add

«Agar Falastin yo‘qolsa, insoniyat ham yo‘qoladi», degan Kolumbiya yetakchisining vizasini AQSH bekor qildi

27.09.2025 | 22:1416253

Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro Nyu Yorkda Falastinni qo‘llab-quvvatlagan nutqidan so‘ng AQSH uning vizasini bekor qildi.

«Agar Falastin yo‘qolsa, insoniyat ham yo‘qoladi», degan Kolumbiya yetakchisining vizasini AQSH bekor qildi

AQSH Davlat departamenti Kolumbiya prezidenti Gustavo Petroning vizasini bekor qildi. Bu qaror u Nyu Yorkdagi Tayms-skver maydonida falastinliklarni qo‘llab-quvvatlash aksiyasida qatnashib, qattiq bayonotlar qilganidan so‘ng qabul qilindi.

«G‘azoda bo‘layotgan voqealar — bu so‘zning to‘g‘ridan to‘g‘ri ma’nosida genotsid. Boshqa izoh yo‘q. Maqsad — falastin xalqini yo‘q qilish. Agar Falastin yo‘qolsa, insoniyat ham yo‘qoladi», — dedi Petro o‘z chiqishida.

Uning aytishicha, Amerika harbiylari raketa hujumlari orqali insoniyatga qarshi kurashmasligi kerak. «Trampga itoat qilmang, insoniyatga xizmat qiling», — deya murojaat qildi u AQSH armiyasiga.

Vashington esa bu so‘zlarni «zo‘ravonlikka da’vat» deb baholadi. «Biz Petroning vizasini uning beqaror va ig‘vogar harakatlari sabab annul qilamiz», — deyilgan Davlat departamenti bayonotida.

Petro BMT Bosh Assambleyasidagi nutqida ham Donald Trampni «G‘azoda genotsid sodir etishda ishtirokchi» deb atagan. Shuningdek, u AQSHning Karib dengizi suvlarida narkotik kontrabandasiga gumon qilingan kemalarga raketali zarba berishi uchun javobgarlikka tortishni talab qilgan.

Joriy yil yanvar oyida Tramp hokimiyatga qaytgach, AQSH va Kolumbiya munosabatlari keskin yomonlashdi. Vashington Kolumbiya rahbarining siyosatini ikki davlatning strategik ittifoqchilik aloqalariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, deb hisoblaydi.

Teglar

Mavzuga oid