
AQSH O‘zbekiston energetikasiga 4 mlrd dollargacha mablag‘ kiritishni rejalashtirmoqda
30.09.2025 | 22:3012386
Energetika vaziriga ko‘ra. O‘zbekiston va AQSH 3-4 milliard dollarlik energetika loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

O‘zbekiston va AQSH 3–4 milliard dollar qiymatidagi energetika loyihalari yuzasidan kelishuvga erishdi. Bu haqda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu loyihalar qator xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Mirzamahmudovga ko‘ra, Air products kompaniyasi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yangi investitsiyalar kiritishga tayyorligini, yangi yo‘nalishlar izlayotganini, turli yo‘nalishlarda diversifikatsiya qilishga tayyorligini bildirgan.
«Masalan, shuningdek, biz gaz-transport tizimida yoki o‘sha neft-gaz kompaniyalari qazib chiqarayotgan gazini hozirgi kundagi mavjud kompressor stansiyalar, siquv kompressor stansiyalaridagi gaz asosida ishlovchi agregatlarni elektrga almashtirish va elektr dvigatellar o‘rnatish bo‘yicha ham yirik kelishuvlarga erishdik va bunga Amerikaning «Eximbank»i moliyalashtirishga juda katta qiziqish bildiryapti», - deydi vazir.
Ta’kidlanishicha, bundan tashqari, burg‘ilashda Schlumberger, Baker Hugsles kompaniyalarining yangi texnologiyalari, tajribalari, boshqaruv metodikasini qo‘llash bo‘yicha ham kelishuv imzolangan. Hamda Gulf kompaniyasi bilan birgalikda 100 million dollar atrofida O‘zbekiston bo‘ylab alohida yoqilg‘i quyish shoxobchalarini qurish bo‘yicha ham O‘zbekneftgaz memorandum imzolagan.
Energetika vazirining qo‘shimcha qilishicha, AQSH kompaniyalari bilan jami loyihalar qiymati 3-4 mlrd dollarga borgan.
«Aniq raqamlarga keladigan bo‘lsak, mana birgina kompressor stansiyalarning o‘zidagi agregatlarni almashtirish, bu ikki-uch yillik dastur, kamida 800 million dollarga baholanyapti. Va hozirgi kunda o‘sha Pan-Asia degan kompaniya bu ishlarni muvofiqlashtiradi va uning ma’lumotiga ko‘ra, Eximbank tomonidan 852 million dollar ushbu yo‘nalishga kredit liniyasini ochishga tayyorligi bildirildi. Bu faqatgina bitta yo‘nalish. Agar barchasini olganda, albatta, yangi loyihalar, bu mana Air products bilan bo‘ladigan loyiha, bu ko‘mirni gazifikatsiya, sintez-gaz olib, undan ammiak, metanol, boshqa qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar olish bo‘yicha loyihalarni inobatga olsak, 3-4 milliard dollar atrofidagi yangi, yaqin kelajakdagi istiqbolli loyihalar deb baholasa bo‘ladi», - deydi u.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Prezident safari davomida Air products kompaniyasi bosh ijrochi direktori Eduardo Menezesni ham qabul qilgandi.
Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, ayni paytda kompaniyaning O‘zbekistonga investitsiyalari 1 milliard dollardan oshgan. GTL zavodida sanoat gazlarini qayta ishlash, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida vodorod, «Navoiyzot»da suyuq karbonat angidrid ishlab chiqarish kabi loyihalar amalga oshirilgan.
Ma’lumot uchun, Air products sanoat gazlarini ishlab chiqarish va yetkazib berishga ixtisoslashgan. Kompaniyaning bozor kapitallashuvi 63 milliard AQSH dollaridan ortiq. Har yili dunyoning 50 dan ortiq mamlakatida 200 million tonna sanoat gazlarini ishlab chiqaradi hamda 750 ga yaqin ishlab chiqarish ob’ektlarini boshqaradi.





