Belarus O‘zbekistonga AES qurilishida texnologiya va kadrlar bilan yordam bermoqchi
Belarus Prezidenti O‘zbekiston atom energetikasi loyihalarida ishtirok etishga tayyorligini bildirib, texnologiyalar yetkazib berishni va mahalliy mutaxassislar tayyorlashda yordam berishni taklif qildi.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko O‘zbekistonga atom elektr stansiyasi qurishda texnologiyalar taqdim etish va mahalliy mutaxassislarni tayyorlashda yordam berishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda Lukashenko Minskda O‘zbekistonning Belarusdagi elchisi Rahmatulla Nazarov bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Lukashenko Belarus mutaxassislari atom energetikasi, qishloq xo‘jaligi va mashinasozlik kabi bir qator sohalarda O‘zbekiston bilan hamkorlik qilish imkoniyatiga ega ekanligi haqida ma’lum qildi. Unga ko‘ra, belaruslik mutaxassislar Rossiya bilan hamkorlikda atom energiya bloklarini qurish jarayonida katta tajriba to‘plagan.
Belarus rahbari O‘zbekiston birinchi atom elektr stansiyasini barpo etish masalasida Belarus tajribasiga qiziqish bildirganini ham qayd etdi. Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasi istalgan vaqtda Belarusga tashrif buyurib, mahalliy mutaxassislar bilan muzokaralar o‘tkazishi mumkin.
«Agar sizga ma’qul bo‘lsa, istalgan vaqtda kelishingiz mumkin. Mutaxassislar bilan uchrashib, muhokama qilasiz. Biz sizning atom elektr stansiyangiz qurilishiga hissa qo‘shamiz», — dedi Lukashenko.
Belarus prezidentining ta’kidlashicha, Minsk Toshkent bilan atom energetikasi sohasida chuqur va uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor. U belaruslik ekspertlar ushbu sohada qo‘ldan kelgancha yordam berishga tayyor ekanini bildirdi.
Shuningdek, uchrashuv davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik ham muhokama qilindi. Lukashenko O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi savdo aylanmasini kelgusi yillarda 2 milliard dollarga yetkazish mumkinligini aytdi. Uning fikricha, ikki davlat iqtisodiyotlari bir-birini to‘ldiruvchi xususiyatga ega bo‘lib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, sanoat texnologiyalari va qayta ishlash sohalarida hamkorlikni kengaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjud.
Ma’lumot uchun, 2025 yil avgust oyida «O‘zatom» agentligi delegatsiyasi Belarusga tashrif buyurib, mamlakatning atom elektr stansiyalarini qurish va ulardan foydalanish tajribasini o‘rgangandi. Delegatsiya rahbari Azim Axmedxo‘jayev Belarus energetika vaziri Denis Moroz bilan atom energetikasi sohasidagi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilgan.
Muzokaralarda Axmedxo‘jayev O‘zbekiston Belarusni atom energetikasi sohasidagi muhim hamkorlardan biri sifatida ko‘rayotganini ta’kidlagan. Denis Moroz esa belaruslik mutaxassislar O‘zbekistondagi AES qurilishida ishtirok etishi mumkinligini bildirgan.





