Davlat ro‘yxatidan o‘tmagan suv fondi yerlariga bo‘lgan huquqlar bekor qilinadi
2026 yil yakuniga qadar suv fondi yerlari xatlovdan o‘tkaziladi. Davlat ro‘yxatidan o‘tmagan mulk va ijara huquqlari bekor qilinib, yerlar suv xo‘jaligi tashkilotlariga doimiy foydalanish uchun ajratiladi.
© Foto: wikimediaPrezidentning «Suv xo‘jaligi sohasida bozor mexanizmlarini keng joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan suv fondi yerlaridan foydalanish va ularni boshqarish tizimida bir qator yangi tartiblar belgilandi.
Hujjatga muvofiq, 2026 yil 1-avgustga qadar suv fondi yerlarini ijaraga berish, monitoring qilish, shartnomalarni rasmiylashtirish va hisobotlarni yuritish imkonini beruvchi «Suv-yer-ijara» axborot tizimi ishga tushiriladi. Mazkur platforma Suv xo‘jaligi vazirligining «Raqamli suv xo‘jaligi» yagona axborot tizimiga integratsiya qilinadi.
Shuningdek, suv omborlari atrofida ijaraga berilgan suv fondi yerlarida organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda xalqaro sertifikat talablariga rioya etilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatiladi.
Farmon bilan Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga suv fondi yerlaridan maqsadli va oqilona foydalanish hamda ularning o‘zboshimchalik bilan egallab olinishining oldini olish bo‘yicha davlat nazorati vakolatlari berildi.
Eng muhim o‘zgarishlardan biriga ko‘ra, 2026 yil oxiriga qadar suv fondi yerlari to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi. Begonalashtirilgan hamda jismoniy va yuridik shaxslar nomiga mulk yoki ijara huquqi asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilinadi.
Mazkur yerlar suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlarga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi.
Farmonga muvofiq, ushbu yer uchastkalari bo‘yicha tadbirkorlik subyektlari bilan tuzilgan amaldagi ijara shartnomalari qayta ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Shuningdek, daryo o‘zanlari va suv xo‘jaligi obyektlaridan qazib olinadigan qum-shag‘al materiallari hajmini hisoblash ishlari Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
Hujjat bilan «Suv xo‘jaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish» davlat muassasasining asosiy vazifalari ham tasdiqlandi. Suv fondi yerlarini xatlovdan o‘tkazish va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish ishlari Kadastr agentligi tizimi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.





