add

Basseyn to‘ldirganlik uchun jarima bormi? Ichimlik suvidan foydalanishga doir izohlar berildi

14.06.2025 | 17:3047855

Yozning issiq kunlarida bolalar uchun karkasli basseynlar o‘rnatish odatiy hol. Ammo ichimlik suvi bilan to‘ldirilgan bu basseynlar ko‘pincha jarimaga sabab bo‘lishi mumkin.

Basseyn to‘ldirganlik uchun jarima bormi? Ichimlik suvidan foydalanishga doir izohlar berildi
Ijtimoiy tarmoqlarda esa kim suvdan noto‘g‘ri foydalanish holatini videoga olib xabar bersa, mukofot olishi haqida xabarlar tarqaldi. Bu yangilik aholi orasida yanada xavotir uyg‘otdi.

Suv xo‘jaligi vazirligi tushuntirish berishicha, 7 iyundan kuchga kirgan Vazirlar Mahkamasining yangi qaroriga ko‘ra, mukofot pullari faqat qishloq xo‘jaligida suvdan foydalanish qoidalarini buzgan holatlarni aniqlash uchun belgilangan. Masalan, kanallar va drenaj tizimlaridan ruxsatsiz suv olish, noqonuniy nasos o‘rnatish yoki sug‘orish suvini belgilanmagan maqsadlarda ishlatish kabi holatlar nazarda tutilgan.

Yangi tartibga muvofiq, jismoniy shaxslar yuqorida sanab o‘tilgan noqonuniy harakatlarni tasdiqlovchi foto yoki video materiallarni 48 soat ichida v-nadzor.gov.uz saytiga yuborishlari mumkin. Agar bu holat tasdiqlansa, murojaat qiluvchi shaxsga jarima summasining 25 foizi miqdorida mukofot to‘lanadi.

Masala yuzasidan «Toshkent shahar suv ta’minoti» AJ ham rasman izoh berdi. «Belgilangan me’yorlarning hech birida aynan basseyn uchun ichimlik suvidan foydalanish bo‘yicha taqiq yo‘q. Faqat hisoblagich bor xonadonlarda tungi vaqtda basseylarni to‘ldirib olish tavsiya etiladi», deyiladi korxona rasmiy munosabatida. Qonunchilikka ko‘ra, ichimlik suvidan mashina yuvish, bog‘ sug‘orish yoki basseyn to‘ldirish mumkin, faqat bu ishlar soat 00:00 dan 05:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida bajarilishi shart. Ushbu qoidaga rioya qilinsa, suv nazorati inspektorlari tomonidan jarima solinmaydi. Mutaxassislar basseyn to‘ldirish jarayonini videoga olib, uning vaqti va hajmini aniq belgilab qo‘yishni maslahat berishmoqda. Bu holatda kimdir shikoyat qilsa, fuqaro o‘zini oqlab bera oladi. Ayni vaqtda suvnining hisobini olmay foydalanganlar katta miqdorda to‘lovga duch kelishlari mumkin. Agar uyda suv hisoblagich o‘rnatilmagan bo‘lsa, to‘lov maxsus formula asosida aniqlanadi va qimmatroq bo‘lishi mumkin. Shuning uchun iste’molni hisoblab borish uchun suv hisoblagich o‘rnatish tavsiya etiladi. Shu bilan birga, Feysbukdagi «Iste’molchi» guruhi ishtirokchilari suv xarajatini kamaytirish bo‘yicha layfxaklar bilan o‘rtoqlashishdi. Ular, jumladan, basseyndagi suvni har oy emas, kamida har ikki-uch oyda bir marta almashtirish uchun maxsus kimyoviy vositalardan foydalanishni tavsiya etishdi. Yosh bolalarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida, bolalar ombudsmani barcha viloyatlarda sun’iy yoki tabiiy xavfsiz suv havzalari tashkil etish tashabbusi bilan chiqqan.

Teglar

Mavzuga oid

Basseyn to‘ldirganlik uchun jarima bormi? Ichimlik suvidan foydalanishga doir izohlar berildi | Vaqt.uz