add

Bojxona postlari tugatilmayapti — qo‘mita izoh berdi

Kecha 18:581 daqiqa

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlardan farqli ravishda, ayrim bojxona postlari yopilmaydi va faoliyatini davom ettiradi.

Bojxona postlari tugatilmayapti — qo‘mita izoh berdi

Bojxona qo‘mitasi bir qator chegara bojxona postlari tugatilayotgani haqidagi xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi. Qo‘mita bayonotida ushbu ma’lumotlar noto‘g‘ri ekanligi ta’kidlandi.

Rasmiy bayonotga ko‘ra, Prezidentning 2025 yil 17-dekabrda qabul qilingan «Bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish hamda samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–250 sonli farmoniga muvofiq, 6 ta bojxona posti va punktida sinov tariqasida yangi tartib joriy etilmoqda.

Ya’ni, 2026 yil 31-dekabrga qadar ushbu punktlarda avtotransport vositalarini ko‘zdan kechirish ishlari chegara qo‘shinlari tomonidan amalga oshiriladi. Gap «Bobotog‘» bojxona punkti, «Uchto‘rg‘on», «Pop», «Rovot», «Rishton» hamda «Bekobod avto» chegara bojxona postlari haqida bormoqda. Biroq bu holat mazkur bojxona postlari yopilishi yoki tugatilishini anglatmaydi.

Qo‘mitasi izohiga ko‘ra, bu qaror orqali bir-birini takrorlovchi funksiyalar qisqartirilib, ayrim bojxona nazorati tartib-taomillari chegara qo‘shinlariga o‘tkazilmoqda. Asosiy maqsad — chegaradan o‘tish jarayonlarini tezlashtirish, ortiqcha byurokratik bosqichlarni kamaytirish va nazorat samaradorligini oshirishdan iborat.

Shu bilan birga, ushbu bojxona postlari o‘z faoliyatini to‘liq saqlab qoladi va belgilangan vazifalarni bajarishda davom etadi.

Teglar

Mavzuga oid