add

Bankrotlik, pul yuvish va birlashish: O‘zbekiston tarixida qaysi banklar yopilib ketgan?

Bugun 21:205 daqiqa

«Yangi bank»ning tugatilayotgani O‘zbekistonda banklar yopilishi bo‘yicha birinchi holat bo‘lgani yo‘q. So‘nggi 4 yil ichida Markaziy bank 4 ta bankning litsenziyasini qaytarib oldi.

Bankrotlik, pul yuvish va birlashish: O‘zbekiston tarixida qaysi banklar yopilib ketgan?

Markaziy bank bugun, 15-yanvar kuni «Yangi bank»ning bank faoliyatini amalga oshiruvchi litsenziyasini qaytarib oldi. Bankdagi omonatchilarning aksariyatiga pullari to‘liq qaytariladi. 

Litsenziya olib qo‘yilishiga bank ustav kapitali bo‘yicha regulyatorning talablarini bajarmagani sabab bo‘ldi. Markaziy bank talabi 500 mlrd so‘m bo‘lsa, «Yangi bank»ning ustav kapitali 355 mlrd so‘mni tashkil qilgan. 

«Yangi bank» faoliyatini boshlagandan beri 170 mlrd so‘mdan ko‘proq zarar ko‘rgan. 2025-yilning o‘zida bankning zarari 136 mlrd so‘mdan oshgan. 

«Yangi bank»ning tugatilayotgani O‘zbekistonda banklar yopilishi bo‘yicha birinchi holat bo‘lgani yo‘q. So‘nggi 4 yil ichida Markaziy bank 4 ta bankning litsenziyasini qaytarib oldi. 

Vaqt.uz mamlakat tarixida yopilgan, bankrot bo‘lgan va boshqalar bilan birlashgan banklar ro‘yxatini taqdim qiladi.

«Yevroosiyo banki» 

photo_1_2026-01-15_20-45-48

Markaziy bank 2025-yilning 28-avgustida «Yevroosiyo banki»dan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya chaqirib olgandi

«Yevroosiyo banki» ham xuddi «Yangi bank» kabi ustav kapitali bo‘yicha regulyator talablarini to‘liq bajarmagan. 2025-yil 1-yanvardan boshlab banklarning ustav kapitali kamida 500 mlrd so‘m bo‘lishi kerak edi. 

Bank litsenziyani 2024-yil yanvarida olgan edi. Litsenziya olib qo‘yilishidan avval 2025-yilning birinchi yarmida bankning zarari 51,6 mlrd so‘m bo‘lgan. 

«Yevroosiyo banki» O‘zbekistonda Qozog‘istondagi xuddi shu nomdagi bankning sho‘’ba banki sifatida ochilgandi. Litsenziya qaytarib olingach, Qozog‘iston banki O‘zbekistondagi biznes o‘xshamagani, bor e’tibor Qozog‘istonga qaratilishini ma’lum qildi

«Turkistonbank»

«Turkistonbank» O‘zbekistonda 1998-yildan 2022-yilgacha uzoq muddat faoliyat yuritgan. Markaziy bank tomonidan bank faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya 2022-yilning 7-oktabrida chaqirib olingan

photo_2_2026-01-15_20-45-48

2023-yil fevralida esa Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining qarori bilan bank bankrot deb topilgan. Bankrot deb e’lon qilingan paytda «Turkistonbank» O‘zbekiston banklari orasida aktivlar bo‘yicha 26-o‘rinda edi. 

Faoliyatini so‘nggi yillarida bankda muammoli kreditlarning kredit portfeliga nisbatan ulushi keskin oshib ketgan edi. 

«Turkistonbank»ning 368 mlrd so‘m atrofidagi aholidan olingan qarz mablag‘lari davlat tomonidan to‘liq qaytarilgan. 

«Hi-Tech Bank»

Bankning litsenziyasi 2022-yil 7-oktabrida «Turkistonbank» bilan birgalikda Markaziy bankdan qaytarib olingan. 2010-yilda xususiy bank sifatida ochilgan kredit tashkiloti 12 yil davomida faoliyat olib bordi. 

Screenshot_1

2022-yilning dekabrida «Hi-Tech Bank» Markaziy bankni litsenziyani chaqirib olgani uchun sudga bergandi. Biroq, sud bankning ushbu da’vosini rad etgan. 2023-yil 17-martda bankni bankrot deb topish to‘g‘risida sud qarori ma’lum qilindi

«Hi-Tech Bank» binolarini litsenziya chaqirib olinishdan avval auksionga qo‘yishni boshlagandi. 2023-yil noyabrda bankning binolari qariyb 100 mlrd so‘mga auksionda sotilgandi

photo_3_2026-01-15_20-45-48

Bank binolaridan birini 69 mlrd so‘mga «O‘zbekinvest» kompaniyasi sotib olgandi. Bino Toshkent markazida, Navoiy ko‘chasida joylashgan. Yana bir Mirobod tumanidagi bino 27,8 mlrd so‘mga «WBM Xazorasp» kompaniyasiga sotilgandi. 

2023-yilning oktabr oyida «Hi-Tech Bank»da taxminan 5 mlrd so‘m atrofida aholi omonatlari bor ekani ma’lum qilingandi. Ularning barchasi agent bank — «Qishloq qurilish banki» (hozirgi Biznesni rivojlantirish banki) orqali aholiga qaytarilgan. 

«Amirbank» 

«Turkistonbank» va «Hi-Tech Bank»ka qadar uzoq vaqt banklar yopilishi bilan bog‘liq holat kuzatilmagan edi. 

2014-yilda «Amirbank»ning yopilishi bungacha so‘nggi keys bo‘lib turgandi. 2008-yilda xususiy tarzda tashkil qilingan bankni oradan 6 yil o‘tib Markaziy bank litsenziyasini qaytarib oldi

photo_4_2026-01-15_20-45-48

Litsenziya qaytarib olinishidan avval S&P agentligi «Amirbank»ning barcha reytinglarini bekor qilgandi. Bunga sabab qilib reytingni kuzatishni davom ettirish va jarayonini yangilab borish uchun yetarli hamda ishonchli axborot berilmayotgani keltirilgan. 

Bankning bosh ofisi Samarqandda joylashgan edi. «Amirbank» nomi aynan Amir Temurga atab qo‘yilgandi va bankning logotipida ham Amir Temur haykali turardi. 

«Amirbank» 5 mlrd so‘mlik ustav kapitali bilan ochilgan. Faoliyatining asosiy yo‘nalishi kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish edi. 

«Samarqand bank» 

«Samarqand bank»ning ham litsenziyasi Markaziy bank tomonidan 2014-yilning boshida chaqirib olingan. Bank 2000-yilda ochilgan bo‘lib, 14 yil davomida faoliyat olib bordi. 

photo_5_2026-01-15_20-45-48

2013-yilda bank rahbariyat almashgach ahvol yomonlashadi. S&P agentligi o‘sha yili xuddi «Amirbank» kabi bankning kredit reytinglarini ma’lumotlar yetarli emasligi sabab qaytarib olgandi

«RBS O‘zbekiston»

«Royal bank of Scotland O‘zbekiston» banki 2013-yilda «KDB Bank O‘zbekiston» banki bilan birlashgan edi. Bankni Koreya Taraqqiyot banki sotib olgandi. 

photo_6_2026-01-15_20-45-48

«RBS O‘zbekiston» banki 1996-yilda «ABN AMRO Bank O‘zbekiston» nomi ostida tashkil qilingandi. Bank ochilgan paytda 30 foiz ulushiga «Milliy bank», qolgan 70 foiziga xorijiy moliya tashkilotlari egalik qilardi. 

2008-yilda bankning asosiy egasi almashadi va uning nomi «Royal bank of Scotland O‘zbekiston» deya o‘zgartiriladi. Bank shu nom ostida 2013-yilda «KDB Bank»ka qo‘shilib ketguncha faoliyat olib boradi. 

Bundan tashqari mustaqillikdan 2010-yilgacha quyidagi banklar yopilgan yoki boshqa bankka qo‘shib yuborilgan: 

— Nur Anvar bank (1988–1992)

— Rustambank (1992–1998)

— Umarbank (1990–2000)

— Mevasabzavotbank (1994–2000)

— Aviabank (1990–2004)

— Biznes-Bank (2002–2005)

— Uzprivatbank (1995–2006)

— Parvinabank (1994–2009)

— Alp Jamol bank (1998–2010)

Ro‘yxatdagi banklardan «Nur Anvar bank» asosichisi Anvar Tillanazarov qamalgandan so‘ng bank aktivlari musodara qilingan tarzda yopilgan. Tillanazorovning bankdan tashqari butun mol-mulki davlatga musodara qilingani aytiladi. 

«Rustambank» mustaqil O‘zbekistondagi birinchi xususiy bank bo‘lib, egasi Rustam Usmonov qamalishi ortidan bank faoliyati tugatilgan. U 17 yil davomida «Jasliq» qamoqxonasida o‘tirib 2017-yilda ozodlikka chiqqan. 

«Umarbank» esa Samarqandda faoliyat ko‘rsatgan xususiy bank edi. Uni nosog‘lom bank faoliyati sababli «Ipak yo‘li»bankiga qo‘shib yuborishgan. «Ipak yo‘li» bankining Samarqand filiali hamon «Umar» deb ataladi. 2019-yilda bank asoschisi Umar Rajabov 11 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. 

«Avibank» «Kapitalbank» bilan, «Mevasabzavotbank» «Garantbank» bilan birlashgan bo‘lsa, «Uzprivatbank» «SQB» bilan qo‘shib yuborilgan. «Alp Jamol bank» qonunchilikni buzgani uchun tugatilib, aktivlari «Xalq banki»ga o‘tkazilgan. 

15 yil faoliyat yuritgan «Parvinabank»ning litsenziyasi Markaziy bank tomonidan pul yuvishda ayblanib qaytarib olingan.

Maqolani tayyorlashda Bankers.uz ma’lumotlaridan foydalanildi.

Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 36

Barchasi

Mavzuga oid