Logo

Qirg‘izistonning davlat qarzi 10,37 mlrd dollardan oshdi

Bugun 14:433 daqiqa

Tashqi majburiyatlarning asosiy qismi Xitoy, Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki hissasiga to‘g‘ri keladi. Mamlakatning ichki va tashqi qarzi qanday taqsimlangan?

Qirg‘izistonning davlat qarzi 10,37 mlrd dollardan oshdi © Sputnik

2026-yil 30-sentabr holatiga ko‘ra, Qirg‘izistonning davlat qarzi 906,98 mlrd som yoki 10,37 mlrd dollarni tashkil etdi. Ushbu summaning 461,31 mlrd somi tashqi qarz, 445,67 mlrd somi ichki qarz hissasiga to‘g‘ri keladi. Ikki turdagi qarz ulushi 50,9 foiz va 49,1 foizni tashkil qiladi.

Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, sentabr oyining oxirida tashqi davlat qarzi hajmi 461,31 mlrd somga yetgan. Uning asosiy qismini imtiyozli kreditlar tashkil etadi: 240,65 mlrd som ko‘p tomonlama moliyalashtirish, yana 153,32 mlrd som esa ikki tomonlama kelishuvlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Umuman olganda, bu tashqi majburiyatlarning 85,4 foizini tashkil qiladi.

Ikki tomonlama kreditorlar orasida eng yirigi Xitoy Eksport-import banki bo‘lib qolmoqda. Ushbu bank oldidagi qarzdorlik 119,6 mlrd som yoki tashqi qarzning 25,9 foizini tashkil etadi.

Ko‘p tomonlama tashkilotlar orasida Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi 87 mlrd som, Osiyo taraqqiyot banki esa 82,85 mlrd som bilan yetakchilik qilmoqda. Ushbu uchta kreditorga jami 289,5 mlrd som yoki tashqi majburiyatlarning 62,8 foizi to‘g‘ri keladi.

Moliya vazirligi boshqa kreditorlar qatorida Yevroosiyo taraqqiyot banki va Yevroosiyo barqarorlashtirish va taraqqiyot jamg‘armasini — 21,24 mlrd som, Islom taraqqiyot bankini — 18,28 mlrd som, Xalqaro valuta jamg‘armasini — 11,12 mlrd som hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligini — 11,1 mlrd som miqdorida ko‘rsatgan.

Shuningdek, kreditorlar ro‘yxatidan Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi, Germaniyaning KfW banki, Turkiya hukumati, Quvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi, Koreya Eksport-import banki va boshqa moliyaviy tashkilotlar ham o‘rin olgan.

Kreditlardan tashqari, tashqi qarz tarkibiga 700 mln dollar yoki 61,21 mlrd som miqdoridagi yevroobligatsiyalar ham kiradi. Ularning ulushi tashqi majburiyatlarning 13,3 foizini tashkil etadi. Yana 5,91 mlrd som Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki oldidagi qarzdorlik hissasiga to‘g‘ri keladi. Imtiyozsiz ikki tomonlama majburiyatlar esa qariyb 209 mln somga baholangan.

Ichki qarz: asosiy qismini davlat obligatsiyalari tashkil etadi

Ichki davlat qarzi hajmi 445,67 mlrd somga yetgan. Ushbu summaning deyarli barchasi uzoq muddatli davlat qimmatli qog‘ozlariga to‘g‘ri keladi. Davlat g‘aznachilik obligatsiyalari DGO 443,39 mlrd somni yoki ichki majburiyatlarning 99,5 foizini tashkil etadi.

DGOlarning muomalada bo‘lish muddati 2 yildan 10 yilgacha, shuningdek, 15 va 20 yilni tashkil qiladi. Davlat g‘aznachilik veksellari hissasiga esa 2,25 mlrd som to‘g‘ri keladi.

Yana 34,34 mln som sobiq «Elbank» omonatchilari oldidagi majburiyatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu 1992-yil 1-yanvargacha fuqarolar tomonidan joylashtirilgan omonatlar bo‘yicha qarzdorlik bo‘lib, SSSR parchalanishidan keyin davlat zimmasiga olingan. Moliya vazirligi davlat qarzi tarkibida ushbu majburiyatni o‘tkazma veksel shaklida hisobga oladi.

Taqqoslash uchun, 2026-yil 31-iyul holatiga ko‘ra, Qirg‘izistonning davlat qarzi 888,2 mlr somdni tashkil etgan. Bu vaqtda tashqi majburiyatlar ulushi 51,1 foizni, ichki majburiyatlar esa 48,9 foizni tashkil qilgan.

Shunday qilib, ikki oy ichida davlat qarzining umumiy hajmi qariyb 18,78 mlrd somga oshgan, ichki majburiyatlar ulushi esa 0,2 foiz punktga ko‘paygan.

Shu bilan birga, 2026-yil yanvar–oktabr oylarida Qirg‘iziston davlat qarziga xizmat ko‘rsatish uchun allaqachon 73,89 mlrd som yo‘naltirgan. Ushbu summaning 47,03 mlrd som asosiy qarzni qaytarishga, 26,75 mlrd som esa foiz to‘lovlariga sarflangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq jahon qarzi yalpi ichki mahsulotning 100 foiziga yaqinlashishi haqida yozgan edik.

Farangiz Bobojonova

Teglar

Mavzuga oid