add

10 oy ichida oiladagi zo‘ravonlik uchun 10 mingdan ortiq kishi javobgarlikka tortildi

28.11.2025 | 17:001621 daqiqa

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov 2025 yilda oilalardagi zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilganlar soni o‘tgan yilga nisbatan sezilarli kamayganini ma’lum qildi.

10 oy ichida oiladagi zo‘ravonlik uchun 10 mingdan ortiq kishi javobgarlikka tortildi

O‘zbekistonda 2025 yil yanvar–oktabr oylari davomida oiladagi zo‘ravonlik uchun 10 003 nafar fuqaro Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59−2-moddasi asosida javobgarlikka tortilgan. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov ma’lumot berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda yanvar–oktabr oylarida oiladagi zo‘ravonlik uchun javobgarlikka tortilganlar 15 427 nafarni tashkil etgan. Shundan ma’muriy jazo olganlar orasida 9210 kishi jarimaga, 6217 kishi ma’muriy qamoqqa tortilgan.

Shuningdek, 2025 yil yanvar–oktabrda 381 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 126−1-moddasi asosida sudlangan. 2024 yilning shu davrida esa jinoiy javobgarlikka tortilganlar soni 399 nafarni tashkil etgan.

Ma’lumot uchun, 2023 yil aprelida ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qonunchilik kuchaytirilgan, ma’muriy va jinoiy kodekslarga oilaviy zo‘ravonlik bo‘yicha yangi moddalar kiritilgan edi. O‘sha yili 203 nafar shaxs Jinoyat kodeksi bo‘yicha sudlanib, 59 nafari qamoq jazosini olgan, 8928 kishi esa ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT 2024 yilda halok bo‘lgan 83 ming ayol-qizning 60 foizi o‘z turmush o‘rtog‘i yoki qarindoshlari tomonidan o‘ldirilgani, ya’ni bu har 10 daqiqada bir nafar qotillik yuz berayotganligini aytgan edi.

Teglar

Mavzuga oid