«Budjet kamomadini yopish uchun aholi va biznesdan har qanday yo‘l bilan pul undirish kuchaymoqda» — iqtisodchi
Davlat tashqi qarzining ortishi va budjet kamomadi ichki soliq siyosati hamda aholi farovonligiga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda? Nima uchun kommunal tariflar, jarimalar va yashirin yig‘imlar tizimida keskin o‘sish kuzatilyapti? Iqtisodchi Islombek Niyozmetov Vaqt.uz saytiga bergan intervyusida tashqi qarz yuki, shaffoflik muammosi va soliq ma’murchiligidagi so‘nggi o‘zgarishlar atrofidagi bahsli holatlarni tahlil qildi.
– Islombek aka, chiqishlaringizda “tashqi qarz – kelajak soliq yuki” deb ko‘p ta’kidlaysiz. Biroq biz bugunning o‘zidayoq tariflar va soliqlar oshishi orqali bu qarzlarni to‘lashni boshlab yuborgandekmiz. Ayniqsa, milliardlab tashqi qarz jalb etilgan energetika sohasida narxlar keskin oshganiga qaramay, uzilishlar hamon bor va xizmat sifati o‘zgarishsiz qolmoqda.
Shu ma’noda, olinayotgan qarzlar qachon o‘zini oqlaydi va xalq yelkasidagi bu fiskal bosim qachon to‘xtaydi? Bu boradagi ijtimoiy xavotirlar qanchalik o‘rinli?
Islombek Niyozmetov:
– Savolingiz juda o‘rinli va dolzarb. Men o‘z chiqishlarimda tashqi qarzni “kelajakning soliq yuki” deb atashim bejiz emas. Har qanday davlat qarzini uzishning yagona manbai — soliqlar, davlat bojlari va yig‘imlardir. Bundan tashqari, rasman soliq deb e’lon qilinmagan, lekin aholining xarid qobiliyatini pasaytiradigan “kvazi-soliqlar” (yashirin yig‘imlar) ham mavjud.
To‘g‘ri, bugungi kunda tashqi qarz hajmining ortishi va to‘lov muddatlarining kelishi bilan bog‘liq fiskal bosimni hozirgi avlod ham o‘z ustida jiddiy seza boshladi. Buni bir nechta yo‘nalishlarda ko‘rish mumkin:
Birinchidan, yo‘llardagi radar va kameralar tizimi. Bu loyihalar dastlab jamoatchilik tartibi va harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida joriy etilgan edi. Biroq bugungi kunda ushbu tizim haydovchilarni tarbiyalashga emas, balki ularni qopqonga tushirish orqali budjetga maqsadli ravishda mablag‘ yig‘ish mexanizmiga aylanib qolganini jamiyat sezib turibdi. Vaholanki, jarima budjetni to‘ldirish manbai bo‘lmasligi kerak. Prezidentimiz tashabbusi bilan chiziqlarni bosishga oid ayrim jarimalar bekor qilingani yaxshi bo‘ldi, aks holda yo‘llarni sun’iy ravishda toraytirib, aholidan ortiqcha pul undirish amaliyoti kuchayib ketayotgan edi.
Ikkinchidan, kommunal to‘lovlar tariflarining keskin oshirilishi. Bu tizimda hali ham shaffoflik ta’minlanmagan. Sohaga ajratilayotgan subsidiyalar hajmi, xizmatlarning asl tannarxi qancha ekani va eng muhimi — energetika sohasi uchun olinayotgan tashqi qarzlar aniq nimalarga sarflanayotgani jamoatchilikka qorong‘i bo‘lib qolmoqda. Davlat monopoliyasi saqlanib qolayotgan tarmoqda narxlarning asossiz ravishda keskin oshirilishi ham aynan o‘sha “kvazi-soliq”ning bir ko‘rinishidir.
– Shaffoflik yo‘qligi borasidagi fikringizga qo‘shilaman. Yaqinda energetika tariflari oshirilganidan so‘ng, tizim rahbariyati butun jamoatchilik oldiga chiqib tushuntirish berish o‘rniga, sanoqli bloggerlarni vazirlikka chaqirib, yopiq eshiklar ortida uchrashuv o‘tkazdi. U yerdagi asosiy vaj “quvurlar va transformatorlarni yangilashga majburmiz” degan mazmunda bo‘ldi. Bunday yopiq va noshaffof tizimga trillionlab budjet hamda qarz mablag‘larining jalb etilishi, tabiiyki, turli shubhalarni uyg‘otadi.
Niyozmetov:
– Albatta. Radarlar va kommunal to‘lovlardan tashqari, davlat bojlari va yig‘imlari tizimida ham shunday jarayon kuzatilmoqda. Ilgari kuzatilmagan amaliyot — arzimagan suv yoki soliq qarzdorligi uchun fuqarolarni darhol sudga berish holatlari ko‘paydi. Sud esa qisqa muddatda yirik miqdordagi davlat boji va pochta yig‘imini belgilab, ishni Majburiy ijro byurosiga (MIB) o‘tkazadi. U yerda yana qo‘shimcha MIB yig‘imi qo‘shiladi. Natijada kichik bir qarzdorlik bir necha barobar shishirilib, aholidan undirib olinyapti. Bundan ko‘rinib turibdiki, tegishli idoralar oldiga “qanday qilib bo‘lsa ham budjetga pul tushirish” vazifasi qo‘yilgan.
Bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin: texnik pasportlarni har besh yilda majburiy yangilash, haydovchilik guvohnomalari yoki turli sohalardagi majburiy sertifikatlashtirish tizimlari — bularning barchasi aholi va biznes zimmasiga qo‘shimcha moliyaviy yuk bo‘lib tushmoqda. Biz tashqi qarz va budjet defitsitining asoratlarini kelajakda emas, allaqachon hozirgi avlod sifatida o‘z tanamizda his qilyapmiz. Hukumat budjet kamomadini yopish uchun barcha ichki manbalardan maksimal darajada mablag‘ undirishga majbur bo‘lmoqda.
Eng xavotirlisi, bu jarayon soliq ma’murchiligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. To‘g‘ri, Soliq kodeksiga yangi soliq turlari kiritilmadi, lekin ma’murchilikni qattiqlashtirish orqali tadbirkorlarga bo‘lgan bosim kuchaydi. Hozirgi kunda soliq ma’murchiligi amaldagi qonunchilik ruhiga zid ravishda ishlamoqda.
Masalan, joriy yildan boshlab ko‘plab tadbirkorlardan shikoyatlar tushmoqda. Baliqchilik xo‘jaliklariga Davlat soliq qo‘mitasidan xat kelib, unda yer maydoni yoki ishlatilgan suv hajmiga nisbatan ma’lum bir “norma” asosida qo‘shimcha soliq to‘lash talab qilinyapti. Tadbirkorlar Soliq kodeksidan bunday normani topa olishmayapti. So‘rishtirsak, bu talab qonunda emas, balki Soliq qo‘mitasi raisining budjetga qo‘shimcha mablag‘ jalb qilishga qaratilgan ichki buyrug‘i asosida o‘ylab topilgan ekan.
Vaholanki, mamlakatda yangi soliq yoki majburiy to‘lovlarni faqat Parlament qonun orqali joriy etishi mumkin. Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan Soliq siyosati konsepsiyasida barcha qonunosti hujjatlarini qisqartirish va Soliq kodeksining to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashini ta’minlash vazifasi qo‘yilgan edi. Biroq amaliyotda Kodeks chetlab o‘tilib, ichki yo‘riqnomalar, ayniqsa, qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) ma’murchiligini ramkaga solish orqali biznesdan qo‘shimcha mablag‘ undirish tizimi faollashdi.
Yana bir misol: xususiy tibbiyot klinikasiga soliq idorasidan xat kelgan. Unda har bir shifokor kuniga falon hajmda xizmat ko‘rsatishi kerakligi, shundan kelib chiqib ma’lum miqdorda QQS hisoblanishi va o‘tgan yillar uchun falon million so‘m qo‘shimcha soliq to‘lanishi shartligi yozilgan. Vaholanki, tibbiyotda kunlik majburiy plan degan tushuncha yo‘q, bemor kelmasligi ham mumkin.
Bu yerda tadbirkorlarga nisbatan ochiqdan-ochiq psixologik bosim va shantaj usuli qo‘llanilmoqda. Xatda agar ko‘rsatilgan summa to‘lanmasa, majburiy tartibda undirilishi yoki korxonada kameral va sayyor soliq tekshiruvlari boshlanishi bilan qo‘rqitiladi. Bu vaziyat menga 2018-2019 yillardagi islohotlardan oldingi, ya’ni "tekshirishga bordingmi, albatta ayb top" deyiladigan eski tizimni eslatmoqda. Biz bu illatlardan qutilgan edik-ku, nega yana orqaga qaytyapmiz?
Bularning barchasi tashqi qarzning nazoratsiz o‘sishi va budjet defitsitining kengayib borayotgani oqibatidir. Rasmiy prognozlar va Budjet to‘g‘risidagi qonun tildeklaratsiyasi shuni ko‘rsatmoqdaki, davlat qarzining ortishi kelgusi yillarda ham davom etadi, demak, ichki fiskal bosim ham pasaymaydi.
Teglar






