add

22−23 avgust kunlari O‘zbekistonda umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi

18.08.2025 | 12:3022343

Mahallalar, qabristonlar va ko‘chalarni obodonlashtirish bilan birga ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam ko‘rsatilishi rejalashtirilgan.

22−23 avgust kunlari O‘zbekistonda umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi
O‘zbekistonda 22−23 avgust kunlari «Obod va fayzli mahalla — yurt ko‘rki» shiori ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hashar doirasida 24 ming gektardan ziyod maydonlarda ish olib boriladi. Mamlakat bo‘ylab 10 724 ta qabriston, 638 ta ziyoratgoh va 143 mingdan ortiq ko‘chalar tartibga keltiriladi. Shuningdek, 20 milliondan ortiq daraxtlar oqlanib, ularga shakl beriladi. Hashar chog‘ida ijtimoiy ahamiyatga ega ishlarga ham alohida e’tibor qaratiladi. Xususan, 44 mingdan ortiq kam ta’minlangan oilalarning uy-joylari ta’mirlanadi. Shu bilan birga, 61 mingdan ziyod ehtiyojmand oilalar, nogironlar va yolg‘iz qariyalar holidan xabar olinib, ularga moddiy yordam ko‘rsatilishi belgilangan. Vazirlar Mahkamasi qarorlariga ko‘ra, xayriya hasharlari faqat ixtiyoriylik asosida tashkil etiladi. Aholini qurilish-ta’mirlash yoki qishloq xo‘jaligi kabi boshqa jamoat ishlariga majburiy jalb qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Barcha obodonlashtirish ishlari mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilgan holda amalga oshiriladi. Eslatib o‘tamiz, hukumatning mazkur qarori 2018 yilda Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida yuz bergan fojiadan keyin qabul qilingan edi. O‘qituvchi Diana Yenekeyeva yo‘l obodonlashtirish ishlari paytida yuk mashinasi ostida halok bo‘lgani ortidan hasharlar faqat prezident yoki hukumat qarori bilan o‘tkazilishi qat’iy belgilangan.

Teglar

Mavzuga oid