
Endi mobil raqamlar hisobda pul yo‘qligi uchun ikki oyda «kuyib ketmaydi»
Qolaversa, abonentlar amaldagi tarif rejasini istalgan boshqa tarif rejasi bilan bepul almashtirishi mumkin bo‘ladi.

Endi O‘zbekistonda mobil raqamlarni saqlab qolish muddati sezilarli darajada uzaytirilib, tariflarni o‘zgartirish mutlaqo bepul bo‘ladi. Bu haqda Huquqiy axborot Telegram-kanalida xabar berildi.
Qayd etilishicha, Adliya vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda Telekommunikatsiyalar xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarini yangi tahririni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan.
Raqamlarni saqlash va tariflar
Ushbu hujjatda telekommunikatsiyalar xizmatlarini ko‘rsatishda fuqarolarga qulayliklar yaratishga qaratilgan quyidagi bir qator yangiliklar belgilangan.
Jumladan, mobil aloqa abonentlari shaxsiy hisobida mablag‘ xizmat ko‘rsatishni davom ettirish uchun yetarli bo‘lmaganda mobil aloqa operatori va abonent o‘rtasida tuzilgan shartnomani bekor qilish (mavjud bo‘magan raqam holatiga o‘tkazish) muddati 2 oydan 1 yilga uzaytiriladi.
Abonentlar amaldagi tarif rejasini istalgan boshqa tarif rejasi bilan bepul almashtirishi mumkin bo‘ladi (bundan muayyan guruh yoki ma’lum cheklangan hudud uchun ishlab chiqilgan alohida tarif rejalariga o‘tish mustasno).
Sayyor xizmatlar
Amaldagi tariflar shartlari o‘zgarganda, abonentlar bu haqda kamida 15 kun oldin ommaviy axborot vositalari, rasmiy veb-sayt yoki SMS xabarnomalar orqali majburiy tartibda xabardor qilinadi.
Aholiga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida, xizmat ko‘rsatish punktiga kelish imkoniyati bo‘lmagan fuqarolar uchun yashash joyiga borish, olis va yetib borish qiyin bo‘lgan aholi punktlarida sayyor mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.





