Logo

50 yillik soliq imtiyozlari: kimlar Toshkent xalqaro moliya markazi ishtirokchisi bo‘la oladi?

Kecha 17:548 daqiqa

25-iyuldan kuchga kiradigan qonun bilan Toshkent xalqaro moliya markazi uchun alohida huquqiy rejim joriy etiladi. Markaz ishtirokchilari 2076-yilgacha soliq imtiyozlaridan foydalanishi, kapitalni cheklovlarsiz olib chiqishi hamda ingliz huquqi asosida faoliyat yuritishi mumkin bo‘ladi.

50 yillik soliq imtiyozlari: kimlar Toshkent xalqaro moliya markazi ishtirokchisi bo‘la oladi?

Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston Toshkent xalqaro moliya markazini (TXMM) tashkil etmoqda. Bu haqdagi qonun 25-iyuldan e’tiboran kuchga kiradi. Xo‘sh, hujjat bilan qanday talablar kuchga kiritilmoqda?

Qonunga ko‘ra, TXMM boshqaruvi uch pog‘onali tizim asosida tashkil etiladi. Har bir organ alohida vakolat va funksiyaga ega:

●     TXMM kengashi — markazning oliy boshqaruv organi bo‘lib, uning rivojlanish strategiyasini belgilaydi hamda TXMM faoliyatini tartibga soluvchi normativ hujjatlarni qabul qiladi.

●     TXMM ma’muriyati — markazning ijro etuvchi organi hisoblanadi. U kundalik faoliyatni tashkil etish, loyihalarni amalga oshirish va TXMM ekotizimini rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.

●     Moliyaviy xizmatlar departamenti — moliyaviy bozorni tartibga soluvchi mustaqil regulyator sifatida litsenziyalash, nazorat va qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlaydi.

Qonunda ushbu boshqaruv modeli davlat ijro hokimiyati organlaridan institutsional mustaqillik asosida faoliyat yuritishi belgilangan. Bu esa moliyaviy markaz faoliyatiga siyosiy va ma’muriy aralashuvni cheklaydi.

Kimlar TXMM ishtirokchilari bo‘lishi mumkin?

Markazdagi ishtirokchilarga maxsus identifikatsiya raqami berilib, bu maqom O‘zbekiston hududi bo‘ylab tan olinadi.

Shuningdek, quyidagilar markaz ishtirokchisiga aylanishi mumkin:

●     TXMMda ro‘yxatdan o‘tgan yoki tan olingan yuridik shaxslar;

●     markaz ishtirokchilarida va uning organlarida ishlovchi xodimlar;

●     investitsiya mezonlariga javob beradigan soliq rezidentlari;

●     ularning turmush o‘rtoqlari va 18 yoshgacha bo‘lgan farzandlari.

Bundan tashqari, 13-moddada Toshkent xalqaro moliya markazida (TXMM) "investitsiyaviy soliq rezidenti" maqomini berish tartibi belgilangan. Unga ko‘ra, belgilangan miqdor va tartibda investitsiya kiritgan jismoniy shaxslar hamda ularning oila a’zolari ushbu maqomni olish huquqiga ega bo‘ladi.

Mazkur dastur shartlari davlat xavfsizligi, ichki ishlar, iqtisodiyot va moliya sohasidagi vakolatli organlar bilan kelishilgan holda ishlab chiqiladi.

Qonunga ko‘ra, investitsiyaviy soliq rezidenti maqomini olgan shaxslar bir qator huquq va imtiyozlarga ega bo‘ladi. Jumladan, ular:

●     18-moddada nazarda tutilgan soliq imtiyozlaridan foydalanishi;

●     20-moddaga muvofiq soddalashtirilgan viza tartibidan foydalanishi;

●     29-modda asosida Toshkent xalqaro tijorat sudiga (TICC) murojaat qilishi hamda vasiyatnomalar reyestridan foydalanishi mumkin.

Qonunda ushbu maqomdan soliq majburiyatlarini kamaytirish vositasi sifatida foydalanilishining oldini olishga qaratilgan qator talablar ham belgilangan.

Xususan, ariza beruvchi:

●     ariza topshirishdan oldingi uch yil davomida O‘zbekistonning soliq rezidenti bo‘lmagan bo‘lishi;

●     ariza topshirishdan oldingi o‘n yil davomida O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmagan bo‘lishi kerak.

Shuningdek, agar vakolatli organlar shaxsning dasturdagi asosiy maqsadi O‘zbekistondagi daromadlari bo‘yicha soliqlarni kamaytirish yoki ulardan qochish ekanini aniqlasa, unga investitsiyaviy soliq rezidenti maqomi berilmaydi.

Maqomni olish uchun murojaat qilgan shaxslardan mol-mulki va mablag‘larining kelib chiqishi, soliq tarixi, xalqaro sanksiyalar ro‘yxatida mavjud yoki mavjud emasligi hamda benefitsiar egalari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etish talab qilinishi mumkin.

Bu talablar investitsiya manbalarining shaffofligini ta’minlash hamda dasturdan noqonuniy maqsadlarda foydalanilishining oldini olishga qaratilgan.

2076-yilgacha amal qiladigan soliq imtiyozlari

TXMM ishtirokchilarini jalb qilish maqsadida qonunning 18-moddasi bilan 2076-yil 1-yanvargacha amal qiladigan maxsus soliq rejimi joriy etiladi. Hujjatda qayd etilishicha, 50 yilga mo‘ljallangan ushbu imtiyozlar uzoq muddatli investitsiyalar uchun barqaror va oldindan prognoz qilinadigan sharoit yaratishga qaratilgan.

Qonunga ko‘ra, TXMM ishtirokchilari tartibga solinadigan faoliyat bo‘yicha:

●     foyda solig‘idan;

●     ijtimoiy soliqdan ozod etiladi.

Bundan tashqari, markaz xodimlari hamda investitsiya soliq rezidenti maqomiga ega shaxslar:

●     ish haqidan olinadigan daromad solig‘idan;

●     shaxsiy investitsiya daromadlaridan olinadigan soliqdan ozod qilinadi.

Shu bilan birga, mazkur imtiyozlar barcha kompaniyalarga tatbiq etilmaydi. Agar kompaniya yillik konsolidatsiyalashgan daromadi 750 mln yevro va undan ortiq bo‘lgan transmilliy korporativ guruh tarkibiga kirsa, unga ushbu soliq preferensiyalari qo‘llanilmaydi.

Qonunning 17-moddasi esa TXMM ishtirokchilariga kapital va foydani istalgan xorijiy valutada hech qanday cheklovsiz olib chiqish huquqini beradi.

Qaysi moliyaviy xizmatlarga ruxsat beriladi?

Qonunning 7 va 38-moddalariga ko‘ra, TXMM quyidagi yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi:

 

Yo‘nalish

TXMM doirasida ruxsat etilgan faoliyatlar

An’anaviy moliyaviy xizmatlar

• Investitsiya banki

• Tijorat banki

• Sug‘urta va qayta sug‘urtalash

• Brokerlik xizmatlari

• Aktivlarni boshqarish

Islom moliyasi

• Islom bankchiligi

• Nobank moliyaviy xizmatlari

• Sukuk chiqarish va ularning muomalasini tashkil etish

Raqamli aktivlar va FinTech

• Raqamli aktivlarni chiqarish, saqlash va ular bilan savdo qilish

• Moliyaviy texnologiyalarni sinovdan o‘tkazish uchun maxsus tartibga solish maydoni (Regulatory Sandbox)

Investorlar uchun qanday kafolatlar beriladi?

Qonunning 6, 17 va 20-moddalarida investorlar faoliyatini himoya qilishga qaratilgan asosiy kafolatlar belgilangan. Ular, avvalo, mulk daxlsizligi, kapital harakati erkinligi hamda xorijiy mutaxassislar uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan.

Xususan, markaz ishtirokchilarining mol-mulki va aktivlari milliylashtirilishi yoki olib qo‘yilishidan himoya qilinadi. Shuningdek, TXMM aktivlariga oid Toshkent xalqaro tijorat sudi (TXTS) qarorlari milliy sudlar tomonidan bekor qilinishi mumkin emas.

Bundan tashqari, ishtirokchilarga kapital va olingan foydani istalgan xorijiy valutada majburiy konvertatsiyasiz hamda davlat aralashuvisiz erkin olib chiqish huquqi ham kafolatlanadi.

Qonunning 20-moddasi markaz ishtirokchilari uchun yana bir qulaylikni nazarda tutadi. Unga muvofiq, markaz ishtirokchilari va ular bilan bog‘liq shaxslar uchun besh yilgacha amal qiladigan soddalashtirilgan vizasiz tartib joriy etiladi. Bu esa xorijiy mutaxassislarning O‘zbekistonda faoliyat yuritishini yengillashtirishga xizmat qiladi.

Ingliz huquqi va xalqaro tijorat sudi

TXMM doirasidagi eng muhim islohotlardan biri — Angliya va Uels umumiy huquqi (Common Law) tamoyillarining qo‘llanilishi hisoblanadi. Qonunning 8-moddasiga ko‘ra, agar markaz hujjatlarida muayyan masala tartibga solinmagan bo‘lsa, uni hal etishda Angliya va Uels umumiy huquqining prinsiplari va qoidalari qo‘llanilishi mumkin.

Mazkur huquqiy tizimning ishlashini ta’minlash maqsadida Toshkent xalqaro tijorat sudi (TXTS) tashkil etiladi. Qonunning 29 va 41-moddalariga muvofiq, sud ikki instansiyadan — birinchi instansiya va apellyatsiya bosqichidan iborat bo‘ladi hamda mustaqil faoliyat yuritadi.

Shuningdek, hujjatga ko‘ra, markaz bosh sudyasi sudning tashkiliy tuzilmasi va budjeti bo‘yicha takliflarni Adliya vazirligidan mustaqil ravishda kiritish vakolatiga ega.

Qonunning 42-moddasida TXTS ko‘rib chiqadigan nizolar doirasi ham belgilangan. Xususan, sud:

●     TXMM ishtirokchilari o‘rtasidagi fuqarolik va tijorat nizolari;

●     TXMM xodimlari bilan bog‘liq mehnat nizolari;

●     TXMM hujjatlarini talqin qilish yuzasidan kelib chiqadigan nizolar;

●     tomonlar yozma ravishda TXTS yurisdiksiyasiga rozilik bildirgan boshqa nizolarni ko‘rib chiqadi.

Hujjatda qayd etilishicha, ingliz umumiy huquqi tamoyillarining qo‘llanilishi va mustaqil xalqaro sudning tashkil etilishi investorlar uchun huquqiy muhitning barqarorligi hamda nizolarni xalqaro amaliyotga mos tartibda ko‘rib chiqishni ta’minlashga qaratilgan.

TXMM qarorlari qanday kuchga kiradi?

Qonunga muvofiq, TXMMning hech bir qarori rasmiy reyestrda e’lon qilinmaguncha yuridik kuchga ega bo‘lmaydi. Agar hujjatning o‘zida boshqa sana ko‘rsatilmagan bo‘lsa, u rasmiy reyestrga joylashtirilgan kundan boshlab kuchga kiradi.

Markaz ma’muriyati barcha uchun ochiq bo‘lgan elektron reyestrni yuritadi. Ushbu reyestr TXMMning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi va muntazam yangilanib boriladi.

Reyestrda quyidagi ma’lumotlar e’lon qilinadi:

●     hujjatning dastlab qabul qilingan matni;

●     unga kiritilgan barcha o‘zgartirishlarni o‘z ichiga olgan amaldagi tahrir;

●     hujjatning qabul qilingan, kuchga kirgan va o‘zgartirilgan sanalari.

TXMMning rasmiy reyestri ingliz tilida yuritiladi. Qarorlarning o‘zbek yoki boshqa tillardagi rasmiy tarjimalari e’lon qilinishi mumkin, biroq huquqiy kuchga ega bo‘lgan asosiy matn ingliz tilidagi nusxa hisoblanadi.

Agar TXMM qarori rasmiy reyestrda ingliz tilida e’lon qilinmagan bo‘lsa, u yuridik kuchga ega bo‘lmaydi va markaz ishtirokchilari uchun majburiy hisoblanmaydi.

Muhim qarorlar avval jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi

Qonunning 10-moddasiga ko‘ra, Toshkent xalqaro moliya markazi (TXMM) jiddiy ta’sirga ega bo‘lgan normativ hujjatlarni qabul qilishdan oldin ularni majburiy ravishda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yishi kerak.

Muhokamaga chiqarilgan hujjatda qarorning huquqiy asoslari, tartibga solinishi ko‘zda tutilayotgan asosiy masalalar hamda muhokama qancha muddat davom etishi ochiq ko‘rsatilishi lozim.

Shuningdek, muhokama davomida fuqarolar, investorlar va boshqa manfaatdor tomonlardan kelib tushgan barcha taklif va e’tirozlar ko‘rib chiqiladi. Muhokama yakunida TXMM qaysi takliflar qabul qilingani, qaysilari rad etilgani hamda buning sabablari yuzasidan alohida hisobot e’lon qilishi shart.

Qonun ayrim favqulodda holatlar uchun istisnolarni ham nazarda tutadi. Agar qarorni zudlik bilan qabul qilish zarurati tug‘ilsa, u jamoatchilik muhokamasisiz tasdiqlanishi mumkin.

Biroq bunday qaror ham qabul qilingan kundan boshlab 60 kun ichida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi shart. Muhokama yakunlariga ko‘ra, zarurat tug‘ilsa, unga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Ammo qonun kuchga kirgan kundan boshlab dastlabki 12 oy ichida TXMM tomonidan qabul qilinadigan qarorlarga jamoatchilik muhokamasi talabi tatbiq etilmaydi.

Bu norma moliya markazi faoliyatini ilk bosqichda tezroq yo‘lga qo‘yish va zarur huquqiy bazani qisqa muddatda shakllantirish imkonini beradi.

TXMM qanday moliyalashtiriladi va uning mablag‘lari kim tomonidan nazorat qilinadi?

Qonunning 23-moddasi Toshkent xalqaro moliya markazi (TXMM) faoliyatini moliyalashtirish manbalari, moliya yilini yuritish tartibi hamda mablag‘lardan foydalanish ustidan nazorat mexanizmlarini belgilaydi.

TXMMning ilk moliya yili markaz rasman faoliyat boshlagan kundan joriy yilning 31-dekabriga qadar davom etadi.

Shundan so‘ng barcha keyingi moliya yillari odatiy kalendar yiliga mos ravishda 1-yanvardan 31-dekabrgacha hisoblanadi. Ushbu tartib markazning barcha organlari uchun bir xil amal qiladi.

Markazning moliyaviy resurslari bir necha manbadan shakllantiriladi.

Jumladan:

●     Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar;

●     ishtirokchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish, litsenziya va ruxsatnomalar berish, shuningdek boshqa xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan yig‘im va to‘lovlar;

●     TXMM kengashi ruxsat bergan, markaz faoliyatiga xizmat qiladigan boshqa mablag‘lar.

Qonun markaz moliyaviy faoliyatining mustaqil auditdan o‘tkazilishini ham nazarda tutadi.

Bunga ko‘ra, TXMM kengashi markaz va uning organlari moliyaviy hisobotlarini tekshirish uchun O‘zbekistonda hamda xalqaro miqyosda e’tirof etilgan mustaqil auditorlarni tayinlaydi.

Shuningdek, markaz organlarining konsolidatsiyalashgan yillik budjeti va moliyaviy hisobotlari avvalo TXMM kengashi tomonidan ko‘rib chiqilib, tasdiqlanadi. Shundan so‘ng ular amaldagi budjet qonunchiligi talablariga muvofiq taqdim etiladi.

Teglar

Mavzuga oid