Logo

Asosiy pulini ta’lim va ta’mirga sarflayotgan aholi, faoliyati to‘xtatilgan 500 ga yaqin «zapravka» hamda Yangi Toshkentgacha quriladigan metro — 22-iyun dayjesti

Bugun 00:023 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Asosiy pulini ta’lim va ta’mirga sarflayotgan aholi, faoliyati to‘xtatilgan 500 ga yaqin «zapravka» hamda Yangi Toshkentgacha quriladigan metro — 22-iyun dayjesti

Poytaxtda tirbandliklarni kamaytirishga qaratilgan yangi transport yechimi joriy etilmoqda

Toshkentda jamoat transporti harakatini tezlashtirish va tirbandliklarni kamaytirish maqsadida avtobuslar uchun ajratilgan «A» toifasidagi maxsus yo‘laklar deliniatorlar bilan jihozlanmoqda. Ilk bosqichda Furqat ko‘chasidan Islom Karimov ko‘chasigacha bo‘lgan hududda avtobus yo‘laklari umumiy transport oqimidan jismoniy ajratuvchi elementlar orqali cheklanmoqda.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, deliniatorlar boshqa avtomobillarning avtobus yo‘laklariga kirib ketishining oldini olib, jamoat transporti tezligi va qatnov jadvali barqarorligini oshiradi. Rejaga ko‘ra, 2026 yil davomida poytaxtning 30 dan ortiq ko‘chasida shunday maxsus yo‘laklar tashkil etilib, avtobuslar harakati uchun yanada qulay sharoit yaratiladi.

O‘zbekistondagi avtotransportlar soni qariyb 5 millionga yetdi

O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga tegishli avtotransport vositalari soni qariyb 5 milliontaga yetdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 1-aprel holatida mamlakat bo‘yicha 4,9 milliondan ortiq avtotransport vositasi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 344,6 mingtaga ko‘pdir.

Avtomobillarning asosiy qismini yengil mashinalar tashkil etmoqda — ularning soni 4,55 milliontaga yetgan va umumiy parkning 92,8 foizini tashkil qiladi. Shuningdek, aholi tasarrufida 330,3 mingta yuk avtomobili, 7,5 mingta mikroavtobus, 7,2 mingta maxsus texnika hamda 5,8 mingta avtobus mavjud. Avvalroq 2026 yilning yanvar–aprel oylarida mamlakatda 121,6 ming dona avtomobil sotilgani ma’lum qilingan edi.

500 ga yaqin yonilg‘i quyish shoxobchasi faoliyati vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekiston bo‘ylab yonilg‘i quyish va gaz to‘ldirish obyektlarida o‘tkazilgan keng ko‘lamli tekshiruvlar natijasida 464 ta shoxobcha faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Xatlov davomida 6 196 ta obyekt tekshirilib, jami 46,7 mingdan ortiq xavfsizlik va texnik qoidabuzarliklar aniqlangan.

Hukumat qaroriga ko‘ra, 2026 yil 1-sentabrdan xizmat muddati tugagan yoki ishlab chiqarilgan sanasi aniq bo‘lmagan bosim ostida ishlovchi uskunalardan foydalanish cheklanadi. Shuningdek, xavfsizlik talablariga javob bermaydigan shoxobchalarning maxsus reyestri shakllantirilib, ularni bosqichma-bosqich xavfsiz hududlarga ko‘chirish rejalashtirilmoqda. Tekshiruvlar Qashqadaryo viloyatidagi gaz quyish shoxobchasida 6 kishi halok bo‘lgan portlashdan so‘ng kuchaytirildi.

Yangi Toshkent va TTZgacha bo‘lgan metro liniyalari qurilish muddatlari haqida ma’lumot berildi

Toshkentda Yangi Toshkent shahri va TTZ yo‘nalishlarigacha yangi metro tarmoqlarini qurish rejalashtirilmoqda. Transport vazirligi e’lon qilgan qaror loyihasiga ko‘ra, «Pushkin — TTZ» yo‘nalishi 11 kilometr uzunlikda bo‘lib, 10 ta bekat va bitta deponi o‘z ichiga oladi. «Texnopark — Yangi Toshkent» yo‘nalishi esa 21 kilometr uzunlikda qurilib, 9 ta stansiyani qamrab olishi ko‘zda tutilgan.

Loyiha fast-track usulida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Hujjatga ko‘ra, Yangi Toshkentgacha bo‘lgan metroning birinchi bosqichini 2026 yil oxirigacha ishga tushirish, to‘liq transport tizimini esa 2028 yil kuzida foydalanishga topshirish maqsad qilingan. Shuningdek, qurilish ishlari davomida kompensatsiya mexanizmlarini ishlab chiqish, muhandislik tarmoqlarini ko‘chirish va transport harakati uchun muqobil yo‘nalishlarni tashkil etish choralari ham nazarda tutilgan.

Daromad va xarajat: O‘zbekistonliklar nimaga ko‘proq pul sarflamoqda?

Markaziy bankning iste’mol kayfiyati so‘roviga ko‘ra, o‘zbekistonliklarning aksariyati yaqin oylarda ham daromadlari, ham xarajatlari oshishini kutmoqda. Respondentlarning 68 foizi daromadlari ko‘payishini bildirgan bo‘lsa, har to‘rt kishidan uchtasi kelgusida xarajatlar yana ortishini taxmin qilgan. Aholining asosiy daromad manbai hanuz ish haqi bo‘lib qolmoqda — ishtirokchilarning 66 foizi daromadini aynan oylik hisobidan topishini qayd etgan.

So‘rov natijalariga ko‘ra, aholi mablag‘larining katta qismi uy-joy ta’miri, ta’lim va kundalik ehtiyojlarga sarflanmoqda. Past daromadli qatlam asosan ta’lim va maishiy ehtiyojlarga xarajat qilsa, o‘rta va yuqori daromadli aholi sayohat, avtomobil va uy-joy xaridiga ko‘proq mablag‘ ajratmoqda. Shu bilan birga, daromadlar o‘sishiga qaramay, kommunal to‘lovlar, kredit yuki va kundalik xarajatlar sabab ko‘pchilik uchun jamg‘arma shakllantirish imkoniyati cheklanganligicha qolmoqda.

Teglar

Mavzuga oid