«Ayrimlar hali ham uyg‘ongani yo‘q». Prezident birinchi chorak natijalarini tahlil qilmoqda

O‘zbekistonda yanvar-mart oylarida budjet daromadlari o‘tgan yilga nisbatan 35 foizga ko‘payib, 103 trillion so‘mga yetgan.

«Ayrimlar hali ham uyg‘ongani yo‘q». Prezident birinchi chorak natijalarini tahlil qilmoqda © Президент матбуот хизмати

Bugun, 24-aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida birinchi chorak ko‘rsatkichlarini tarmoq va hududlar kesimida tanqidiy tahlil qilish va yilning qolgan davrida qilinadigan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

Bildirilishicha, birinchi chorak yakuni bilan yalpi ichki mahsulot 8,7 foizga, sanoat 8 foizga, xizmatlar 16,1 foizga, qishloq xo‘jaligi 5,1 foizga o‘sgan. Eksport 5,8 milliard dollarni, xorijiy investitsiya hajmi esa 13,7 milliard dollarni tashkil qilgan. Inflatsiya yillik hisobda birinchi marta 7,1 foizgacha pasaygan.

Bularning hisobiga yanvar-mart oylarida budjet daromadlari o‘tgan yilga nisbatan 35 foizga ko‘payib, 103 trillion so‘mga yetgan. Mahalliy budjetlarda qo‘shimcha 2 trillion 200 milliard so‘m mablag‘ shakllangan. Muhimi, shundan 1 trillion 400 milliard so‘m tuman va shaharlar ixtiyorida qoldi.

Xalqaro fond bozorlariga chiqish

Kelasi oy 2 milliard 400 million dollarlik davlat aktivlarining 30 foizi ilk bor xalqaro fond bozorlariga chiqariladi. Bu Milliy investitsiya jamg‘armasini tashkil qilib, 13 ta strategik korxona boshqaruvini nufuzli «Franklin Templeton» kompaniyasiga berilgani uchun bo‘lyapti.

«Bir narsani bilinglar: iqtisodiyotimizni xalqaro miqyosda yangi darajaga olib chiqish uchun chuqur o‘ylab, yakuniy qarorga kelganmiz», – dedi davlat rahbari.

XVJ hisoboti va iqtisodiy erkinlik indeksi

Yig‘ilishda o‘tgan hafta Xalqaro valuta jamg‘armasi e’lon qilgan hisobotda yuqori iqtisodiy faollik orqali O‘zbekiston kuchli va barqaror iqtisodiy o‘sishni saqlab qolayotgani qayd etildi.

Prezident yana bir ko‘rsatkichga e’tibor qaratdi: joriy yil O‘zbekiston nufuzli «Iqtisodiy erkinlik indeksi»da 14 pog‘ona yuqorilab, ilk bor «iqtisodiyoti mo‘’tadil erkin» davlatlar qatoridan joy oldi.

«Buning uchun qanday qiyin va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tganimizni bilganlar biladi.

Umuman, yil boshidan erishilgan natijalar, ko‘rsatkichlar mehnatimizga yarasha bo‘ldi. Lekin ishlamay quruq oylik olib o‘tirganlar ham ishlaganlar bilan «bitta poyezdda ketyapti».

Zamon, iqtisodiyot va odamlar talabi kun sayin ortmoqda. Yilning uchdan biri o‘tib bo‘ldi. Afsuski, ayrimlar hali ham «uyg‘ongani yo‘q», – dedi Prezident.

Teglar

Mavzuga oid