Yopilgan AESlar qayta tirilmoqda: sun’iy intellekt energiya bozorini o‘zgartiryapti

Bugun 15:154 daqiqa

Sun’iy intellektning energiyaga bo‘lgan talabini qondirish uchun dunyo atom energetikasiga qayta qaytmoqda. Yopilgan AESlar qayta ishga tushirilyapti.

Yopilgan AESlar qayta tirilmoqda: sun’iy intellekt energiya bozorini o‘zgartiryapti

Sun’iy intellekt va og‘ir sanoat faoliyatini ta’minlash uchun energiyaga bo‘lgan talabning o‘sishi texnologik gigantlarni atom energetikasiga bo‘lgan munosabatini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda. Bu esa 1957-yildan beri dunyo bo‘ylab bunday quvvatlarning yuz ming megavattdan ortig‘i avariyalar va ekologik xavflar sabab to‘xtatilganiga qaramay sodir bo‘lmoqda. Xavfli generatsiyani qisqartirishda Yaponiya, Germaniya va Amerika Qo‘shma Shtatlari yetakchi bo‘lgan, Xitoy esa birorta ham obyektni yopmagan. Bu haqda «Visual Capitalist» xabar berdi.

Global demontaj

«Global Energy Monitor» ma’lumotlariga ko‘ra, 1957-yildan 2025-yilgacha dunyoda 250 ta atom elektr stansiyasi yopilgan bo‘lib, bu 136 823 megavatt (MVt) quvvatning ekspluatatsiyadan chiqarilishiga olib kelgan. Ushbu statistikaga o‘z xizmat muddatini to‘liq o‘tab bo‘lgan obyektlar ham, muddatidan oldin konservatsiya qilinganlari ham kiradi.

Uzoq vaqt davomida bu energiya manbaiga munosabat juda ziddiyatli bo‘lib kelgan, chunki radioaktiv chiqindilarni utilizatsiya qilish muammosi, yirik halokatlar xavfi va yadro qurollari bilan bevosita bog‘liqlik kabi omillar mavjud edi.

Biroq bugun siyosatchilar va texnologik korporatsiyalar rahbarlari atom energetikasini «cheksiz past uglerodli energiya manbai» sifatida taqdim etishga urinyapti. Bunday keskin burilishning asl sababi esa oddiy – to‘liq elektrlashtirishni ta’minlash, ichki ishlab chiqarish hajmini oshirish va sun’iy intellekt serverlarining uzluksiz ishlashi uchun barqaror energiya ta’minoti yetishmasligi.

Rad etish yetakchilari

Yo‘qotilgan megavattlar hajmi bo‘yicha mutlaq yetakchi Yaponiya bo‘lib, u 44 ta obyektda 35 284 MVt quvvatni tugatgan. 2011-yildagi Fukusima AES avariyasidan so‘ng mamlakat o‘z reaktorlarining katta qismini to‘xtatgan va keyinchalik ularning faqat bir qismigagina qayta ishga tushishga ruxsat berilgan.

Germaniyada atom energetikasi o‘zining eng yuqori davrida umumiy elektr ta’minotining 29,5 foizini ta’minlagan bo‘lsa-da, Fukusimadagi fojia ortidan mamlakat atom energiyasidan to‘liq voz kechish bo‘yicha radikal qaror qabul qildi. Davlat jami 27 862 MVt quvvatga ega bo‘lgan barcha 36 reaktorni yopdi va o‘tgan yili so‘nggi blokni ham tarmoqdan uzdi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari ekspluatatsiyadan chiqarilgan quvvat hajmi bo‘yicha uchinchi o‘rinni egallaydi (23 311 MVt), ammo yopilgan obyektlar soni bo‘yicha yetakchi hisoblanadi, jami 47 ta stansiya to‘xtatilgan.

image_2026-04-01_11-39-19

Boshqa davlatlar

Dunyoning boshqa mamlakatlarida ekspluatatsiyadan chiqarilgan quvvatlar hajmi quyidagicha taqsimlangan: Buyuk Britaniya – 36 ta obyekt (9 163 MVt), Fransiya – 15 ta (6 087 MVt), Rossiya – 16 ta (5 879 MVt), Tayvan – 6 ta (5 144 MVt), Shvetsiya – 7 ta (4 268 MVt), Litva – 2 ta (2 600 MVt), Kanada – 6 ta (2 268 MVt), Belgiya – 3 ta (2 123 MVt), Bolgariya – 4 ta (1 760 MVt), Italiya – 4 ta (1 472 MVt), Janubiy Koreya – 2 ta (1 290 MVt), Ispaniya – 3 ta (1 116 MVt), Slovakiya – 3 ta (1 023 MVt), Hindiston – 4 ta (640 MVt) va Shveysariya – 2 ta (397 MVt).

Quyidagi davlatlarda esa bittadan stansiya yopilgan: Filippin (621 MVt), Armaniston (408 MVt), Pokiston (100 MVt), Qozog‘iston (90 MVt), Niderlandiya (60 MVt), Argentina (29 MVt), Puerto-Riko (18 MVt) va Panama (10 MVt).

Xitoy ekspansiyasi

G‘arbda ommaviy yopilishlar fonida, Xitoy mutlaqo teskari strategiyani tanlab, energiya manbalarini diversifikatsiya qilish maqsadida quvvatlarni jadal oshirmoqda. Mamlakat birorta ham yadro loyihasini yopmagan va 2035-yilgacha 150 gigavatt (150 000 MVt) yadroviy generatsiya quvvatini barpo etishdek ulkan maqsad sari ishonch bilan harakat qilmoqda.

Amerika «vayronalari»ning qayta tirilishi

Shu bilan birga, Amerika Qo‘shma Shtatlarida energiya yetishmovchiligi uzoq vaqtdan beri konservatsiya qilingan quvvatlarni qayta ishga tushirishga majbur qilmoqda. Bunga eng yaqqol misol 1979-yilda aktiv zonasi qisman erib ketgan avariyasi bilan mashhur «Three Mile Island» AESdir. Hozirda ushbu reaktor yana ishga tushirilishga tayyorlanmoqda, u bevosita «Microsoft» korporatsiyasining energiya talabchan data-markazlarini ta’minlash uchun xizmat qiladi.

Sun’iy intellekt

Mashhur «Three Mile Island» AES (hozir «Crane Clean Energy Center» deb nomlangan) birinchi energoblogini tiklash texnologik gigantlar sun’iy intellekt sohasida ustunlik uchun qanday narx to‘lashga tayyor ekanini yaqqol ko‘rsatadi. 2024-yil sentabrida stansiya operatori «Constellation Energy» va «Microsoft» o‘rtasida 20 yillik kelishuv imzolangan. «Jefferies» moliyaviy tahlilchilari baholashicha, korporatsiya bu elektr energiyasi uchun juda katta mablag‘ – har megavatt-soat uchun taxminan 110–115 dollar to‘laydi (taqqoslash uchun, shu hududda shamol va quyosh energiyasi taxminan 60 dollar turadi).

Bundan tashqari, qiymati 1,6 milliard dollar bo‘lgan ushbu tijorat loyihasining bir qismi amerikalik soliq to‘lovchilar zimmasiga tushadi: 2025-yil oxirida AQSH energetika vazirligi (DOE) reaktorni qayta ishga tushirish uchun 1 milliard dollarlik federal kreditni ma’qulladi. Ahamiyatlisi, bu reaktor aynan moliyaviy samarasizlik sabab 2019-yilda yopilgan edi.

Texnologik monopoliyalar sun’iy intellektni ta’minlash uchun sutka davomida uzluksiz energiya generatsiyasiga shunchalik muhtojki, hatto eng muammoli yadroviy obyektlarni ham «qayta tiriltirish»ga tayyor.

Teglar

Mavzuga oid