Ekran ortida o‘tayotgan umr: insoniyat ijtimoiy tarmoqlarga qancha vaqt sarflayapti?
Dunyoda 5,6 milliarddan ortiq inson ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadi. O‘rtacha foydalanuvchi esa har yili umrining 40 kundan ortig‘iniini virtual olamda o‘tkazmoqda.

Har yili 30-iyun kuni butun dunyoda Ijtimoiy tarmoqlar kuni nishonlanadi. Bu sana global muloqotda mazkur platformalarning roli tobora ortib borayotganini e’tirof etish maqsadida, 2010 yilda «Mashable» raqamli media nashri tomonidan joriy qilingan.
Oradan 16 yil o‘tib, ijtimoiy tarmoqlar shunchaki muloqot maydoni bo‘lmay, balki yer yuzi aholisining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i uchun kundalik hayotning ajralmas qismiga aylandi.
«DataReportal» platformasining 2026 yilgi global raqamli sharhiga ko‘ra, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari soni 5,66 milliardga yetgan. Bu dunyo aholisining 68 foizidan ko‘prog‘ini tashkil qiladi.
Foydalanuvchilar soni yillar davomida izchil o‘sib borgan: 2005 yilda ular 500 milliondan kam bo‘lgan bo‘lsa, 2015 yilda 2,27 milliardga, 2025 yilga kelib esa 5,66 milliardga yetgan. Bunday keskin o‘sishga, birinchi navbatda, hamyonbop smartfonlarning ommalashishi va internet qamrovining kengayishi turtki bo‘lgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda qancha vaqt yo‘qotyapmiz?
«DataReportal» tahlillariga ko‘ra, o‘rtacha faol foydalanuvchi ijtimoiy tarmoqlarda haftasiga 18 soat-u 36 daqiqa yoki kuniga taxminan 2 soat-u 39 daqiqa vaqt o‘tkazadi. Agar bu bir yilga ko‘paytirilsa, virtual dunyoda yiliga 40 kundan ortiq vaqt sarflanishi ma’lum bo‘ladi.
Qaysi mintaqalarda ijtimoiy tarmoqlardan ko‘proq foydalaniladi?
Butun dunyo bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishning o‘rtacha ko‘rsatkichi 68 foizni tashkil etadi. Xususan, Yevropa va Shimoliy Amerikada bu raqam juda yuqori.
Aholining umumiy soniga nisbatan ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishning eng yuqori ulushi 88,1 foiz bilan Sharqiy Osiyoga to‘g‘ri keladi. Keyingi o‘rinlarni quyidagi mintaqalar egallagan:
Shimoliy Yevropa — 79 foiz
G‘arbiy Yevropa — 77,7 foiz
Shimoliy Amerika — 74 foiz
Buning teskarisi o‘laroq, «DataReportal» ma’lumotlariga ko‘ra, eng past ko‘rsatkich Markaziy Afrikada qayd etilgan — atigi 12,1 foiz. Sharqiy Afrikada aholining 12,6 foizi, G‘arbiy Afrikada esa 19 foizi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadi.
Dunyoda eng ommabop ijtimoiy platformalar qaysilar?
«Statista» va «Kepios» hamkorlikda tayyorlagan hisobotda dunyodagi eng ommabop ijtimoiy tarmoqlar bir oylik faol foydalanuvchilar soni bo‘yicha reytingga joylashtirildi. Oktyabr holatiga ko‘ra, eng mashhur platformalar ro‘yxati quyidagicha ko‘rinish olgan:
«Facebook» — bir oylik faol foydalanuvchilari soni 3,07 milliardga yetib, barcha platformalar orasida yetakchilik qilmoqda. Hozirda «Reels» funksiyasi tarmoqdagi videokontentlarning asosiy formatiga aylangan.
«Instagram» va «WhatsApp» — ular mos ravishda 2012 va 2014 yillarda «Facebook» tomonidan sotib olingan bo‘lib, ularning har biridan oyiga 3 milliarddan ortiq faol foydalanuvchi foydalanadi.
«YouTube» — Google kompaniyasiga tegishli bo‘lgan ushbu platforma bir oylik 2,58 milliardlik auditoriya bilan keyingi o‘rinni egallab turibdi.
«TikTok» — xalqaro bozorga 2017 yilda chiqqan ushbu platforma, turli manbalardagi raqamlar biroz farq qilsa-da, taxminan 1,99 milliardlik auditoriyaga ega.
Bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash talabi kuchaymoqda
Bunday yuqori ko‘rsatkichlar ortida jiddiy xavotirlar ham bor. Yevropa Parlamenti ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishning eng kichik yoshini 16 yosh etib belgilashni taklif qilmoqda.
Shuningdek, yoshlarda qaramlik uyg‘otuvchi funksiyalarni (masalan, lentani tinimsiz varaqlash va videolarni avtomatik ravishda qo‘yish) taqiqlash tashabbusi ilgari surilmoqda. Hozircha Yevropa Ittifoqi miqyosida yagona qonun kuchga kirmagan bo‘lsa-da, ayrim davlatlar mustaqil ravishda cheklovlar joriy qila boshladi.
Bu jarayonga o‘tgan yilning dekabr oyida 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni butunlay taqiqlab, dunyoda birinchi bo‘lgan Avstraliya katta turtki berdi.
Boshqa davlatlar ham bu tajribani ommalashtirmoqda:
Indoneziya: Mart oyida 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga cheklov qo‘yib, bunday chorani ko‘rgan ilk Osiyo davlatiga aylandi.
Braziliya: Shu oyda kuchga kirgan «Bolalar va o‘smirlar raqamli nizomi»ga binoan, 16 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilar o‘z akkauntlarini qonuniy vasiylariga bog‘lashlari shart. Shuningdek, qaramlik keltirib chiqaruvchi funksiyalar ham taqiqlangan.
Turkiya: Aprel oyida 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini cheklovchi qonunni qabul qildi.
Iyun oyida Buyuk Britaniya hukumati ham 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlash rejasini e’lon qildi. Mazkur cheklovlar 2027 yil bahorida kuchga kirishi kutilmoqda.





