
75 ta Dreamliner va 150 ta MAX: Turkish Airlines Boeing bilan rekord kelishuvga erishdi
Jami 225 ta uchoq buyurtmasi Turkiya flagman aviakompaniyasi floti tarixidagi eng yirik yangilanishga yo‘l ochdi. Bu O‘zbekistonning yaqinda ochiqlangan buyurtmasidan 10 barobar ko‘p.

Turkish Airlines o‘z tarixidagi eng yirik Boeing samolyotlari buyurtmasini rasman tasdiqladi. Yangi kelishuv doirasida aviakompaniya 35 ta 787-9, 15 ta 787-10 va yana 25 ta Dreamliner uchun opsion kelishuviga ega bo‘ldi. Bu bitim orqali AQSHda 123 mingdan ziyod ish o‘rinlari qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlanmoqda.
Shu bilan birga, Turkish Airlines 150 tagacha 737 MAX samolyoti sotib olish niyatini e’lon qildi. Agar bu kelishuv to‘liq amalga oshsa, u aviakompaniyaning Boeing tarkibidagi eng yirik tor tanafusli buyurtmasiga aylanadi.
Ta’kidlanishicha, ushbu kelishuv Turkish Airlines Boeing паркини ikki baravarga oshirishga xizmat qiladi. Kompaniya xalqaro yo‘nalishlar va ichki reyslar tarmog‘ini kengaytirish bilan birga, flot imkoniyatlarini zamonaviylashtirish va ekologik jihatdan samarali qilishni maqsad qilgan.
Turkish Airlines boshqaruv kengashi raisi professor Ahmet Bo‘lat ta’kidlaganidek, bu bitim faqatgina samolyotlar xaridi emas, balki aviakompaniyaning innovatsiya va samaradorlikda yetakchi bo‘lish strategiyasining bir qismi hisoblanadi. Uning aytishicha, yangi avlod Boeing samolyotlari Turkish Airlines’ning 2033 yilga qadar flotini 800 ta samolyotga yetkazish rejasini amalga oshirishda asosiy omil bo‘ladi. Ayni paytda aviakompaniyaning aviaparki 501 ta uchoqdan iborat.
Shu tariqa, aviakompaniya Boeing bilan rekord kelishuv orqali faqat flotini emas, balki jahon aviatsiya bozoridagi mavqeini ham kuchaytirishni ko‘zlamoqda.
Bungacha Uzbekistan Airways Boeing korporatsiyasi bilan 14 ta to‘g‘ridan to‘g‘ri yana 8 ta lpsion shartlarda 8 mlrd dollarlik jami 22 ta Boeing 787-9 uchoqlarini xarid qilish bo‘yicha kelishuvga erishgani va bu xarid uchun Donald Tramp Shavkat Mirziyoyevga tashakkur bildirgani haqida xabar bergan edik.
Avvalroq Turkiyaning yetakchi aviakompaniyasi Turkish Airlines 2025 yilning 8 oyida 60,7 million yo‘lovchi tashib, o‘tgan yilga nisbatan 5,8 foiz o‘sish qayd etgani ma’lum qilingan edi.





