add

«Adolat» partiyasi qoidabuzar haydovchilar uchun jazolarni keskin oshirishni taklif etdi

21.10.2025 | 12:504652

«Adolat» sotsial-demokratik partiyasi yo‘llardagi halokatli avariyalarni kamaytirish maqsadida tezlikni me’yordan oshirgan va mast holda odam o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchilar uchun jinoiy jazolarni og‘irlashtirishni taklif qilmoqda.

«Adolat» partiyasi qoidabuzar haydovchilar uchun jazolarni keskin oshirishni taklif etdi

O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash masalasi yana kun tartibiga chiqdi. «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi yo‘llarda sodir bo‘layotgan fojiaviy holatlar fondida haydovchilar javobgarligini kuchaytirish bo‘yicha bir qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Partiya bayonotida ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda yo‘l-transport hodisalari soni yuqori darajada qolmoqda. Faqat 2024 yilning o‘zida 9364 ta YTH qayd etilgan, ularda qariyb 9 ming kishi jarohat olgan va 2203 nafar fuqaro halok bo‘lgan. Jabrlanuvchilarning katta qismi bolalar ekanligi jamiyatni jiddiy tashvishga solmoqda.

Shu munosabat bilan partiya quyidagi choralarni taklif etdi: birinchidan, yo‘llarda o‘lim holatini keskin kamaytirish uchun xalqaro Vision Zero dasturini joriy etish; ikkinchidan, «Maktab atrofi — xavfsiz hudud» dasturini qabul qilish orqali bolalar xavfsizligini kuchaytirish; uchinchidan, yo‘l qoidalarini takror buzgan haydovchilar uchun sug‘urta to‘lovlarini oshirish orqali iqtisodiy javobgarlikni kuchaytirish; to‘rtinchidan, voyaga yetmaganlar o‘limi bilan bog‘liq YTHlarda jazoni ikki barobar og‘irlashtirish va ta’lim muassasalari atrofida tezlikni oshirganlarga nisbatan qat’iy javobgarlik belgilash.

Partiyaning eng muhim takliflaridan biri — tezlikni surunkali ravishda oshirgan haydovchilarni transport vositasini boshqarish huquqidan amaldagi uch yil emas, balki o‘n yilgacha mahrum qilish; shuningdek, mast holda odam o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchilarni umrbod haydovchilik guvohnomasidan mahrum etishdir.

«Yo‘llarda aholi, ayniqsa, bolalar xavfsiz harakatlana olmas ekan, bu butun jamiyat uchun signal bo‘lishi kerak», — deyiladi partiya bayonotida.

«Adolat» partiyasi fraksiyasi ushbu tashabbuslarni qonunchilik tashabbusi sifatida Oliy Majlisga kiritishini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, 2024 yilda 9364 ta yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lgan va avariyalarda 2203 nafar odam vafot etgan.

Teglar

Mavzuga oid