«Chekuvchilarni uyiga xat kelgani yo‘q-ku?!» — Toshkentda peshlavhalar ogohlantirishsiz buzib tashlangani izohlandi

Poytaxt hokimligida peshlavhalari olib tashlanishidan jabr ko‘rgan tadbirkorlar kompensatsiya uchun hokimliklarga murojaat qilishi mumkin.

«Chekuvchilarni uyiga xat kelgani yo‘q-ku?!» — Toshkentda peshlavhalar ogohlantirishsiz buzib tashlangani izohlandi

Bir necha oydan beri Toshkent shahridagi  do‘konlar, supermarketlar, dorixonalar, ishxona va kafelar tepasiga ilingan peshlavhalar ommaviy tarzda olib tashlanmoqda. Tadbirkor orasida bundan norozi bo‘layotganlar anchagina. 

Xususan, VAQT.UZ bilan gaplashgan magazin egasi my.gov.uz portali orqali ruxsat olganiga qaramasdan, peshlavhasini buzib ketishganini aytdi. 

Bugun, 3-aprel kuni Toshkent shahar hokimligida poytaxtning yagona dizayn-kodini joriy etish taqdimoti bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida VAQT.UZ muxbiri Nozima Qarshiboyeva mutasaddilardan yuqoridagi kabi holatlarda tadbirkorlar ko‘rgan zararni kim qoplashini so‘radi.

Toshkent shahar hokimligi matbuot kotibi Gulnoza Qosimova tadbirkorlar kompensatsiya uchun tuman hokimliklariga murojaat qilishi mumkinligini aytdi.

«Ya’ni biz xatoliklarni inkor qilmaymiz. Agar shu jarayonda jabr ko‘rgan tadbirkorlar bo‘lsa, tuman hokimligiga kompensatsiya uchun murojaat qilishlari mumkin», – dedi u.

Strategik rivojlanish bo‘yicha boshqaruv raisi o‘rinbosari Rustam Qodirov tadbirkorlarga rasmiy xat yuborilib, oldindan ogohlantirilmaganini 1-apreldan tamaki mahsulotlarni naqd pul evaziga sotib olish mumkin emasligi tartibi joriy etilgani va bu har bir chekuvchining uyiga zat jo‘natilib, ogohlantirilmagani bilan izohladi. 

«Mana, hozir misol, mana, 1-apreldan qonunchilikka juda ko‘p o‘zgarishlar kiritildi-da. Masalan, jumladan, o‘sha tamaki mahsulotlarini naqd pulga olib bo‘lmaydi. Lekin hammamizning uyimizga, hech bo‘lmaganda sigaret chekadiganlarning uyiga xat kelgan yo‘q-ku. Aytmoqchi bo‘lganim, 110 mingta, 110 mingta tadbirkor bor-da. O‘zi, men to‘g‘ri tushunsam, ommaviy axborot vositalarida e’lon qilindimi, u tadbirkor ozgina bo‘lsa ham qiziqishi kerak-ku. Mana, e’lon qildi-ku, «dizayn-kod kiritilyapti, og‘aynilar», deb. Qonunni bilmasligi mas’uliyatdan ozod qilmaydi deyishadiku», - dedi Strategik rivojlanish bo‘yicha boshqaruv raisi o‘rinbosari Rustam Qodirov.

Teglar

Alibek Beyjanov

Alibek BeyjanovMaqolalar soni: 414

Barchasi

Mavzuga oid

«Chekuvchilarni uyiga xat kelgani yo‘q-ku?!» — Toshkentda peshlavhalar ogohlantirishsiz buzib tashlangani izohlandi | Vaqt.uz