Logo

XVJ O‘zbekistonga oltin bo‘yicha maslahat berdi

Bugun 09:354 daqiqa

Oltin narxining ko‘tarilishi O‘zbekiston budjetiga qo‘shimcha mablag‘ keltirmoqda. Biroq xalqaro moliya tashkiloti bu borada kelajakdagi xavflarga e’tibor qaratdi.

XVJ O‘zbekistonga oltin bo‘yicha maslahat berdi © Фото: Getty Images

Xalqaro bozorda oltin narxining ko‘tarilishi O‘zbekiston davlat moliyasi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda. Biroq bu tushumlarning barchasini joriy xarajatlarga sarflash kelgusi yillarda budjet barqarorligiga xavf tug‘dirishi mumkin. XVJ aynan shu masalaga e’tibor qaratib, hukumatga tabiiy resurslardan, ayniqsa oltindan tushadigan daromadlarni budjet hisob-kitobidan alohida baholashni tavsiya etdi.

Markaziy bankda Kavkaz va Markaziy Osiyo iqtisodiy istiqboliga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi. Unda XVJning O‘zbekistondagi doimiy vakili Koba Gvenetadze fond bu taklifni O‘zbekiston hukumati bilan muhokama qilganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat mazkur yondashuvni ochiq qabul qilgan.

Fond taklif etayotgan asosiy o‘zgarish — norudaviy budjet balansini hisoblashdir. Bunda davlat daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi farqni aniqlashda oltin hamda boshqa mineral resurslardan tushadigan daromadlar chiqarib tashlanadi. Natijada budjetning oddiy soliqlar, bojxona tushumlari va boshqa barqaror manbalarga qay darajada tayanishi aniq ko‘rinadi.

XVJ vakilining fikricha, oltin narxi yuqori bo‘lgan davrda budjetga kutilganidan ko‘proq mablag‘ tushadi. Bu esa hukumatni xarajatlarni oshirishga undashi mumkin. Biroq resurslar narxi pasayganda bunday xarajatlarni saqlab qolish qiyinlashadi. Shu bois narxlar o‘sishidan olingan qo‘shimcha daromadning bir qismini joriy xarajatlarga sarflash o‘rniga jamg‘arib borish maqsadga muvofiq.

Oltin narxi budjet daromadlarini qanday oshirdi?

XVJ hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi YAIMning 2,1 foizini tashkil etgan. Bu davlat budjeti uchun belgilangan 3 foizlik maqsadli chegaradan past.

Fond hisobotida qayd etilishicha, 2025 yilda budjet daromadlarining YAIMga nisbati avvalgi yilga qaraganda 1,5 foiz bandga oshgan. Shundan 1,4 foiz bandi mineral resurslardan, ayniqsa oltindan tushgan qo‘shimcha daromadlar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Qolgan o‘sishning bir qismi esa qo‘shilgan qiymat solig‘i tushumlari bilan bog‘liq.

Boshqacha aytganda, 2025 yilda budjet daromadlari o‘sishining asosiy qismi oddiy soliq tushumlari emas, balki mineral resurslar bozoridagi qulay narxlar hisobiga shakllangan.

Norudaviy budjet balansi nima uchun kerak?

XVJ taklif etayotgan ko‘rsatkich iqtisodiy adabiyotlarda «non-mineral budget balance» — norudaviy budjet balansi deb yuritiladi. Neft eksport qiluvchi davlatlar bunday yondashuvdan anchadan beri foydalanib keladi. Ularda neftdan tushadigan daromadlar budjet hisob-kitobidan chiqarib tashlanadi. Shu orqali davlat boshqa manbalardan qancha mablag‘ topayotgani va xarajatlarini qay darajada qoplay olayotgani baholanadi.

O‘zbekistonda esa asosiy e’tibor oltin va boshqa mineral resurslardan tushadigan daromadlarga qaratiladi.

Bu ko‘rsatkichning mohiyati shundaki, budjet holati faqat umumiy tushum va xarajatlar o‘rtasidagi farq bilan o‘lchanmaydi. Oltindan kelgan mablag‘lar chiqarib tashlangach, budjetning aslida qanchalik mustahkam ekani namoyon bo‘ladi.

 

O‘zbekiston budjeti oltinga qay darajada bog‘liq?

Oltin O‘zbekistonning eng muhim eksport mahsulotlaridan biridir. Biroq uning budjetga ta’siri faqat eksport tushumlari bilan cheklanmaydi. Foydali qazilmalarni qazib oluvchi korxonalardan tushadigan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar ham davlat daromadlarining sezilarli qismini tashkil etadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda davlat budjetiga yer qa’ridan foydalanganlik uchun 25,8 trln so‘m soliq tushgan. Bu jami 359,8 trln so‘mlik davlat budjeti daromadlarining qariyb 7,2 foiziga teng. Ammo bu mablag‘ning barchasi faqat oltindan emas — mazkur soliq boshqa foydali qazilmalarni qazib olish bilan bog‘liq to‘lovlarni ham o‘z ichiga oladi.

 

XVJ xarajatlarni cheklash bilan birga soliq imtiyozlarini ham qisqartirishni taklif qilmoqda

Oltindan keladigan qo‘shimcha daromadlarni jamg‘arish XVJning yagona tavsiyasi emas. Fond vakili budjet xarajatlari, subsidiyalar va soliq imtiyozlari siyosati bo‘yicha ham qator takliflar bildirdi.

Xususan, amaldagi tushumlar budjet prognozidan yuqori bo‘lsa, xarajatlarni ham shunga mos ravishda oshirib yubormaslik tavsiya etildi. Shuningdek, barchaga birdek beriladigan maqsadsiz subsidiyalarni cheklash va soliq imtiyozlarini qayta ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Koba Gvenetadze vaqtinchalik soliq imtiyozlarini joriy etishda ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi. Uning fikricha, bunday imtiyozlar bir marta berilgach, ulardan voz kechish qiyinlashadi. Biznes uchun esa qisqa muddatli soliq yengilliklaridan ko‘ra, barqaror iqtisodiy muhit va oldindan bashorat qilinadigan soliq siyosati muhimroq.

Shu bilan birga, XVJ O‘zbekistonda davlat qarzi va budjet barqarorligi hozircha jiddiy bosim ostida emasligini bildirdi. Gvenetadze amaldagi iqtisodiy sharoitni islohotlarni amalga oshirish uchun qulay davr deb baholadi.

Teglar

Mavzuga oid