AQSH elchisi: Tramp Grenlandiyani kuch ishlatib egallash g‘oyasidan voz kechdi

Kecha 08:002 daqiqa

Elchining so‘zlariga ko‘ra, Grenlandiyaning kelajagini uning aholisi mustaqil tarzda belgilashi kerak.

AQSH elchisi: Tramp Grenlandiyani kuch ishlatib egallash g‘oyasidan voz kechdi

Amerika Qo‘shma Shtatlarining Daniyadagi elchisi Kennet Xoueri AQSH prezidenti Donald Tramp Grenlandiyani kuch ishlatib egallab olish rejasidan voz kechganini ma’lum qildi. Bu haqda diplomat Grenlandiya radiostansiyasiga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Elchining so‘zlariga ko‘ra, Grenlandiyaning kelajagini uning aholisi mustaqil tarzda belgilashi kerak.

«Prezident endi kuch ishlatishni ko‘rib chiqmayapti... Grenlandiyaning kelajagini grenlandiyaliklarning o‘zlari belgilashlari kerak», – dedi AQSH elchisi.


Kennet Xoueri Grenlandiya masalalari bo‘yicha ishchi guruh AQSHning xavfsizlik borasidagi xavotirlari, shuningdek, Daniya va Grenlandiyaning manfaatlarini hisobga oladigan yechim topishiga ishonch bildirdi. Ushbu yechim grenlandiyaliklar uchun keng iqtisodiy imkoniyatlarni taqdim etishi lozimligi qayd etildi.

«Biz qanaqa kelajakni tanlashingizdan qat’i nazar, har doim qo‘shni bo‘lib qolamiz va ittifoqchi hamda hamkor sifatida yoningizda bo‘lamiz”» – deb ta’kidladi Xoueri.


Avvalroq AQSH va Daniya vakillari Grenlandiya orolida harbiy bazalar ochish yuzasidan muzokaralarning yangi bosqichi boshlangani to‘g‘risida xabar berilgan edi.

Grenlandiyaning geosiyosiy va strategik ahamiyati

Grenlandiya oroli so‘nggi yillarda yirik davlatlarning geosiyosiy manfaatlari to‘qnashuv nuqtasiga aylandi. Bunga orolning Arktika mintaqasida joylashgani hamda global iqlim o‘zgarishi natijasida muzliklarning erishi bilan ochilayotgan yangi tranzit yo‘llari sabab bo‘lmoqda. AQSH uchun Grenlandiya shimoliy yarim shar xavfsizligini ta’minlashda asosiy nuqta hisoblanadi. Orolda AQSHning strategik ahamiyatga ega bo‘lgan "Tule" (Thule) aviabazasi joylashgan bo‘lib, u raketa hujumidan ogohlantirish tizimlari va kosmik kuzatuvlar uchun muhim hisoblanadi.

Grenlandiya ulkan tabiiy boyliklarga, jumladan, noyob yer metallari, uran va neft zaxiralariga ega. Jahon bozorida mazkur resurslarga bo‘lgan talabning ortishi orolning iqtisodiy qiymatini oshirdi. Grenlandiya Daniya qirolligi tarkibida avtonom hudud maqomiga ega. Tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari Kopengagen tomonidan muvofiqlashtiriladi. Shu sababli, AQSHning orol bilan bog‘liq har qanday tashabbuslari Daniya hukumati bilan murakkab diplomatik muzokaralarni talab qiladi.

Arktika mintaqasida nafaqat AQSH, balki Xitoy va Rossiya ham o‘z ta’sirini kuchaytirishga intilmoqda. Xitoyning Grenlandiya infratuzilmasiga sarmoya kiritishga bo‘lgan urinishlari Vashingtonning xavotirini uyg‘otgan va AQSHning orolga nisbatan e’tiborini yanada kuchaytirgan.

Teglar

Mavzuga oid