add

AQSH «tinchlik rejasi»ni to‘rt paketga bo‘ldi — Ukrainaga faqat bittasi taalluqli

Kecha 17:307122 daqiqa

Vashington Rossiya bilan muzokaralar uchun «tinchlik rejasi»ni to‘rt paketga ajratdi. Ukraina suverenitetiga oid masalalar faqat bitta paketda joy olgan.

AQSH «tinchlik rejasi»ni to‘rt paketga bo‘ldi — Ukrainaga faqat bittasi taalluqli

The New York Times nashrning yozishicha, AQSH rasmiylari Rossiya bilan muzokaralar olib borilayotgan «tinchliku rejasi»ni to‘rt yirik paketga bo‘lgan. Nashr manbalarining ta’kidlashicha, bu paketlar bo‘yicha muhokamalar parallel ravishda ketmoqda va ularning birinchisi Ukraina suverenitetiga oid masalalarni o‘z ichiga oladi. Jumladan, Ukraina armiyasi quvvatini cheklash, raketalar masofasini qisqartirish kabi takliflar shu yerda ko‘rilgan.

Qolgan uch paketda esa hududiy imtiyozlar, urushdan keyingi AQSH–Rossiya iqtisodiy hamkorligi va kengaytirilgan Yevropa xavfsizligi masalalari bor. Manbaga ko‘ra, dastlabki 28 banddan iborat variantni Ukraina va Yevropa mutlaqo qabul qila olmayotgani sababli uni qayta ishlashga to‘g‘ri kelgan.

Biroq yangilangan taklif ham Moskvada xursandchilik bilan kutib olinmagan. Nashrning yozishicha, Vladimir Putinning bunday reaksiyasi avvaldan kutilgan edi, chunki Kreml o‘z strategik maqsadlaridan aslo chekinmagan.

«Putin bir necha hafta oldin qimmatga tushsa ham, uzoqqa cho‘zilsa ham o‘z maqsadlarimizga erishamiz, deb aytgan edi. Bu ularning tafakkuri», — degan AQSH davlat kotibi Marko Rubio bu haqda.

Vashingtonning maxsus elchilari Stiv Uitkoff va Jared Kushnerning Kremlda Putin bilan besh soatlik uchrashuvi shu paytgacha bo‘lib o‘tgan eng uzoq muzokara bo‘ldi. Ana shu uchrashuvdan keyin takliflarni to‘rt paketga ajratish ma’lum qilindi.

Ukrainaning o‘zi esa bir qator prinsipial shartlarni qo‘ymoqda va ulardan chekinish niyati yo‘q. Yevropa va AQSHda ham bu tashabbuslar samarasiga nisbatan jiddiy shubhalar mavjud.

Defense Priorities tahlilchisi Jennifer Kavana fikricha, har qanday kelishuv og‘ir va adolatsiz bo‘lishi mumkin: «Rossiya uchun minimal maqbul shartlar va Ukraina uchun qabul qilinadigan variantlar o‘rtasidagi farq hali juda katta».

Teglar

Mavzuga oid