
Bahorgi semestr uchun o‘qish ko‘chirish bo‘yicha arizalarni qabul qilish boshlandi
Amaldagi tartibga ko‘ra, talabalar bahorgi semestr oldidan o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash uchun arizani 10–20-yanvar kunlari topshirishi mumkin.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan nizomga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, oliy ta’lim tashkilotlari talabalari uchun bahorgi semestr oldidan o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash tartibi yangilandi. Endilikda arizalar har yili 10-yanvardan 20-yanvargacha, shu jumladan, 20-yanvar kuni ham qabul qilinadi.
Mazkur tartib Vazirlar Mahkamasining 578-son qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida joriy etildi. O‘zgartishlar o‘qishni ko‘chirish jarayonini aniq muddatlar bilan belgilash hamda yagona tartibga solishni ko‘zda tutadi. Bu talabalar uchun jarayonning shaffofligi va rejalashtirish imkoniyatini oshiradi.
Arizalarni bir necha usulda topshirish mumkin. Xususan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining rasmiy transfer.edu.uz portali orqali, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali onlayn shaklda, shuningdek, vazir buyrug‘i bilan tashkil etilgan hududiy ishchi guruhlar orqali arizalar qabul qilinadi.
Ariza bilan birga tegishli hujjatlar taqdim etilishi shart. Ularga reyting daftarchasi, akademik ma’lumotnoma yoki transkript nusxasi, shuningdek, o‘qishni ko‘chirish yoki qayta tiklash sabablarini tasdiqlovchi hujjatlar kiradi.
Yangi tartibda ayrim cheklovlar ham belgilangan. Bahorgi semestr oldidan bir oliy ta’lim tashkilotidan boshqasiga ko‘chirib tiklash bo‘yicha arizalar qabul qilinmaydi. Shuningdek, 1-bosqichning 1-semestriga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat etilmaydi, ayrim istisno holatlar bundan mustasno.
Qoidalarga ko‘ra, o‘qishni ko‘chirishda fanlar farqi to‘rttadan oshmasligi, talabaning GPA ko‘rsatkichi esa kamida 2,4 bo‘lishi lozim. Topshirilgan arizalar 21-yanvardan 10-fevralgacha Davlat komissiyasi, tegishli vazirlik va idoralar hamda oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan ko‘rib chiqiladi va natijalar ariza beruvchilarga belgilangan tartibda yetkaziladi.





