
Davlat banklarida shtatlar qisqartiriladi, bank-moliya sohasi xodimlari maoshi ham
Prezident Farmoniga ko‘ra, davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan tashkilotlarda bir nafardan rahbar o‘rinbosari lavozimlari qisqartiriladi, shuningdek, boshqaruv xodimlari soni 10 foiz miqdorida maqbullashtiriladi.

2025 yilning 4 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatiga raqamlashtirishni keng joriy etish hisobiga boshqaruv shtat birliklari sonini maqbullashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi.
Prezident Farmoni bilan ijro etuvchi hokimiyat organlariga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni raqamlashtirish, sun’iy intellekt vositalarini jalb etish hisobiga ijro hokimiyatining 2141 ta shtat birligi qisqartiriladi.
Farmonda Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari aksiyadorlar umumiy yig‘ilishida, shuningdek, davlat korxonalari boshqaruv organlarida kamida bir nafardan rahbar o‘rinbosari lavozimlarini qisqartirish, shuningdek, boshqaruv xodimlari sonini 10 foiz miqdorida maqbullashtirish tashabbusi bilan chiqishi belgilangan.
Xalq banki, O‘zmilliybank, O‘zsanoatqurilishbank, Agrobank, Biznesni rivojlantirish banki, Aloqabank, Asakabank, Mikrokreditbank va Turonbank – davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan banklar hisoblanadi. Demak, ushbu banklardagi boshqaruv organlarida kamida bir nafardan rahbar o‘rinbosari lavozimlarini qisqartirilib, boshqaruv xodimlari soni 10 foiz miqdorida maqbullashtiriladi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi bilan birgalikda shtat birliklari qisqartirilgan xodimlarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashadi.
Mazkur Farmon e’lon qilinganidan so‘ng birinchilardan bo‘lib Mikrokreditbank Boshqaruvida o‘zgarish bo‘ldi. Boshqaruv raisining bir nafar o‘rinbosari Ibragimova Shaxlo Alimbayevna O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish hamda tadbirkorlik asoslariga o‘quvlarni tashkil etish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Bank-moliya sohasidagi ayrim yo‘nalishlarda ham oylik ish haqi kamayishi mumkin
Prezident imzolagan hujjat bilan 2017 yilda qabul qilingan PQ – 2847 qaror bekor qilindi. Mazkur qaror Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi va uning hududiy boshqarmalari, hududiy moliya va g‘aznachilik bo‘linmalari hamda byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi hududiy bo‘linmalarining xodimlari lavozim maoshini mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga asosan belgilashda tarif koeffitsiyenti 1,5 baravarga oshirilgan holda qo‘llanilishini nazarda tutadi.
Bundan tashqari, Bank-moliya akademiyasi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining kunduzgi ta’lim shaklida ta’lim olayotgan tinglovchilarga asosiy ish joyidagi lavozimi va o‘rtacha oylik ish haqi o‘qishning butun davri uchun saqlab qolinishi haqidagi qonunga o‘zgartirish kiritildi. O‘zgartirishga ko‘ra, endilikda mazkur oliygohlar tinglovchilarining o‘rtacha oylik ish haqi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 15 baravaridan oshmagan taqdirda saqlab qolinadi.
Ma’lumot uchun, bank-moliya sohasi bir necha yillardan buyon O‘zbekistondagi eng daromadli soha bo‘lib kelayotgan edi. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyati sohasida o‘rtacha ish haqi 16 mln 252,9 ming so‘mni tashkil etmoqda. Bu O‘zbekistondagi o‘rtacha ish haqidan qariyb 3 barobar, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasi xodimlarinikiga nisbatan 4 barobarga ko‘pdir.





