«Bir ochlardan olib, boshqa ochlarga berishga majbur bo‘lyapmiz»: Jahon oziq-ovqat dasturi ogohlantirish e’lon qildi
Erondagi urush va gumanitar moliyalashtirishning qisqarishi millionlab insonlarni ocharchilik xavfi ostida qoldirdi.

Erondagi mojaroning keskinlashishi va global gumanitar yordam mablag‘larining qisqarishi dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda. Bu haqda Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) rahbari vazifasini bajaruvchi Karl Skau CNN telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari orasida ommaviy ocharchilik xavfi ortib bormoqda.
Moliyaviy imkoniyatlar qisqargani sababli tashkilot resurslarni qayta taqsimlashga majbur bo‘lmoqda.
«Ko‘p joylarda biz bir ochlardan olib, boshqa ochlarga berishga majbur bo‘lyapmiz», — dedi Skau.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ta’siri
WFP ma’lumotlariga ko‘ra, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi uzilishlar va transport harakatining cheklanishi yoqilg‘i narxlarini oshirgan. Bu esa gumanitar operatsiyalar xarajatlari va oziq-ovqat mahsulotlari narxining global miqyosda oshishiga sabab bo‘lgan.
Ayniqsa, Sudan kabi davlatlar qishloq xo‘jaligi uchun o‘ta muhim bo‘lgan va Fors ko‘rfazi orqali keltiriladigan o‘g‘it ta’minoti zanjiridan uzilib qolgan.
Donorlar mablag‘i keskin qisqardi
Vaziyatni og‘irlashtirayotgan asosiy omillardan biri donor davlatlar tomonidan ajratilayotgan mablag‘larning kamayishi bo‘lgan.
WFP hisob-kitoblariga ko‘ra, xalqaro moliyalashtirish hajmi so‘nggi yillarda taxminan 40 foizga qisqargan.
Tashkilotning eng yirik donori hisoblangan AQSH ham mablag‘ ajratishni kamaytirgan. 2026 yil iyun holatiga ko‘ra, Vashington tomonidan ajratilgan mablag‘ 731 million dollarni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 4 milliard dollardan ortiq bo‘lgan.
Ma’lumot uchun: 1961 yilda tashkil etilgan Jahon oziq-ovqat dasturi har yili taxminan 4 million tonna oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib beradigan dunyodagi eng yirik gumanitar tashkilot hisoblanadi.





