O‘zbekistonda bank depozitlari 421 trln so‘mdan oshdi
2026 yil fevral oyida bank depozitlari 421,9 trln so‘mga yetdi, o‘sish davlat banklari va aholi hisobiga ta’minlandi

2026 yil fevral oyi yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston bank tizimidagi jami depozitlar hajmi 421 trln 877 mlrd so‘mga yetdi. Bu yanvar oyiga nisbatan 1 trln 854 mlrd so‘mga ko‘p. Bir qarashda ijobiy dinamika kuzatilgan bo‘lsa-da, depozitlar tarkibidagi o‘zgarishlar bir qator muhim signallarni ko‘rsatmoqda.
O‘sish asosan aholi omonatlari hisobiga ta’minlangan. Fevral oyida jismoniy shaxslar depozitlari 3 trln 396 mlrd so‘mga oshib, 163 trln 879 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu esa banklar uchun eng asosiy likvidlik manbai aynan aholi mablag‘lari bo‘lib qolganini anglatadi. Aholi omonatlarini saqlash bo‘yicha bo‘yicha «Kapitalbank» (26,15 trln so‘m), «Milliybank» (17,57 trln so‘m) va «Agrobank» (17,13 trln so‘m) yetakchi bo‘lib qolmoqda.
Biroq shu davrda yuridik shaxslar depozitlari aksincha 1 trln 541 mlrd so‘mga kamayib, 257 trln 998 mlrd so‘mga tushdi. Ayniqsa, yirik davlat banklarida biznes mablag‘larining chiqib ketishi kuzatildi. Xususan, «SQB» (-1 trln 076,9 mlrd so‘m), «Asakabank» (-715,3 mlrd so‘m) va «Ipak Yo'li bank»(-613,8 mlrd so‘m)da pasayish qayd etildi.
Biznes depozitlarining qisqarishi iqtisodiyotda investitsiya faolligi susaygani yoki korxonalar o‘z likvidligini saqlab qolishga ko‘proq e’tibor qaratayotganini anglatishi mumkin.
Shu bilan birga, yuridik shaxslar mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha yetakchilikni «Milliybank» (32,46 trln so‘m), «Xalq banki» (21,57 trln so‘m) va «Ipotekabank» (21,35 trln so‘m) saqlab qolmoqda — biznes depozitlarining asosiy qismi aynan ushbu banklarda jamlangan.
Davlat banklaridagi depozitlar
Fevral oyida davlat banklaridagi depozitlar 1 trln 678 mlrd so‘mga ko‘paydi. Xususan, «Agrobank» (+1 trln 663 mlrd so‘m), «Aloqabank» (+414 mlrd so‘m), «Xalq banki» (+351 mlrd so‘m) va «Mikrokreditbank» (+246 mlrd so‘m) yuqori o‘sish ko‘rsatdi. «SQB» 688,9 mlrd so‘m va «Asakabank» 426,4 mlrd so‘m kamaydi.
Xususiy banklardagi depozitlar
Xususiy banklar orasida esa umumiy o‘sish nisbatan past — 176 mlrd so‘mni tashkil qildi. Bu segmentda «Octobank» (+744 mlrd so‘m), «Kapitalbank» (+706 mlrd so‘m) va «Anorbank» (+556 mlrd so‘m) yetakchi bo‘ldi. Biroq «KDB» (-727 mlrd so‘m), «Orient Finans bank» (-659,1 mlrd so‘m) va «Ipotekabank» (-617 mlrd so‘m)da sezilarli qisqarish qayd etildi.
Jami depozitlar hajmi bo‘yicha reytingning yuqori pog‘onalarini «Milliybank» — 50,03 trln so‘m, «Kapitalbank» — 44,44 trln so‘m va «Agrobank» — 36,02 trln so‘m ko‘rsatkichlari bilan egallab turibdi.
Muddat va hududlar kesimida
Muddatlar bo‘yicha tahlil shuni ko‘rsatadiki, eng katta ulush uzoq muddatli — 1 yildan ortiq depozitlarga to‘g‘ri kelib, 157 trln 859 mlrd so‘mni tashkil etgan. Shuningdek, talab qilib olinguncha depozitlar 120 trln 665 mlrd so‘mni, 180–365 kunlik depozitlar 65 trln 336 mlrd so‘mni tashkil qildi.

Hududlar kesimida mutlaq ustunlik Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi — 322 trln 623 mlrd so‘m yoki jami depozitlarning 76,5 foizi. Keyingi o‘rinlarda Samarqand (12,09 trln so‘m), Buxoro (11,39 trln so‘m), Xorazm (11,29 trln so‘m) va Qashqadaryo (8,63 trln so‘m) viloyatlari joylashgan.

Teglar






