add

Aeroport uchun yoqilg‘idan tortib onkologiya markazlarigacha. O‘zbekiston Saudiya bilan 4 mlrd dollarlik kelishuvlarni imzoladi

O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni kompaniyalari elektr kabellari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha hamkorlikni boshlamoqda.

Aeroport uchun yoqilg‘idan tortib onkologiya markazlarigacha. O‘zbekiston Saudiya bilan 4 mlrd dollarlik kelishuvlarni imzoladi
Yangi loyihalar energetika, axborot texnologiyalari, sayyohlik va infratuzilma sohalarini qamrab oladi hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi umumiy investitsiya portfelini 30 milliard dollargacha yetkazadi. O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni 4 milliard dollarlik 10 ta hujjatni imzolab, qo‘shma tashabbuslarning umumiy hajmini 30 milliard dollarga yetkazdi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih bilan uchrashuvda energetika, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, turizm, transport, IT, infratuzilmaviy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalaridagi loyihalarga 4 milliard dollar yo‘naltirilishini aytgan edi. ITSV rahbari Laziz Qudratov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida umumiy portfel 30 milliard dollarga yetganini ma’lum qildi. U bu mablag‘lar davlat kafolati beriladigan suveren moliyalashtirish emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ekanini ta’kidladi. 18 noyabr kuni Samarqandda InterHealth loyihasi bo‘yicha yakuniy kelishuv imzolanishi kutilmoqda. Loyiha davolashni tashkil etishning yangi tizimini joriy etishga qaratilgan bo‘lib, bu bemorlarning shifoxonada qolish muddatini 15 kundan 7 kungacha qisqartirishi mo‘ljallangan. Shuningdek, Farg‘ona va Qo‘qon shahridagi onkologiya markazlarida davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish rejalashtirilgan. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov shamol va quyosh energetikasi sohasida yangi loyihalar ustida ish boshlangani haqida xabar berdi. Shuningdek, Parkent tumanida mamlakatdagi eng yirik akkumulyatorli energiya saqlash tizimini ishga tushirish rejalashtirilgan. U ASWA Power kompaniyasi mutaxassislar tayyorlash uchun Shirin energetika kollejini o‘z boshqaruviga olganini qo‘shimcha qildi. Bundan tashqari, Vision Invest (Saudiya Arabistoni) va Air Products (AQSH) kompaniyalari bilan hamkorlikda barqaror aviatsiya yoqilg‘isi (SAF) ishlab chiqarish loyihasini boshlash bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Yoqilg‘i yangi Toshkent xalqaro aeroporti ehtiyojlari uchun yetkazib beriladi. Saudiya Arabistonining Pemco kompaniyasi bilan Samarqand viloyatida quvvati 200 MVt bo‘lgan gaz-porshenli elektr stansiyasini qurish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Loyihani amalga oshirish yil oxirigacha boshlanadi. Saudi Tabreed kompaniyasi bilan 36,6 million dollarlik elektr va issiqlik energiyasini sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzildi. «O‘zeltexsanoat» boshqaruvi raisi Mirziyod Yunusovning ta’kidlashicha, Riyadh Cables kompaniyasi bilan hamkorlikda 500 kV o‘ta yuqori kuchlanishli kabellar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish rejalashtirilgan. «Riyadh Cables O‘zbekistonda kompaniyaga zarur bo‘lgan muftalar — ya’ni birlashtiruvchi elementlar va boshqa aksessuarlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni taklif qildi. Bu, avvalo, importni optimallashtirish va O‘zbekistonda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarish imkonini beradi», — dedi u. Al-Muhaidib Group kompaniyasi raisi Sulaymon Al Maxaydim esa, o‘z navbatida, mahalliy korxona ishtirokida mis ishlab chiqarishdan tortib, kabellarning izolyatsiyasi va past hamda yuqori kuchlanishli turlarini ishlab chiqarishgacha bo‘lgan qator loyihalarga investitsiya kiritish niyatida ekanini bildirdi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi savdo hajmi 142,4 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilning yanvar-avgust oylarida bu ko‘rsatkich 111,5 million dollarga yetdi. Hozirda O‘zbekistonda Saudiya kapitali ishtirokidagi 27 ta korxona faoliyat yuritmoqda, umumiy qiymati 27,2 milliard dollarga teng 56 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda, shundan 2025 yilda 900 million dollar o‘zlashtirilgan.

Teglar

Mavzuga oid