Asilbek Xudayarov: «Sog‘liqni saqlashda 247 mlrd so‘mlik byujet mablag‘lari tejab qolindi»
Sog‘liqni saqlash vaziri tizimda korrupsiyaga qarshi «favqulodda holat» e’lon qilib, aholi va tibbiyot xodimlariga murojaat bilan chiqdi.
© Асилбек ХудаяровO‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida korrupsiyaga qarshi choralar natijasida 247 mlrd so‘m budjet mablag‘i tejab qolindi va jinoyatchilik 5,6 foizga kamaydi. Bu haqda soha xodimlari va aholiga yo‘llagan murojaatida Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov ma’lum qildi.
Vazir ta’kidlashicha, Prezidentning 2025 yil 26-dekabrdagi Murojaatnomasidan kelib chiqib, 2026 yil korrupsiyaga qarshi kurashda favqulodda choralar yili sifatida belgilangan. Shu asosda tizimda ochiqlik va shaffoflikni kuchaytirish, risklarni erta aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha yangi mexanizmlar ishga tushirilgan.
Jumladan, budjet mablag‘larining maqsadsiz sarflanishini oldini olish uchun «Situatsion markaz» tashkil etildi. Natijada 247 mlrd so‘m tejaldi, 9,7 mlrd so‘m ortiqcha rejalashtirishning oldi olindi va manfaatlar to‘qnashuviga doir 1280 ta risk bartaraf etildi.
Vazirlik qoshida 24 soat ishlaydigan «1203» qisqa raqamli Call-markaz faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, «Sirli mijoz» instituti joriy qilinib, tibbiyot muassasalarida qonunchilikka rioya etilishi va muomala madaniyati baholanmoqda.
Toshkent davlat tibbiyot universiteti va boshqa ta’lim muassasalarida «Tibbiyotda korrupsiyaning oldini olish» fanini o‘qitish yo‘lga qo‘yilib, 2 700 nafar bakalavr, 870 nafar magistr, 1856 nafar shifokor hamda 13 804 nafar o‘rta tibbiyot xodimi o‘qitilgan.
Bundan tashqari, xalqaro «CYeRT International» tashkiloti vazirlikka ISO 37001:2016 standarti bo‘yicha muvofiqlik sertifikati berdi. DMED tizimi joriy qilinib, beshta vakolatli idora o‘rtasida tezkor axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yildi.
Vazir tibbiyot xodimlari va fuqarolarni korrupsiya holatlari haqida «1203» ishonch telefoni yoki info@ssv.uz orqali xabar berishga chaqirdi.
«Murojaatlar maxfiyligi kafolatlanadi va ular vazirlik tomonidan tezkor o‘rganilib, zarur choralar ko‘rilishi ta’minlanadi», — deydi vazir.





