AQSH Eronga harbiy zarbalarni kuchaytirdi, Hormuz bo‘g‘ozi yana yopildi
Eronning neft tankerlariga qilgan hujumlariga javoban AQSH harbiylari Tehronga yangi zarbalar berdi. O‘z navbatida Eron bo‘g‘oz to‘liq yopilganini ma’lum qildi va yaqin atrofdagi AQSH harbiy bazalariga hujumlar uyushtirdi.
© Foto: AnadoluAQSH harbiylari Eronning Hormuz bo‘g‘ozidagi neft tankerlariga qilgan hujumlariga javoban Tehronga yangi zarbalar berdi. O‘z navbatida, Tehron Hormuz bo‘g‘ozini butunlay yopib, Fors ko‘rfazi mintaqasidagi AQSH harbiy obyektlariga hujumlarni kuchaytirdi. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.
Ushbu to‘qnashuvlar ortidan AQSH Prezidenti Donald Tramp sulh tugaganini e’lon qildi. Biroq Tramp muzokaralarni davom ettirish uchun imkoniyat borligini ham qayd etgan.
Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyat
Eron tomoni Hormuz bo‘g‘ozini yopganini bildirdi va har qanday javob chorasiga keskin zarba berilishi haqida ogohlantirdi. AQSH Markaziy qo‘mondonligi esa dunyo neft va suyultirilgan tabiiy gazining beshdan bir qismi o‘tadigan ushbu suv yo‘lida tijorat kemalarining harakati hamon davom etayotganini ta’kidlamoqda.
AQSH Markaziy qo‘mondonligi bayonotiga ko‘ra, bo‘g‘ozda xavfsizlikni ta’minlash va Eronning tijorat kemalariga hujumini kamaytirish maqsadida shanba kuni Eronning 140 ta harbiy nishoniga zarba berilgan. Uch kecha davomida amalga oshirilgan umumiy zarbalar soni 300 tadan oshdi. Eron davlat OAVlari bir qator port shaharlarida portlashlar bo‘lganini tasdiqladi.
Bunga javoban Eron Inqilobiy Gvardiyasi o‘z yaqinidagi davlatlarda joylashgan AQSH obyektlariga, jumladan: Iordaniyadagi dron angarlari va qo‘mondonlik markaziga; Quvaytdagi harbiy radar bazasiga; Ummondagi aviatsiyani qo‘llab-quvvatlash va yonilg‘i quyish platformalariga; Qatardagi harbiy inshootlar va texnik xizmat ko‘rsatish markaziga hujum qilganini ma’lum qildi.
Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari havo mudofaasi tizimlari Erondan uchirilgan raketa va dronlarni urib tushirganini xabar qildi. Bahraynda ogohlantirish sirenalari chalindi.
Eslatib o‘tamiz, 17-iyun kuni AQSH va Eron o‘rtasida 60 kun davomida amal qiladigan sulh rejimini nazarda tutuvchi va tomonlarga yakuniy tinchlik bitimi bo‘yicha muzokaralar olib borish imkonini beradigan kelishuv imzolangan edi. Ushbu kelishuvdan so‘ng Hormuz bo‘g‘ozi qayta ochilgan edi. O‘shanda Tramp Eron bitim shartlariga amal qilmasa, Vashington harbiy zarbalarni qayta boshlashini aytgan.





