add

Axloq me’yorlariga mos kelmaydigan reklama joylagan kiyim-kechak do‘koniga ma’muriy ish ochildi

Kecha 13:152 daqiqa

Ma’lumotlarga ko‘ra, kiyim-kechak do‘koni reklamasi odob-axloq me’yorlariga mos kelmaydigan tarzda joylanib, milliy va oilaviy qadriyatlarga zid obraz va iboralarda berilgan.

Axloq me’yorlariga mos kelmaydigan reklama joylagan kiyim-kechak do‘koniga ma’muriy ish ochildi

Ijtimoiy tarmoqlarda «LADY EVA» kiyim-kechak savdo do‘koniga tegishli reklama roligi atrofida jamoatchilik muhokamalari kuchaydi. Foydalanuvchilar reklama mazmuni odob-axloq me’yorlariga mos kelmasligi, shuningdek milliy va oilaviy qadriyatlarga zid obraz va iboralarda berilganini tanqid qilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan Raqobat qo‘mitasi tomonidan belgilangan tartibda dastlabki o‘rganish ishlari amalga oshirilgan. Reklama roligining mazmun-mohiyatini baholash uchun Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazidan tegishli xulosa olingan.

Taqdim etilgan xulosaga ko‘ra, «LADY EVA» kiyim-kechak savdo do‘konining rasmiy sahifasida joylashtirilgan reklama roligida aks etgan holatlar axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid ekani qayd etilgan. Xususan, reklamada qo‘llangan ayrim obrazlar va ifodalar jamoatchilikda salbiy munosabat uyg‘otishi mumkinligi ta’kidlangan.

Shu asosda Raqobat qo‘mitasi tomonidan «LADY EVA» kiyim-kechak savdo do‘konining rasmiy yurituvchisi hisoblangan «Shanazarov Shavkat Shausmanovich» yakka tartibdagi tadbirkorga nisbatan qonun buzilishi holati bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirgan. Hujjatlar belgilangan tartibda sud organlariga yuborilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining «Reklama to‘g‘risida»gi Qonuni 16-moddasiga muvofiq, reklamada milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid bo‘lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanish taqiqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiyda reklama qonunchiligini buzgan mehmonxona jarimaga tortilgani haqida xabar bergan edik. Raqobat qo‘mitasi onlayn bronlash platformalari orqali ruxsatnomasiz reklama joylashtirgan mehmonxonaga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llagan.

Teglar

Mavzuga oid