtirish bo‘yicha yangi yondashuvlar ishlab chiqildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan loyihaga ko‘ra, sohada davlat boshqaruvini kuchaytirish maqsadida maxsus agentlik tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatda xususiy sektor ulushi sezilarli darajada oshgan. Bugungi kunda 300 mingdan ortiq yakka tartibdagi tadbirkorlar va 5,5 milliondan ziyod o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar faoliyat yuritmoqda. Xususiy biznesning iqtisodiyotdagi ulushi esa 45 foizdan 58 foizgacha o‘sgan.
Tizimdagi muammolar ochiqlandi
Shu bilan birga, faoliyat yuritmayotgan korxonalar soni ortib borayotgani qayd etildi. Amaldagi tizim ko‘proq korxonani tugatishga yo‘naltirilgan bo‘lib, uni saqlab qolish va tiklash mexanizmlari yetarli darajada ishlamayapti.
Masalan, moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan 93 mingta tadbirkordan atigi 10 mingtasi bo‘yicha to‘lovga qobiliyatsizlik ishi qo‘zg‘atilgan. So‘nggi besh yilda esa atigi 68 ta korxonada sanatsiya jarayoni o‘tkazilgan va ularning faqat 7 tasi tiklangan.
Yangi agentlik va palata
Takliflarga ko‘ra, Adliya vazirligi huzurida To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari bo‘yicha agentlik tashkil etiladi. U sohada yagona davlat siyosatini yuritish, davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish bilan shug‘ullanadi.
Shuningdek, Sud boshqaruvchilari palatasini tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu tuzilma mutaxassislarning malakasini oshirish, ular faoliyatini nazorat qilish va kasbiy standartlarni ta’minlashga xizmat qiladi.
Biznesni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari
Yangi yondashuvlar doirasida moliyaviy ahvoli og‘ir korxonalarni qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus mexanizmlar joriy etiladi. Jumladan, kreditlar bo‘yicha to‘lovlarni sanatsiya davrida kechiktirish va qarzlarni restrukturizatsiya qilish imkoniyati beriladi.
Shu bilan birga, kichik va o‘rta biznes uchun kafillik berish, past foizli kredit liniyalari ochish orqali korxonalarni qayta tiklashga ko‘maklashish rejalashtirilgan.
Soliq va sanatsiya imkoniyatlari
Soliq va kredit qarzdorligini kechiktirib to‘lash tartiblari soddalashtiriladi. Mahalliy kengashlar ayrim soliqlar bo‘yicha imtiyozlar berish vakolatiga ega bo‘ladi.
Davlat ko‘magidagi sudgacha sanatsiya choralari ham kengaytirilib, korxonalarni qayta tashkil etish, ishlab chiqarishni qayta yo‘naltirish va mutaxassislar jalb qilish imkoniyatlari yaratiladi.
Raqamli platforma ishga tushiriladi
To‘lovga qobiliyatsizlik jarayonlarini raqamlashtirish maqsadida yagona elektron platforma yaratiladi. Unda barcha jarayonlar — ariza berishdan tortib korxonani tugatishgacha — onlayn shaklda amalga oshiriladi.
Platforma orqali ochiq reyestrlar yuritilib, jamoatchilik va OAV uchun ma’lumotlar ochiq bo‘ladi. Bu esa shaffoflikni oshirish va nazoratni kuchaytirishga xizmat qiladi.





