add

Diniy ma’ruzaga «klass» bosgani uchun qamalgan yigit, Husanovni maqtagan Gvardiola va Ahmadaliyevning konsertiga bostirib kirgan Rosgvardiya — 23 sentyabr dayjesti

23.09.2025 | 22:00227911

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Diniy ma’ruzaga «klass» bosgani uchun qamalgan yigit, Husanovni maqtagan Gvardiola va Ahmadaliyevning konsertiga bostirib kirgan Rosgvardiya — 23 sentyabr dayjesti
«Super kontrakt» narxini endi rektorlar belgilaydi Oliy ta’lim vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, kirish imtihonlarida 56,7 va undan yuqori ball to‘plab, biroq talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar qo‘shimcha qabul jarayonida super kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinishi mumkin. Ular uchun to‘lov miqdorini muassasa rahbariyati mustaqil belgilaydi. Yangi tartibga ko‘ra, qabul chegarasiga 4,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun kontrakt miqdori Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 13 sentyabrdagi qarorida nazarda tutilgan tartib asosida belgilanadi. Agar qabul chegarasiga 4,05 balldan ortiq yetmagan bo‘lsa, super kontrakt miqdori rektorlar tomonidan aniqlanadi va u bazaviy kontraktning kamida uch barobari etib belgilanishi shart.   Rossiyada qamalgan o‘zbekistonliklarning 60 foizi giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyat uchun jazo olgan Rossiyada jazo o‘tayotgan o‘zbekistonliklarning asosiy qismi, ya’ni 60 foizi giyohvandlikka oid jinoyatlar uchun qamalgan. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti boshqarma boshlig‘i Munira Nizamova ma’lumot berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, rossiyalik huquq-tartibot idoralari qayd etgan jinoyatlarning 60 foizi giyohvandlikka oid. Ikkinchi o‘rinda jinsiy zo‘ravonlik (12 foiz), keyin esa qotillik (7 foiz), sog‘liqqa og‘ir zarar yetkazish (5 foiz), o‘g‘rilik (4 foiz) va firibgarlik (3 foiz) turadi. Qolganlari turli toifadagi jinoyatlardir. Munira Nizamovaning so‘zlariga ko‘ra, bu jinoyatlar ortidan Rossiya aeroportlarida o‘zbekistonlik yo‘lovchilarga nisbatan tekshiruvlar kuchaytirilgan, tekshiruvlar o‘rtacha 6–8 soat davom etadi, ba’zi hollarda esa 10–12 soatgacha cho‘ziladi. Bu holat ayollar va bolali oilalar uchun katta qiyinchilik tug‘dirmoqda. TIV vakili ayni paytda Rossiya, Qozog‘iston, Koreya va Turkiyadagi deportatsiya markazlarida qamoqda bo‘lgan o‘zbekistonliklar bilan doimiy uchrashuvlar o‘tkazilayotganini bildirdi.   Abdulloh domlaning ma’ruzasiga 6 yil oldin «klass» bosgan yigit qamaldi 2019 yil «Odnoklassniki.ru» messenjerida Abdug‘ani Umarov (Abdulloh domla)ning «Jannatga oshiqlar» nomli ma’ruzasiga layk bosgan yigit 2025 yil qamaldi. Qayd etilishicha, sudlanuvchi U. A. o‘zining «Redmi Note 13» rusumli telefon apparatiga o‘rnatilgan Odnoklassniki.ru messenjeriga ochilgan akkauntidagi «Klass bosilganlar» bo‘limida 2019 yilda Abdug‘ani Umarov (Abdulloh domla)ning «Jannatga oshiqlar» nomli aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan ma’ruzasiga «klass» bosish orqali virtual do‘stlariga tarqatgan. Bu bilan u amaldagi Jinoyat kodeksi 244-1-moddasi 3-qismining «g» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan. «Sudlanuvchi U. Almardanov tomonidan sodir etilgan mazkur jinoyat og‘ir turga mansubligi tufayli unga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jazo tayinlangan. Shunday bo‘lsada jazoni yengillashtiruvchi holatlarni inobatga olgan holda unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi tatbiq etilib, modda sanksiyasidan kamroq jazo muddati tayinlangan». — deyiladi Surxondaryo viloyati sudlari xabarida. «Bu yigit hali uzoq vaqt «Manchester Siti»da qoladi» — Gvardiola Abduqodir Husanov haqida gapirdi «Manchester Siti» bosh murabbiyi Pep Gvardiola o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanovni klub uchun uzoq muddatli muhim transfer deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 21 yoshli himoyachi hali katta imkoniyatlarga ega va jamoada yillar davomida muvaffaqiyatli o‘ynay oladi. «U markazda o‘ynay oladi, himoyaning chap qanotidan boshqa istalgan pozitsiyalarda o‘ynay oladi, deb aytgan bo‘lardim… Ha, u hujumda ko‘p vaziyat yarata olmasligi mumkin, ammo uning o‘yini o‘ta ishonchli va barqaror. Uning jismoniy imkoniyatlari, ortga qaytish [tezligi] xuddi Kayl [Uolker]ning praym davrlarini yodimga soladi! U g‘oyat e’tiborli, juda yosh, o‘rganishga intiladi. Biz duch kelgan kuchli, jiddiy raqiblarga qarshi u haqiqatan ham a’lo o‘yin ko‘rsatdi. U juda yosh bo‘lishiga qaramay, avvaliga O‘zbekistondan Fransiyaga kelib moslashdi, keyin bu yerga kelgach, biz uchun qiyin bo‘lgan mavsumda tezda jamoaga kirishib ketdi… Agar yangi joyga kelganingda hammasi joyida bo‘lsa, moslashish oson kechadi. Ammo bizda unday emasdi. Bizda bor harakatlar va uslublarni u aqlbovar qilmaydigan darajada tez o‘rganmoqda. O‘ylaymanki, u klub so‘nggi bir necha yillar davomida sotib olgan eng yaxshi futbolchi ekanini tez orada tushunib yetasiz. Bu yigit hali uzoq vaqt «Manchester Siti»da qoladi», - dedi u.   Rosgvardiya xodimlari Jaloliddin Ahmadaliyev konsertiga bostirib kirdi Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasi. Yemelyanovskiy tumanida huquq-tartibot idoralari xodimlari o‘zbekistonlik qo‘shiqchi Jaloliddin Ahmadaliyevning«Korona» ziyofat zalida o‘tkazilayotgan konsertiga bostirib kirishdi. Rossiya IIV, FXX va Rosgvardiya maxsus kuchlari xodimlari «noqonuniy migrantlar» va giyohvand moddalar savdosiga aloqador bo‘lgan shaxslarni aniqlash maqsadida reyd o‘tkazgan. O‘zbekistonlik qo‘shiqchi Jaloliddin Ahmadaliyev konserti bo‘lib o‘tayotgan ko‘ngilochar muassasaga bostirib kirgan huquq-tartibot idoralari xodimlari 620 nafar mehmonni tekshirgan, ulardan 210 nafari xorijlik ekani aytilmoqda. Ularning yonidan erkin muomalaga chiqarilishi taqiqlangan buyumlar yoki moddalar topilmagan. 26 nafar xorijlik politsiya bo‘limiga olib ketilgan, ulardan 8 nafari Rossiyada noqonuniy ravishda bo‘lgani ta’kidlanmoqda. Reyd yakunlari bo‘yicha politsiya xodimlari 19 ta ma’muriy bayonnoma tuzgan: chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs tomonidan Rossiyaga kirish yoki bo‘lish qoidalari va immigratsiya qoidalarini buzganlik uchun.

Teglar

Mavzuga oid