1-iyuldan «kvartplata» qarzdorligi uchun elektr cheklovi o‘rnatiladi
2026 yil 1-iyuldan boshlab turar joy mulkdori ko‘p kvartirali uyning bank hisobvarag‘iga majburiy to‘lovni (kvartplata) oyning 15-sanasiga qadar amalga oshirmasa, uning elektr energiyasi uchun to‘lovlarini qabul qilish vaqtincha to‘xtatib qo‘yiladi.

Prezidentning 5-fevralda qabul qilingan «Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, 1-iyuldan boshlab ko‘p kvartirali uylarda majburiy to‘lovlar bo‘yicha yangi tartib joriy etiladi. Unga ko‘ra, uy mulkdori kvartplata to‘lovini oyning 15-sanasiga qadar amalga oshirmasa, uning elektr energiyasi uchun to‘lovlarini qabul qilish qarzdorlik to‘liq qoplangunga qadar to‘xtatiladi.
Qarorda belgilanishicha, ko‘p kvartirali uyning bank hisobvarag‘ida jamlangan mablag‘lar har oy birinchi navbatda umumiy uy ehtiyojlari uchun sarflanadi. Bular qatoriga podezd, zinapoya va yo‘laklarni yoritish, lift ishlashi, uy atrofini yoritish, nasoslar va boshqa umumiy infratuzilma xarajatlari kiradi.
Yangi mexanizmga ko‘ra, majburiy to‘lovlar kechiktirilgan har bir kun uchun penya hisoblanadi. Yuridik shaxslar uchun kechiktirilgan summaning 0,4 foizi, jismoniy shaxslar uchun esa 0,1 foizi miqdorida jarima belgilangan. Biroq penya miqdori har bir oy uchun qarz summasining 50 foizidan oshmasligi shart.
Hisoblangan penya mablag‘lari teng ulushlarda ko‘p kvartirali uyning bank hisobvarag‘iga hamda «Mening uyim» axborot tizimini saqlash xarajatlarini qoplashga yo‘naltiriladi. Bu orqali uylarni boshqarish tizimida moliyaviy intizomni kuchaytirish maqsad qilingan.
Qarorga ko‘ra, majburiy to‘lovlar faqat bank kartalari, elektron to‘lov tizimlari yoki bank kassalari orqali amalga oshiriladi. Naqd pul orqali to‘lov qabul qilinmaydi.
Mazkur tartib ko‘p kvartirali uylarni boshqarish samaradorligini oshirish va umumiy kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorlikni qisqartirishga qaratilgan.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv organlari tomonidan belgilanayotgan tariflar bo‘yicha e’tirozlar yuzaga kelgan edi. Qurilish vazirligi aholi o‘z narxlarini erkin belgilashi va boshqaruv kompaniyasini bemalol o‘zgartirishlari mumkinligini ma’lum qildi. Barcha to‘lovlar «Mening uyim» tizimi orqali amalga oshiriladi, har bir bino alohida hisob raqamiga ega. Boshqaruv kompaniyalari hisobot berishlari shart, aks holda to‘lovlar to‘xtatiladi.
Mamlakat bo‘yicha o‘rtacha narx kvadrat metr uchun 1221 so‘mni, Toshkentda esa 1823 so‘mni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylar atrofidagi barcha daraxt va butalar raqamli xatlovga olinib, yagona tizimda nazorat qilinishi haqida xabar bergan edik.





