
Anjelina Joli kelishi mumkin bo‘lgan tadbir, yomg‘ir qorga aylanishi kutilayotgan hafta va jinsiy zo‘ravonlikka uchrab, jonlantirish bo‘limida yotgan 7 yashar qizcha — 17 oktyabr dayjesti
17.10.2025 | 22:3042648
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Marg‘ilonda Nexia haydovchisi uch nafar o‘quvchini urib yubordi
16 oktyabr kuni Marg‘ilon shahridagi Marg‘iloniy ko‘chasida yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi. Soat taxminan 12:30 da Nexia 1 avtomobili haydovchisi (1998 yil tug‘ilgan) yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodalarni urib yuborgan. Bu haqda Farg‘ona viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lumot berdi.
Hodisa 33-sonli umumta’lim maktabi oldidagi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Nexia haydovchisi tezlikni pasaytirmagan va yo‘ldagi bolalarni kech payqagan.
Oqibatida uch nafar o‘quvchi turli darajada jarohat olgan. Ulardan biri shifoxonaga yotqizilgan bo‘lib, holati o‘rtacha og‘ir deb baholanmoqda. Qolgan ikki nafariga joyida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Hodisadan so‘ng haydovchi to‘xtab, bolalarga yordam ko‘rsatgani ma’lum qilindi. Tergovga qadar tekshiruv ishlari boshlangan bo‘lib, YTHning aniq sabablari o‘rganilmoqda.
O‘zbekistonda haftaning oxirida harorat sovishi kutilmoqda
O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, juma kuni mamlakat bo‘ylab iliq va quruq havo saqlanadi — kunduzgi harorat +23…+28 daraja, shimoliy hududlarda +20…+25 daraja bo‘ladi. Ammo 18 oktyabrdan boshlab salqin havo oqimi kirib kelishi natijasida harorat asta-sekin pasayib, haftaning oxiriga kelib +18…+23 daraja, shimolda esa +13…+18 daraja atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Tungi harorat +6…+11 darajagacha, shimolda esa +3…+8 darajagacha tushishi mumkin. Hafta oxirida asosan quruq havo saqlanadi, faqat Buxoro va Navoiy viloyatlarida qisqa muddatli yomg‘ir ehtimoli bor. 19 oktyabrda tog‘li hududlarda yomg‘ir yog‘ishi, baland tog‘ joylarida esa qorga aylanishi mumkin.
Namanganda 7 yoshli qizcha jinsiy zo‘ravonlikka uchradi
Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida 7 yoshli qizaloq o‘z qarindoshi tomonidan zo‘rlandi. Ma’lum bo‘lishicha, 1987 yilda tug‘ilgan B.S. 2025 yil 14 oktyabr kuni tog‘asi J.M.ning uyida bo‘lib o‘tgan to‘y marosimida qatnashgan. U to‘yda tog‘asining 2018 yilda tug‘ilgan nevarasi I.K.ni aldab, yolg‘iz chetga olib chiqib, nomusiga tekkan va voqea joyidan qochib ketgan.
Qizaloq og‘ir ahvolda shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. E’tiborlisi, jinoyatchi ikki kun davomida qochib yurgan, ammo huquqni muhofaza qilish organlari uni qidiruv orqali topib, qo‘lga olgan. Yangiqo‘rg‘on tuman sudi 16 oktyabr kuni unga nisbatan qamoq tarzidagi ehtiyot chorasini belgiladi.
Anjelina Jolidan tortib Denzel Vashingtongacha: Islom sivilizatsiyasi markazi loyihalariga kimlarni taklif qilmoqchi?
Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekistonning tarixiy shaxslari haqida xalqaro videoloyihalar tayyorlamoqda. Markaz «Euronews», «BBC» va «CNN» telekanallarida yuz nafar buyuk o‘zbek allomasi haqidagi filmlarni namoyish etishni rejalashtirgan bo‘lib, ularda Morgan Friman, Denzel Vashington, Mel Gibson, Anjelina Joli va Burak Ozchivit kabi yulduzlar hikoyachi sifatida ishtirok etishi mumkin.
Ikki karra «Oskar» sovrindori Ben Kingsli allaqachon loyihalardan biriga jalb etilgan va Islom sivilizatsiyasi markaziga bag‘ishlangan maxsus videofilmda qatnashmoqda. Markaz shuningdek, Kinematografiya agentligi bilan hamkorlikda 150 dan ortiq qisqa film tayyorlab, ularni ekspozitsiyalarida namoyish etishni rejalashtirmoqda.
O‘zbekiston prezidenti Bryusselga boradi
O‘zbekiston prezidenti joriy yilning 24 oktyabr kuni Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimini (KSHB) imzolash uchun Bryusselga tashrif buyuradi.
Mazkur bitim siyosiy, savdo va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikning yangi bosqichini belgilab, munosabatlarni mustahkamlaydi hamda islohotlar va barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu keng qamrovli bitim siyosiy muloqot, savdo, xavfsizlik va barqaror rivojlanish kabi beshta strategik yo‘nalish bo‘yicha kelgusidagi hamkorlikni belgilab beradi.





