BAA developerlari uchun xavfli davr: urush, obligatsiyalar va 30 foizgacha pasayish ssenariysi

Kecha 13:553 daqiqa

«Bloomberg» ma’lumotlariga ko‘ra, BAAdagi lyuks ko‘chmas mulk kompaniyalari eng yomon holatda narxlar 30 foizga tushishi va tushum kamayishini prognoz qilmoqda.

BAA developerlari uchun xavfli davr: urush, obligatsiyalar va 30 foizgacha pasayish ssenariysi

Birlashgan Arab Amirliklaridagi bir nechta lyuks ko‘chmas mulk developerlari investorlarni tinchlantirishiga to‘g‘ri keldi, chunki developerlar obligatsiyalarining bir qismi Eron bilan mojaro fonida muammoli qarzlar toifasiga tushib ketdi, deb xabar qildi «Bloomberg».

Kompaniyalarning pessimistik ssenariylariga ko‘ra, sotuvlar 20–30 foizga tushishi mumkin, ammo ular hatto bunday holatda ham barqaror qolishlarini ta’kidlamoqda.

Dubay asosiy indeksidagi 17 foiz pasayish

«Binghatti» va «Omniyat» kabi lyuks ko‘chmas mulk qurilish kompaniyalari qarz qimmatli qog‘ozlariga bosim kuchaygani sabab investorlar bilan qo‘ng‘iroqlar o‘tkazdi, deb ma’lum qildi «Bloomberg» manbalari. Bir oydan beri davom etayotgan Yaqin Sharqdagi urush mintaqa developerlarining obligatsiyalariga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Manbalarga ko‘ra, shunday maslahat uchrashuvlarini «Sobha Realty» va «Arada Developments» ham o‘tkazgan.

To‘rtta kompaniya obligatsiyalari investitsion darajadan past reytingga ega. Reyting agentliklari geosiyosiy xavflar talabga ta’sir qilishi va qurilish xarajatlari oshishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. «Fitch Ratings» «Binghatti», «Omniyat» va «Arada» reytinglarini pasaytirish ehtimoli bilan qayta ko‘rib chiqish ro‘yxatiga kiritdi.

Oy boshida Burj Xalifa qurilishi bilan mashhur «Emaar Properties» ham investorlarga murojaat qilgan edi. «Bloomberg» hisob-kitoblariga ko‘ra, mojaro boshlanganidan buyon kompaniya aksiyalari taxminan 28 foizga tushgan, bu Dubay asosiy indeksidagi 17 foiz pasayishdan ancha yuqori. Hind milliarderiga tegishli «Sobha Realty» kotirovkalari esa bir oy ichida 16 foizga tushib ketdi.

Eng yomon ssenariylar nima deydi?

Investorlar bilan qo‘ng‘iroqlar chog‘ida developerlar stress-ssenariylarni taqdim etdi. «Binghatti» hisoblashicha, eng yomon holatda sotilmagan obyektlar narxi 30 foizga tushishi, tushum esa 20 foizga kamayishi mumkin. Shunga qaramay, kompaniya 2026-yil oxirigacha 5 mlrd dirhamdan ortiq (1,4 mlrd dollar), 2027-yil oxirigacha esa taxminan 14 mlrd dirham (3,8 mlrd dollar) pul mablag‘lariga ega bo‘lishini kutmoqda. Shuningdek, kompaniya mijozlar tomonidan to‘lovlar kechikishi kuzatilmayotganini bildirgan.

«Omniyat» ham narxlar 20 foizdan ortiq pasayishi mumkin bo‘lgan ssenariyni ko‘rib chiqqan, biroq likvidlik barqarorligini ta’kidlagan.

«Omniyat» bayonotida 1,4 mlrd dollardan ortiq likvid aktivlarga ega ekanini, bu qarzlarni qoplash uchun yetarliligini bildirdi. «Sobha Realty» esa investorlar bilan bir nechta qo‘ng‘iroq o‘tkazganini tasdiqlab, likvidlikni saqlash ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi.

BAA urushdan eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlardan biri

Urushdan oldin developerlar Dubay va Abu Dabida yer uchastkalari sotib olish uchun faol qarz olgan. 2025-yilda BAAda ko‘chmas mulk sohasida chiqarilgan obligatsiyalar hajmi qariyb 7 mlrd dollarga yetdi, bu 2024-yilga nisbatan ikki barobardan ko‘p va rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Natijada 2030-yilga qadar taxminan 8 mlrd dollarlik obligatsiyalar to‘lanishi kerak bo‘ladi.

Juda boy mijozlar elita villalar va pentxauslarni faol sotib olgani tufayli Dubay 10 mln dollardan yuqori uy-joy savdosi bo‘yicha Nyu York va

Hongkongni ortda qoldirgan

Biroq mojaro davomida BAA Eronning harbiy harakatlaridan eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlardan biriga aylandi: energetika infratuzilmasi, aeroportlar, turarjoy va tijorat binolari snaryadlar va dronlar qoldiqlaridan zarar ko‘rdi. Brokerlar ma’lumotiga ko‘ra, ko‘plab xaridorlar kutish pozitsiyasini egallagan, ayrim investorlar esa qurilish bosqichidagi obyektlarni sotib olishni kechiktirmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

BAA developerlari uchun xavfli davr: urush, obligatsiyalar va 30 foizgacha pasayish ssenariysi | Vaqt.uz