Logo

1 foizlik keshbek tizimini bekor qilish yoki uni cheklash rejalashtirilmagan — Soliq qo‘mitasi

Bugun 19:512 daqiqa

Soliq qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan keshbekka oid xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

1 foizlik keshbek tizimini bekor qilish yoki uni cheklash rejalashtirilmagan — Soliq qo‘mitasi

O‘zbekistonda davlat tomonidan joriy etilgan 1 foizlik keshbek tizimini bekor qilish yoki uning amal qilishini cheklash maqsad qilinmagan. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.

Bundan oldin Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, fiskal tahlillar instituti xarid chekini ro‘yxatdan o‘tkazgan shaxslarga 1 foizlik keshbek qaytarish amaliyotini to‘xtatishni va uning o‘rniga xavf yuqori bo‘lgan sohalarda davlat lotereyalarini joriy etishni taklif qilgan edi. Institut o‘z taklifini davlat budjeti xarajatlarining keskin oshib borayotgani va soxta cheklar shakllantirish sxemalari kuzatilayotgani bilan izohlagan. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, keshbek to‘lovlari hajmi 2022 yildagi 820 milliard so‘mdan 2026 yilda 1,8 trillion so‘mga yetishi prognoz qilinmoqda.

Soliq qo‘mitasi esa mazkur rag‘batlantirish mexanizmi aholining xarid madaniyatini oshirish, fiskal intizomni mustahkamlash, naqd pulsiz hisob-kitoblarni rag‘batlantirish hamda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga xizmat qilayotgan muhim vositalardan biri ekanini ta’kidladi.

«Aniqlangan holatlar keshbek tizimining o‘ziga emas, balki undan noqonuniy manfaat ko‘rishga uringan ayrim shaxslar va tadbirkorlik subyektlarining harakatlariga tegishlidir. Maqsad – keshbek tizimini to‘xtatish emas, balki uning adolatli va manzilli ishlashini ta’minlashdan iborat», - deyiladi xabarda.

Soxta cheklar va to‘xtatilgan to‘lovlar

Qo‘mita bayonotiga ko‘ra, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy etilgan ayrim mahsulotlar (go‘sht, tuxum, yog‘, un, shakar, dori vositalari va tibbiy xizmatlar) uchun to‘langan QQS summasini to‘liq (12 foizlik keshbek) qaytarib olish tizimidan g‘orazli maqsadlarda foydalanish holatlari aniqlangan. Xususan, may oyining o‘zida 389 ta korxonadan soxta cheklar orqali QQSni qaytarib olmoqchi bo‘lgan 248,5 ming nafar shaxs shubhali xaridorlar reyestriga kiritilib, 83,1 milliard so‘mlik keshbek summalarini to‘lash vaqtincha to‘xtatilgan.

Joriy yilning aprel-may oylarida hududlar kesimida quyidagi mablag‘lar ushlab qolingan va fuqarolarga to‘lab berilmagan:

- Navoiy viloyatida 13 ta MCHJga tegishli ONKM cheklari orqali 105 524 nafar fuqaro tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan 34,8 milliard so‘m;
- Farg‘ona viloyatida 5 ta MCHJga tegishli ONKM cheklari orqali 95 ming nafar fuqaro tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan 38,3 milliard so‘m keshbek summasidan 34,4 milliard so‘mi;
- Andijon viloyatida 100 458 nafar fuqaro tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan 34,1 milliard so‘m keshbek summasidan 23,8 milliard so‘mi.

Budjet mablag‘larini talon-taroj qilish holatlarining oldini olish maqsadida fuqarolardan faqat o‘zlari amalga oshirgan xaridlar cheklarini ro‘yxatdan o‘tkazish so‘ralmoqda.

«Soxta cheklar orqali budjet mablag‘larini talon-taroj qilish holatlarini oldini olish maqsadida «Soliq» ilovasida faqat o‘zingiz amalga oshirgan xaridingiz uchun berilgan xarid cheklarini ro‘yxatdan o‘tkazing, boshqa shaxslar tomonidan taqdim etilgan xarid cheklarini ro‘yxatdan o‘tkazmang», - deyiladi xabarda.

Teglar

Mavzuga oid