
AQSHda Migratsiya politsiyasiga qarshi isyon avj oldi — fotojamlanma
Amerikaning 43 ta shtatida Migratsiya va bojxona politsiyasining shafqatsizligiga qarshi ommaviy namoyishlar qayta avj oldi. Unga migrantlarga yordam berishga uringan ikki kishining o‘q yeb, vafot etgani turtki bo‘lgan.

AQSHda migratsiya politsiyasining xatti-harakatlaridan norozi bo‘lgan minglab aholi yana ko‘chalarga chiqdi. Bu safargi namoyishga federal sudya Ketrin Menendesning Minnesotada o‘tkazilayotgan «Metro Surge» kuch ishlatish operatsiyasini to‘xtatish haqidagi talabni rad etgani sabab bo‘ldi.


Qonli reydlar va qurbonlar
Norozilik to‘lqini shunchaki paydo bo‘lgani yo‘q. Bunga migratsiya politsiyasining reydlari paytida ko‘p bolali ona Rene Gud (7-yanvar) va tibbiyot xodimi Aleks Pretti (24-yanvar)ning otib o‘ldirilishi sabab bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ular migrantlarga yordam berishga uringanida politsiya tomonidan o‘qqa tutilgan. Shuningdek, 5 yoshli bolaning hibsga olinishi aholi orasida keskin norozilik va nafratni uyg‘otdi.


«Ish yo‘q, o‘qish yo‘q, xarid yo‘q!»
Ko‘plab namoyishchilar ko‘chalarga «To‘xtating» degan plakatlar hamda Aleks Pretti va Rene Gudning suratlari bilan chiqishgan. CNN ma’lumotlariga ko‘ra, AQSHning 43 ta shtatida 200 dan ortiq aksiyalar bo‘lib o‘tgan. Namoyishchilar nafaqat ko‘chalarga chiqishdi, balki ommaviy boykot e’lon qilishgan:
— Tadbirkorlar kafe va do‘konlarini yopdi;
— Ishchilar smenalarga chiqishdan bosh tortdi;
— Talaba va o‘quvchilar darslarni qoldirdi.
Minneapolis sohillarida odamlar o‘z tanalari bilan ulkan «SOS» yozuvini hosil qilib, federal hukumatdan yordam va adolat so‘rashdi. Protest ramzi sifatida Amerika bayrog‘i teskari holatda ko‘tarildi.



Hukumat ikki o‘t orasida
Donald Tramp ma’muriyati politsiya harakatlarini «instruksiyaga muvofiq» va «fidokorona kurash» deb baholamoqda. Ammo mahalliy hokimiyat organlari, xususan, Minneapolis meri Jeykob Frey sud qaroridan qattiq xafa ekanini bildirdi.
Aksariyat namoyishlar tinch o‘tgan bo‘lsa-da, Los-Anjeles va Minnesotada vaziyat keskinlashgan. Los-Anjelesda politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zni yoshlantiruvchi gazdan foydalangan. Prokuratura esa faollarni cherkovga hujum qilishda ayblamoqda.
Hozirda chegara xizmati rahbari Tom Xoman politsiyaning hamma harakatlari ham to‘g‘ri bo‘lmaganini tan olib, agentlar sonini qisqartirish rejasini ko‘rib chiqmoqda.







