
AZAL samolyoti Sankt-Peterburg aeroportida favqulodda qo‘nish chog‘ida yo‘lakdan chiqib ketdi
Sankt-Peterburgdagi Pulkovo aeroporti shassisi nosoz samolyotning favqulodda qo‘nishi sababli vaqtincha reyslarni qabul qilish va jo‘natishni to‘xtatib turdi.

Sankt-Peterburgdagi Pulkovo aeroporti 20 oktyabr tonggi soatlarda vaqtincha ish faoliyatini to‘xtatdi. Bunga sabab — «Azerbaijan airlines» (AZAL) aviakompaniyasiga tegishli Airbus A320-214 samolyotning old shassisi ishdan chiqqani va uning qo‘nish paytida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketgani bo‘ldi.
Aeroport matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Sankt-Peterburgdan Bokuga yo‘l olgan reys texnik nosozlik tufayli Pulkovoda qo‘nishni so‘ragan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, layner mahalliy vaqt bilan soat 03:40 da aeroportga qaytib qo‘ngan, ammo qo‘nish paytida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketgan. «Pulkovo» axborot markazi xabarida ta’kidlanishicha, passajirlar va ekipaj a’zolari jabrlanmagan.
Ta’kidlanishicha, Peterburgdan Bokuga yo‘nalgan reys ilk parvozda kerakli balandlikka ko‘tarila olmagan. Old shassisi yopilmagani bois, samolyot bir necha soat davomida shahar osmonida aylanib, yoqilg‘ini sarflab bo‘lgachgina favqulodda qo‘nishni amalga oshirgan.
Hozirgi paytda aeroportda qutqaruv va tibbiy xizmatlar kuchaytirilgan holda ishlamoqda. Ayrim reyslar kechiktirilgan yoki boshqa aeroportlarga yo‘naltirilgan. Hozirda Pulkovoda holat barqaror, va aeroport ma’muriyati yaqin soatlarda to‘liq faoliyatni tiklashni rejalashtirmoqda.
AZAL aviakompaniyasi hozircha rasmiy bayonot bermagan, ammo Rossiya va Ozarboyjon aviatsiya idoralari hodisani o‘rganish uchun qo‘shma tekshiruv guruhini tashkil etishi kutilmoqda.





