
2025 yil oxirigacha «ai.gov.uz» — sun’iy intellekt milliy portali ishga tushiriladi
Milliy portal sun’iy intellekt yo‘nalishida amalga oshirilayotgan loyihalar, dasturlar, startaplar va bepul onlayn kurslar haqidagi ma’lumot beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sun’iy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF–189-sonli farmoni 2025 yil 22 oktyabr kuni imzolandi. Hujjat mamlakatda sun’iy intellekt sohasini tizimli rivojlantirish va uni iqtisodiyot hamda ijtimoiy hayotga keng joriy etishni maqsad qiladi.
Farmonga muvofiq, 2026 yil yakuniga qadar davlat boshqaruvi organlari, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida kamida 100 ta sun’iy intellekt loyihasi amalga oshiriladi. Shuningdek, 2030 yilgacha mazkur yo‘nalish infratuzilmasini rivojlantirish uchun 1 milliard AQSH dollaridan ziyod xorijiy investitsiyalarni jalb etish rejalashtirilgan.
2026 yilga qadar mamlakatdagi oliy ta’lim muassasalarida 15 ta sun’iy intellekt laboratoriyasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu yosh mutaxassislarni tayyorlash va ilmiy tadqiqotlarni amaliyot bilan bog‘lash imkoniyatini yaratadi.
Farmonga ko‘ra, 2025 yil yakuniga qadar «ai.gov.uz» milliy portali ishga tushiriladi. Unda amalga oshirilayotgan loyihalar, dasturlar, startaplar va bepul onlayn kurslar haqidagi ma’lumotlar joylashtiriladi.
2026 yildan esa «President AI Award» tanlovi ta’sis etiladi. Ushbu mukofot sun’iy intellekt yo‘nalishida eng yaxshi startapni aniqlashga qaratilgan bo‘ladi. Shuningdek, davlat organlari va yirik davlat ulushiga ega kompaniyalarda raqamli transformatsiya darajasi sun’iy intellekt joriy etish ko‘rsatkichlari asosida baholanadi.
Shu bilan birga, 2026 yil mart oyidan boshlab yiliga ikki marta «Sun’iy intellekt bo‘yicha eng yaxshi loyiha» tanlovi o‘tkaziladi. Unda eng samarali AI loyihalarni amalga oshirgan vazirlik va idoralar aniqlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq sun’iy intellekt milliy tanlovi g‘oliblariga elektromobil berilishi haqida xabar bergan edik.





