
«Amerikani yana sog‘lom qilamiz» — Tramp Coca Cola tarkibini o‘zgartirishga da’vat qildi
AQSH prezidenti Donald Tramp Truth Social tarmog‘ida yozishicha, Coca Cola o‘z mahsulotining tarkibini o‘zgartirishga rozi bo‘lgan. Endi ichimlik tayyorlashda yuqori fruktozali makkajo‘xori siropi o‘rniga haqiqiy shakarqamishdan olingan shakar ishlatiladi.

Biroq Coca Cola kompaniyasi bu bayonotdan bexabar edi. Kompaniya Trampga taklif uchun minnatdorlik bildirgan bo‘lsa-da, ular yuqori fruktozali makkajo‘xori siropini ham tabiiy mahsulot ekanligini ta’kidladi. Oradan olti kun o‘tib, kompaniya AQSHda kuzda shakarqamishli Coca Cola mahsuloti chiqarilishini rasman tasdiqladi.
Bu o‘zgarishlar hukumat tomonidan majburan emas, balki ko‘ngilli asosda amalga oshirilmoqda. Tramp va AQSH sog‘liqni saqlash bo‘yicha kotibi Robert Kennedi kompaniyalarni «Amerikani yana sog‘lom qilaymiz» dasturiga qo‘shilishga undamoqda. Ular sun’iy va kuchli qayta ishlangan mahsulotlarga qarshi chiqmoqda.
So‘rovlar shuni ko‘rsatadiki:
- 10 amerikalikdan 6 nafari oziq-ovqatlardan sun’iy bo‘yoqlar olib tashlanishini istaydi;
- 87 foiz aholining fikricha, hukumat oziq-ovqat xavfsizligini kuchaytirishi kerak.
Trampning yondashuvi qanday ishlaydi?
The Financial times nashriga ko‘ra, Trampning yangi, oqilona qonunlar qabul qilish o‘rniga, kompaniyalar bilan ko‘ngilli kelishuvlarga erishish orqali o‘zgarishlar kiritishni ko‘zlaydi. Ba’zi tarafdorlar bu uslubni qo‘llab-quvvatlaydi. Ular fikricha, Tramp ortiqcha hujjatbozliksiz ish yuritmoqda va jamoatchilik e’tirof etgan masalalarda ixtiyoriy kelishuvlar orqali tezroq natijaga erishmoqda. Lekin bu yondashuvning xavfli jihatlari ham yo‘q emas:- Qonun emas, balki prezident istagiga qarab o‘zgaruvchi qoidalar uzoq muddatli ishonchni pasaytiradi;
- Kompaniyalar investitsiya va innovatsiyalarni rejalashtirishda ikkilanishi mumkin;
- Tramp va Kennedi faqat omma bosimiga uchragan holatlarnigina ko‘rib chiqmoqda. Bu esa boshqa muhim muammolar e’tibordan chetda qolishiga olib keladi.





