
AQSHda o‘q-dorilar ishlab chiqaruvchi zavodda portlash: halok bo‘lganlar va bedarak yo‘qolganlar bor
11.10.2025 | 09:302903
Tennessi shtatida joylashgan Accurate Energetic Systems harbiy zavodida yirik portlash sodir bo‘ldi. Mahalliy hokimiyat bir nechta inson halok bo‘lgani va yana bir qanchasi bilan aloqa uzilganini ma’lum qildi.

AQSHning Tennessi shtatida joylashgan harbiy portlovchi moddalar ishlab chiqaruvchi Accurate Energetic Systems zavodida yirik portlash sodir bo‘ldi. Hodisa Neshvill shahridan taxminan 80 kilometr g‘arbda yuz bergan. Mahalliy hokimiyat xabariga ko‘ra, portlash natijasida bir nechta inson halok bo‘lgan, ayrim xodimlar bilan esa hanuz bog‘lanishning iloji bo‘lmayapti.
Hamfris okrugi sherifi Kris Devis jurnalistlarga bergan bayonotida «afsuski, halok bo‘lganlar borligini tasdiqlay olamiz», degan.
Qutqaruvchilar hozirda bedarak yo‘qolganlarni izlash ishlarini olib borishmoqda. Tergovchilar va maxsus xizmatlar hududdagi xavfsizlikni ta’minlab, portlash sababini aniqlash uchun tekshiruvlarni boshlagan.
Hozircha portlash qanday sodir bo‘lgani noma’lum. Mahalliy rasmiylar ma’lum qilishicha, hududdagi yong‘in va ehtimoliy ikkinchi portlash xavfi tufayli qutqaruv ishlari vaqtinchalik to‘xtab qolgan holatlar ham bo‘lgan.
Accurate Energetic Systems kompaniyasi mudofaa sanoati, aviatsiya va qurilish sohalari uchun turli xil portlovchi mahsulotlar ishlab chiqaradi. Zavod yuqori xavfli ish jarayonlari sabab qat’iy xavfsizlik qoidalari asosida faoliyat yuritgani ma’lum.





