Berlin deklaratsiyasi: Markaziy Osiyo va Germaniya hamkorligining yangi davri boshlandi
Berlinda Markaziy Osiyo va Germaniya vazirlari uchrashib, bir qator masalalarni muhokama qildi.

Germaniya poytaxti Berlin shahrida «Markaziy Osiyo – Germaniya» formatidagi ilk vazirlar darajasidagi uchrashuv o‘tkazildi. Unda Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlarini qabul qildi.
Berlin sammiti: Markaziy Osiyo va Germaniya o‘rtasida yangi siyosiy muloqot
Qayd etilishicha, muloqot chog‘ida uchrashuv ishtirokchilari Markaziy Osiyoning barqarorlik va muloqot maydoni sifatidagi ahamiyatini alohida ta’kidlagan.
Shtaynmayer mintaqa davlatlari bilan sheriklik Germaniya uchun ustuvor yo‘nalish ekanini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zaro hamkorlik ishonch va hurmat tamoyillari asosiga qurilgan.
Markaziy Osiyo davlatlari TIV rahbarlari «C5+1» formatining tizimli siyosiy platforma sifatidagi muhim o‘rnini tasdiqlagan. Ta’kidlanishicha, ushbu format mintaqaviy masalalarni umumiy manfaatlar asosida kompleks tarzda muhokama qilish imkonini beradi.
Iqtisodiy hamkorlik va «Yashil» energetika istiqbollari
Tomonlar iqtisodiyot, investitsiyalar, energetika, tabiiy resurslar, sanoat, texnologiyalar, transport va logistika sohalarini rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqqan. Shuningdek, iqlim o‘zgarishi, ta’lim va ilm-fan masalalariga alohida e’bor qaratilgan.
«Yashil energetika, mashinasozlik, elektrotexnika ishlab chiqarish hamda qurilish materiallari sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish uchun kuchli salohiyat mavjudligini ko‘rmoqdamiz», — deya yozdi O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Telegramdagi kanalida.
Muzokaralarda mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlik masalalari ham diqqat markazida bo‘lgan. Markaziy Osiyoning Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi strategik halqa sifatidagi roli yuqori baholangan.
Berlin deklaratsiyasi: Strategik sheriklikning huquqiy asosi
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha muntazam muloqotni davom ettirishga kelishib olingan. Shuningdek, formatni yanada rivojlantirishga qaratilgan vazirlarning Berlin deklaratsiyasi qabul qilingan.
Muzokaralarda Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Yermek Kosherbayev, Qirg‘iziston TIV rahbari Jeyenbek Kulubayev, Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Turkmaniston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Axmet Gurbanov ishtirok etgan.
Germaniya biznesi bilan amaliy aloqalar va Toshkent investitsiya forumi
Bundan tashqari, Berlinda mintaqa mamlakatlari va Germaniya tashqi ishlar vazirlari ishtirokida Iqtisodiy forum o‘tkazilgan. Tadbir Germaniya iqtisodiyotining Sharqiy qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan.
Forumda savdo-sotiq, investitsiyalar jalb qilish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilingan. Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful va uning markaziy osiyolik hamkasblari «C5+1» formatining strategik ahamiyatini hamda Germaniya biznesi bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish zarurligini ta’kidlagan.
Tomonlar aloqalarni diversifikatsiya qilish va iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishdan manfaatdor ekanliklarini bildirgan.
«Joriy yil iyun oyida bo‘lib o‘tadigan Toshkent Xalqaro Investitsiya Forumida hamkorlarimizni kutib qolamiz hamda strategik iqtisodiy sherikligimizni yanada mustahkamlashda davom etamiz», — degan Saidov.





