
1-fevraldan ishlab chiqarilganiga 50 yildan ortiq bo‘lgan transportlardan foydalanish taqiqlanadi
Shuningdek, «antikvar» avtomototransportlar uchun alohida seriyali ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari joriy etiladi.

«Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasini raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Hukumat qarori (11-son, 20.01.2026 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati axborot tizimi «Ma’muriy amaliyot» moduli mas’ul vazirlik va idoralarning axborot tizimlariga integratsiya qilinadi.
Shu jumladan, 2026 yil 1-fevraldan:
— umumiy vazni (yuki bilan) 44 tonnadan ortiq yuk avtomobillari, konlar, shaxta va karerlarda qo‘llaniladigan maxsus transportlar, yuridik shaxslarga tegishli yo‘nalishsiz taksilar, shuningdek, «antikvar» avtomototransportlar uchun alohida seriyali ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari joriy etiladi;
— ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ortiq bo‘lgan transportlardan foydalanish, ularni qayta ro‘yxatga olish taqiqlanadi hamda ular davlat ro‘yxatidan chiqariladi.
Qarorga muvofiq, avtomototransport ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomada mulkdorning manzilini ko‘rsatish talabi bekor qilinadi.
Shuningdek, avtomototransportni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda quyidagi:
— avtomototransport oldi-sotdi shartnomasi;
— «Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish» AJ tomonidan berilgan auksion bayonnomalari;
— davlat ulushi mavjud korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan avtomototransportlarga beriladigan elektron hisob-ma’lumotlar;
— avtomototransport vositasi mulkdorining ma’lumotlari to‘g‘risidagi hujjatlarni vakolatli organlardan idoralararo elektron hamkorlik orqali olish yo‘lga qo‘yiladi.





