add

Bog‘cha qamrovi past bo‘lgan hududlarda MTT tashkil etgan tadbirkorlarga imtiyozlar beriladi

Bugun 11:153 daqiqa

2026 yil 1-apreldan boshlab maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman va shaharlarda xususiy bog‘cha tashkil etgan tadbirkorlik subyektlari uchun moliyaviy, soliq va ma’muriy imtiyozlar joriy etiladi.

Bog‘cha qamrovi past bo‘lgan hududlarda MTT tashkil etgan tadbirkorlarga imtiyozlar beriladi

Bog‘cha qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan hududlarda (Toshkent shahri bundan mustasno) MTT tashkil etgan tadbirkorlarga imtiyozlar beriladi. Bu haqda Prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, maktabgacha ta’lim va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining bo‘sh yer maydonlarida davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etishga ruxsat beriladi. Bunda ijara to‘lovlari 30 yil davomida undirilmaydi, belgilangan muddat tugagach, mazkur bog‘cha davlat balansiga topshiriladi.

Subsidiya va uning miqdori

Davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yurituvchi bog‘chalarga har bir bola uchun subsidiya ajratiladi. Uning miqdori 9 soatlik ish rejimidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bir nafar tarbiyalanuvchiga sarflanadigan xarajatning 50 foiziga teng. Subsidiya elektron davomat tizimi asosida davlat-xususiy sheriklik bitimi amal qilgan butun davr mobaynida beriladi. Mazkur miqdor har yili Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Xususiy bog‘chalar uchun moliyaviy yordam

Qamrov past hududlarda davlat ta’lim muassasalarining bo‘sh yer maydonlaridan tashqari joylarda quvvati kamida 150 o‘rinli nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etuvchi tadbirkorlarga ham qator imtiyozlar berilmoqda. Xususan, ularga 7 yilgacha muddatga 5 milliard so‘mgacha kredit ajratiladi. Kredit stavkasi yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori etib belgilangan. Asosiy shart — maktabgacha ta’lim tashkilotini 18 oygacha bo‘lgan muddat ichida qurib foydalanishga topshirishdir.

Yer ajratish va maoshlarni qoplash mexanizmi

Bunday bog‘chalar uchun yer uchastkalari ruxsat etilgan foydalanish turini o‘zgartirmaslik sharti bilan auksion orqali ajratiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari har yili 1-aprelga qadar demografik o‘sish, aholi joylashuvi va zichligini hisobga olgan holda maqbul yer uchastkalari ro‘yxatini e’lon qilib boradi. Bog‘cha faoliyati yo‘lga qo‘yilgandan so‘ng, tarbiyachilarga to‘lanadigan oylik ish haqi davlat bog‘chalarida belgilangan miqdorda uch yil davomida Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi. Hisob-kitobga ko‘ra, har 30 nafar bola uchun bir nafar tarbiyachi shtat birligi ajratiladi.

Soliq imtiyozlari va ularning muddati

Farmonda soliq imtiyozlari ham alohida belgilangan. 2030 yil 1-yanvarga qadar ijtimoiy soliq stavkasi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti litsenziya olgandan keyin uch yil davomida pasaytiriladi. Agar hududda qamrov 70–80 foiz oralig‘ida bo‘lsa, stavka 5 foiz etib belgilanadi. Qamrovi 70 foizdan past bo‘lgan tuman va shaharlarda esa ijtimoiy soliq stavkasi 1 foizni tashkil etadi. Bu imtiyozlar amalda faoliyat ko‘rsatayotgan nodavlat bog‘chalarga ham tatbiq etiladi.

Yangi uylar birinchi qavatidagi bog‘chalar

Yuqorida qayd etilgan kredit va maoshlarni qoplashga oid imtiyozlar 1-apreldan boshlab respublika bo‘ylab quriladigan yangi ko‘p kvartirali uylarning birinchi qavatida maktabgacha ta’lim tashkilotlarini ochadigan tadbirkorlarga ham qo‘llanadi. Shuningdek, 2026 yil 1-apreldan e’tiboran bunday bog‘chalar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 2030 yilgacha 5 foiz qilib belgilanadi.

Qamrov past hududlar ro‘yxati qanday shakllanadi?

Maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman va shaharlar ro‘yxati Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi va har moliyaviy yilda yangilanadi. Ushbu ro‘yxat O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi taqdim etgan 3–7 yoshli bolalarning umumiy soni haqidagi rasmiy ma’lumotlarga asoslangan holda shakllantiriladi. Ma’lumotlar haqqoniyligi uchun Milliy statistika qo‘mitasi javobgar hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid