
Eron Oliy rahbari Trampni masxara qildi
20.10.2025 | 19:2017254
Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp chindan ham kuchli bo‘lsa, AQSHning barcha shtatlarida unga qarshi norozilik bildirayotgan millionlab amerikaliklarni tinchlantirsin.

Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy AQSH prezidenti Donald Trampni «quruq gaplar» tarqatishda aybladi. U eronlik sportchilar oldidagi nutqida, Amerika rahbarining Isroildagi chiqishini sharhlayotib, shu haqda fikr bildirdi.
«AQSH prezidenti bosib olingan Falastinda quruq so‘zlar va bema’ni harakatlar bilan umidsizlangan sionistlarga umid uyg‘otishga, ularning ruhini ko‘tarishga uringan. Bu odam ahmoqona xatti-harakatlar va mintaqa hamda Eron haqida ko‘plab yolg‘onlar orqali sionistlarning ko‘nglini ko‘tarishga va o‘zini kuchli qilib ko‘rsatishga harakat qildi», - dedi Xomanaiy.
Oyatullohning so‘zlariga ko‘ra, agar Tramp chindan ham kuchli bo‘lsa, «AQSHning barcha shtatlarida unga qarshi norozilik bildirayotgan millionlab amerikaliklarni tinchlantirsin».
Shuningdek, Xomanaiy Amerika rahbarining Eronning yadro salohiyatini yo‘q qilgani haqidagi da’vosini rad etdi: «AQSH prezidenti g‘urur bilan Eronning yadro sanoatini bombardimon qilib, yo‘q qilganini aytmoqda. Mayli, hayol suraveringlar»,
9 oktyabrda Tramp, agar AQSH Eron hududidagi ob’ektlarga zarba bermaganida, Tehron allaqachon yadro quroliga ega bo‘lishi mumkinligini aytgan edi.
13 iyunga o‘tar kechasi Isroil Eronga qarshi hujum boshladi. Bir sutkadan kamroq vaqt o‘tgach, Islom Respublikasi javob hujumini amalga oshirdi. AQSH mojaro avj olganidan to‘qqiz kun o‘tib, Eronning Fordo, Natanz va Isfahondagi yadro ob’ektlariga zarba berib, mojaroga aralashdi. 23 iyun kuni kechqurun Eron AQSHning Yaqin Sharqdagi eng yirik Al-Udeyd aviabazasiga hujum qildi. Shundan so‘ng Tramp Isroil va Eron sulh tuzishga rozi bo‘lganini e’lon qildi. O‘t ochishni to‘xtatish rejimi 24 iyundan kuchga kirdi.





