Yangi ig‘vo: «ikki millat o‘rtasida nizo qo‘zg‘ashmoqchi»
1990 va 2010-yillarda Qirg‘izistonda o‘zbek-qirg‘iz fojialari yuz bergan, o‘sha vaqtda ko‘plab tinch aholi vakillari halok bo‘lgan. Ammo buni uyushtirganlar hech qanday jazo olmagani aytib kelinadi. Japarov ham saylovlardan oldin buni yodga oldi. Prezidentning o‘tmishni eslashiga sabab nima bo‘ldi? Ushbu videoda shu haqda so‘z boradi.
O‘zbeklar va qirg‘izlar o‘rtasida kim nizo qo‘zg‘atmoqchi? Ikki xalq o‘rtasida o‘tmishda yuz bergan kelishmovchiliklar yana takrorlanishi mumkinmi?
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov aynan shunday xavfdan ogohlantirdi. Uning aytishicha, ayrim siyosatchilar bo‘lajak prezidentlik saylovlarini barbod qilish uchun o‘zbeklar va qirg‘izlar orasiga nifoq solishga urinmoqda.
Japarov millatlar o‘rtasidagi munosabatlarga putur yetkazmoqchi bo‘lgan ig‘vogarlarga nisbatan keskin choralar ko‘rilishini aytdi. Shuningdek, davlat har qanday provokatsiyani bostirishga qodirligini ta’kidlab, ikki xalqni yolg‘on xabarlarga ishonmaslikka chaqirdi.
Japarov mamlakat tarixidagi 1990 va 2010-yillardagi o‘zbek-qirg‘iz fojialarini yodga olib, o‘sha vaqtda ko‘plab tinch aholi vakillari halok bo‘lgani, ammo buni uyushtirganlar hech qanday jazo olmaganini ta’kidladi. Aytilishicha, ular o‘zaro adovatni avj oldirib, o‘zlari chetda tomoshabin bo‘lib, jarayonni mamnuniyat bilan kuzatib turadi. Buning ustiga, o‘sha voqealardan keyin oddiy oilalarning farzandlarigina umrbod qamoq jazosiga mahkum etilgan.
Prezident har ikki millat vakillarini ig‘volarga berilmaslikka, oqsoqollarni esa bunday voqealarni ko‘rmagan 20–25 yoshdagi qiziqqon yoshlarni millatlararo to‘qnashuvlarning ayanchli oqibatlaridan ogohlantirishga chaqirdi. Uning aytishicha, bugungi Qirg‘iziston avvalgidek ojiz davlat emas. Agar xavfli vaziyat yuzaga kelsa, «davlatning bir-ikki kun ichida tartibsizliklarga chek qo‘yishga kuchi ham, imkoniyati ham yetadi».
Shuningdek, Japarov ayrim kuchlar xalqni «Xitoy mavzusi» bilan chalg‘ita olmagach, endi qirg‘izlar va o‘zbeklarni bir-biriga qayrash rejasiga o‘tganini bildirdi. U g‘animlar safida «Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston» temiryo‘li qurilishi yakunlanishidan xavfsirayotganlar ham borligini qo‘shimcha qilib, ularni «uzoqni ko‘ra olmaydigan, tor fikrlaydigan va niyati buzuq odamlar» deb atadi.
Muxoliflarini ogohlantirar ekan, prezident bugungi kunda huquq-tartibot idoralarining texnik imkoniyatlari kengligi, mamlakat bo‘ylab o‘n minglab videokameralar ishlayotgani va har qanday jinoiy reja 40 daqiqa ichida fosh etilishini eslatdi.
«Tegishli organlar sizni javobgarlikka tortayotganida panjara ortida o‘tirib olib: “Men mutlaqo begunohman, meni faqat siyosiy sabablarga ko‘ra hibsga olishdi, nohaq sud qilishyapt”, deb baqirib yurmang. Hali kech emas ekan, aqlingizni yig‘ing va noqonuniy harakatlaringizni to‘xtating! 30 yil davomida tartibsizliklar girdobidan chiqa olmay, oxir-oqibat botqoqqa botib qolganimizni xalq hali unutgani yo‘q», — deya xulosa qildi Sadir Japarov.
Xo‘sh, Japarov tilga olgan yillardagi voqealar haqida nimalar ma’lum?
Qonli to‘qnashuvlar
1990-yilning yozida Sovet Qirg‘izistoni hududida mahalliy aholi bilan o‘zbeklar o‘rtasida yer talashish oqibatida qonli to‘qnashuvlar boshlandi. Bu voqealar tarixda «O‘sh voqealari» nomi bilan qolgan.
O‘sha yili Qirg‘izistonda yer tanqisligi muammosi keskinlashdi. Gap shundaki, O‘sh va Frunze (hozirgi Bishkek) kabi yirik shaharlarga qishloq joylaridan odamlar ommaviy ravishda ko‘chib kela boshlagan, biroq Sovet Ittifoqi qonunchiligi ularga uy-joy qurish uchun yer ajratishni nazarda tutmagan edi.
Bundan norozi bo‘lganlar 1990-yilning bahori davomida bir necha bor mitinglarga chiqib, uy qurish uchun yer berishni talab qildi. Ammo ularning talablari bajarilmadi. Natijada namoyishchilar talablar bilan cheklanmay, agar yer ajratilmasa, uni o‘zboshimchalik bilan egallab olishlarini ayta boshladi.
Noroziliklar davomida bir nechta qirg‘iz yoshlar harakati ham paydo bo‘ldi. Ularning talablari turlicha edi: ayrimlari yer ajratilishini talab qilgan bo‘lsa, boshqalari SSSRdagi islohotlarni tezlashtirishni yoqladi. Yana bir guruh esa qirg‘iz tili va madaniyati saqlanib qolishi masalasidan xavotir bildirdi.
Bu voqealar respublikada til to‘g‘risidagi qonun qabul qilinganidan keyin ham davom etdi. Unga ko‘ra, qirg‘iz tili davlat tili, rus tili esa millatlararo muloqot tili deb belgilangan edi. Bu qaror Qirg‘izistonda yashovchi o‘zbeklar orasida norozilik uyg‘otdi. O‘sha vaqtda Jalolobod va O‘sh viloyatlarida qariyb 500 ming o‘zbek istiqomat qilardi. Ular o‘z manfaatlari kamsitilayotganini bildirib, SSSR rahbariyatiga murojaat qildi va o‘zbeklarga avtonomiya maqomini berishni so‘radi.
Milliy nizoning kuchayishiga undan oldingi etnik to‘qnashuvlar ham ta’sir ko‘rsatdi. Hali Farg‘ona vodiysida o‘zbeklar va mesxeti turklari o‘rtasidagi qonli voqealar, Bokuda ozarbayjonlar tomonidan armanlarga qarshi uyushtirilgan zo‘ravonliklar, shuningdek, Yerevanda bahor oxirida sodir bo‘lgan va radikal guruhlar Sovet armiyasi askarlari bilan to‘qnashgan voqealar unutilmagan edi. Bejiz emaski, SSSR prezidenti Mixail Gorbachyov o‘zining «Hayot va islohotlar» kitobida o‘sha davrda jamiyatni eng ko‘p taranglikda ushlab turgan muammo — milliy masalalar bo‘lganini ta’kidlagan.
Lenin nomidagi kolxozdagi mitinglar
Bahorning oxirgi kunlarida voqealar jadal rivojlana boshladi. 27-may kuni O‘sh shahrida qirg‘izlar navbatdagi mitingga yig‘ildi. Ular mitingni shahar hududiga tutash joylashgan Lenin nomidagi kolxoz yerlarida o‘tkazishga qaror qildi.
Namoyishda qariyb besh ming kishi qatnashdi. Shahar rahbariyati endi bu chiqishni e’tiborsiz qoldira olmasdi. Voqea joyiga viloyat ijroiya qo‘mitasi raisi bordi va yig‘ilganlarning bosimi ostida kolxozga qarashli paxta maydonlaridan bir necha o‘n gektar yerni uy-joy qurish uchun ajratib berishga va’da qildi.
Shundan so‘ng qirg‘izlar ajratilishi va’da qilingan yerda maxsus marosim o‘tkazdi. Ular qurbonlik uchun ot so‘yib, shuncha qiyinchilik bilan qo‘lga kiritilgan bu yerni hech kimga bermaslikka qasam ichdi.
Biroq muammo shunda ediki, kolxoz ishchilarining qariyb 95 foizi o‘zbeklardan iborat edi. Ular nafaqat shu yerda mehnat qilar, balki kolxoz hududida ham yashardi. Shu sababli yerning boshqa maqsadda foydalanish uchun berilishi mahalliy o‘zbeklar tomonidan shaxsiy haqorat sifatida qabul qilindi.
30-may kuni ular ham hokimiyat uy-joy qurilishi uchun ajratishga va’da bergan yerda o‘z mitingini o‘tkazdi. Namoyishchilar o‘z talablarini ilgari surdi: respublika tarkibida O‘sh avtonomiyasini tashkil etish va o‘zbek tiliga davlat tillaridan biri maqomini berish.
Miting ishtirokchilari norozilikni to‘xtatish uchun bajarilishi kerak bo‘lgan shartlar ro‘yxatini tayyorlab, hokimiyatga topshirdi. Ular javob berish uchun 4-iyungacha muddat belgiladi. Qirg‘izlar ham o‘z navbatida respublika rahbariyatidan shu sanagacha javob kutayotgan edi. Nizo tufayli bu davrda ko‘plab odamlar boshpanasiz qoldi. Milliy adovat kuchaygani sababli o‘zbeklar ijarada turgan uylaridan qirg‘izlarni, qirg‘izlar esa o‘zbeklarni chiqarib yuborish holatlari kuzatildi. Uy-joyidan ayrilgan odamlar ko‘pincha o‘z manfaatlarini himoya qilayotgan namoyishchilar safiga qo‘shildi.
Aytish joizki, Lenin nomidagi kolxozda qirg‘izlarga uy qurish uchun yer ajratilmadi. Respublika komissiyasi bu qarorni qonunga zid deb topib, fuqarolarga boshqa hududdan yer taklif qildi. Ammo ularning ayrimlari bu taklifga rozi bo‘lmadi va avval va’da qilingan paxta maydonlarini berishni talab qilishda davom etdi.
«Qonga qon»
4-iyun kuni ertalab soat oltidan boshlab Lenin nomidagi kolxoz hududiga o‘zbeklar va qirg‘izlar to‘plana boshladi. O‘sha vaqtda Davlat xavfsizlik qo‘mitasi (KGB) ham bahsli yer maydonlarida to‘qnashuvlar boshlanishini kutayotgan edi. Yig‘ilganlar orasida o‘zbeklar ancha ko‘p edi: ularning soni 10 mingga yaqinlashgan, qirg‘izlar esa taxminan 1,5 ming kishini tashkil etgan. Voqealar qanday tus olishi mumkinligini anglagan o‘zbeklar ehtiyot chorasi sifatida bolalarini bog‘chalardan ham olib ketgan edi.
Kechga borib ikki tomon bir-biriga ro‘baro‘ bo‘ldi. Ularni faqat avtomatlar bilan qurollangan militsiya xodimlari safidan iborat to‘siq ajratib turardi.
Soat 19:00 atrofida, huquq-tartibot idoralari xodimlari turganiga qaramay, to‘qnashuvlar boshlandi. O‘sha voqealar haqidagi asosiy talqinga ko‘ra, spirtli ichimlik iste’mol qilgan o‘zbek yoshlari militsiya to‘sig‘i ortidan qirg‘izlarga tosh ota boshlagan. Keyinroq ular militsiya safini yorib o‘tishga urindi. Bu safar toshlar va shishalar huquq-tartibot xodimlariga ham otildi.
Aytilishicha, o‘zbeklar ikki nafar militsiya xodimini ushlab olganidan so‘ng ularning hamkasblari olomonga qarata o‘q uzgan. Vaziyat butunlay nazoratdan chiqib ketgan. Yarim soat davomida olomonni tarqatishga erishilgan. Kolxoz hududida esa olti nafar o‘zbekning jasadi qolgan. Boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, ular halok bo‘lmagan, faqat yaralangan edi.
O‘zbeklar halok bo‘lganlarning jasadlarini qo‘llariga ko‘tarib, «Qonga qon!» degan shiorlar bilan O‘sh shahri tomon yo‘l oldi. Namoyishchilar qirg‘izlar yashaydigan uylarga bostirib kirib, ularni talon-toroj qildi. Yo‘lda uchragan narsalarni vayron qildi, avtomobillarni ag‘darib, o‘t qo‘ydi.
Keyin kolxozdan shaharga qaytayotgan bir guruh qirg‘izlar ommaviy noroziliklar oqibatini ko‘rib qolib, o‘zbeklarga qarshilik ko‘rsatish uchun qo‘shni qishloqlardan odam to‘play boshlagan. O‘zbeklar esa shahar bo‘ylab yurish bilan cheklanib qolmadi. Ular bir nechta ma’muriy binolarni — politsiya bo‘limi, tergov hibsxonasi va shahar ijroiya qo‘mitasi binosini egallashga ham urindi. Biroq bu harakatlar muvaffaqiyatsiz yakunlandi: militsiya bir necha o‘n kishini qo‘lga oldi.
Kolxoz hududida yirik to‘qnashuvning oldi olingan bo‘lsa-da, keyingi kunlarda nizo yanada avj oldi.
5-iyun kuni shaharga qishloq joylaridan qirg‘izlar kela boshlagani, ular yo‘l-yo‘lakay o‘zbeklarni qidirib, ularga hujum qilgani, ayrim hollarda esa o‘ldirgani aytilmoqda.
Ayni paytda Qirg‘iziston hududidagi o‘zbeklar ko‘pchilikni tashkil etgan O‘zgan shahrida qirg‘izlar ommaviy ravishda quvib chiqarildi. Ularni tahdidlar orqali shaharni tark etishga majbur qilishdi. Ularning o‘rniga Farg‘ona vodiysidan minglab o‘zbeklar bordi. Shu tariqa, milliy nizo kuchayib borayotganiga qaramay, hududdagi o‘zbeklar soni kamaymadi, aksincha, taxminan 20 ming kishiga ko‘paydi.
Qirg‘izlar ham javob harakatlariga o‘tdi. 6-iyunga o‘tar kechasi ularning qurollangan guruhi O‘zganga kirib, otishma boshladi. Halok bo‘lganlarning aniq soni hanuzgacha noma’lum. Qonli to‘qnashuvlar endi faqat O‘sh viloyati bilan cheklanib qolmadi. O‘zbekistonda ham mahalliy aholi qirg‘izlarga tegishli uylarga o‘t qo‘ya boshlagani aytiladi. Natijada ular o‘z yurtiga qaytishga majbur bo‘lgan.
Militsiya xodimlari qishloqlardan O‘sh shahriga kelayotgan va raqiblaridan qasos olishni maqsad qilgan minglab odamlarni to‘xtatishga harakat qildi. Ammo huquq-tartibot idoralari xodimlarining soni buning uchun yetarli emasdi. Qon to‘kilishini faqat muntazam armiya yordami bilan to‘xtatishga muvaffaq bo‘lindi. Ayrim hollarda namoyishchilar askarlar bilan ham to‘qnashgan. Biroq ko‘p o‘tmay ular armiyaga qarshi turishning iloji yo‘qligini anglagan.
Sovet Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, to‘qnashuvlarda ikki tomondan jami 30–35 ming kishi ishtirok etgan. Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Asqar Akayevning guvohlik berishicha, o‘sha millatlararo to‘qnashuvda ikki kun ichida yuzlab o‘zbek va qirg‘izlar behuda halok bo‘lgan. Rasmiy ma’lumotlarda halok bo‘lganlar soni 300 nafardan oshgani qayd etilgan. Boshqa ma’lumotlarga ko‘ra esa, qurbonlar soni 10 ming nafardan ko‘p bo‘lgan. Shunga qaramay, jinoiy javobgarlikka atigi 300 nafarga yaqin kishi tortilgan. Ko‘p o‘tmay, Qirg‘iziston mustaqillikka erishganidan so‘ng ularning barchasi ozodlikka chiqarilgan.
Respublika mo‘’jiza tufayli ikkinchi Qorabog‘ga aylanishdan qutqarib qolingani, bunda esa Islom Karimovning qat’iy siyosati muhim ahamiyat kasb etgani aytib kelinadi.
Nizo yana avj oldi
Bundan roppa-rosa 16 yil avval, 2010-yil 10–11-iyun kunlari Qirg‘iziston janubida uzoq yillardan beri yonma-yon yashab kelgan o‘zbeklar va qirg‘izlar o‘rtasida millatlararo to‘qnashuvlar boshlandi. O‘sh va Jalolobod viloyatlarida tartibsizliklar to‘rt kun davom etdi. To‘qnashuvlarda tartibsizlik ishtirokchilari avtomatlardan foydalandi. O‘zbeklar uylarini tashlab, jon saqlash uchun qochishga majbur bo‘ldi. O‘sha kunlarda O‘zbekiston qariyb 75 ming nafar qochqinni qabul qildi. Faqat rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 447 kishi halok bo‘lgan. Norasmiy ma’lumotlarda esa qurbonlar soni bundan to‘rt-besh barobar ko‘p ekani aytiladi.
Dastlab, voqealar rivoji Qirg‘izistonda 2010-yilning aprel oyida bo‘lib o‘tgan davlat to‘ntarishi bilan boshlandi. Hokimiyatdan ag‘darilgan Qirg‘iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyev Belarusdan siyosiy boshpana so‘rab, mamlakatdan qochib ketdi. Roza Otunbayeva boshchiligidagi Muvaqqat hukumat prezidentsiz qolgan Qirg‘izistonda hokimiyatni o‘z qo‘liga oldi. Bu esa mamlakatdagi siyosiy vaziyatni o‘nglamadi, aksincha, millatlararo to‘qnashuv vujudga keldi. 2010-yilning iyuniga kelib, Qirg‘izistonning O‘sh, Botken va Jalolobod viloyatlarida mahalliy o‘zbek va qirg‘izlar o‘rtasida keng qamrovli mojaro sodir bo‘ldi.
Ko‘plab manbalarda 2010-yil may-iyun oylarida Qirg‘izistonning janubida yuz bergan ayanchli voqealardan, asosan, o‘zbek millatiga mansub aholi jabr ko‘rgani aytiladi. Negaki, O‘sh va Jalolobod viloyatlari aholisining katta qismini o‘zbeklar tashkil qiladi. Tartibsizliklar payti voqea joyida bo‘lgan ko‘plab qirg‘izistonliklar ushbu ikki hududdagi yirik bosqinni bevosita millatchilik bilan bog‘lashadi. 2010-yilgi voqealarda O‘sh va Jaloloboddagi o‘zbeklarning uylari vayron qilingan, odamlar tiriklayin yoqilgan. Hattoki, beshikdagi bolalarga ham rahm qilinmagan. Bu voqealarga Qirg‘iziston armiyasi va boshqa kuchishlatar tuzilmalari ham qarshilik ko‘rsatmagan.
O‘zbekistonning tutgan pozitsiyasi
2010-yilda yuz bergan inqiroz O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov uchun qaysidir ma’noda yangilik emasdi. U bunday favqulodda vaziyatlarga oldin ham guvoh bo‘lgan. Xususan, SSSR parchalanishi arafasida sovetlarning bosqinchilarga xos bo‘lgan «bo‘lib tashla va hukmronlik qil» siyosati o‘z mevasini berayotgan edi. SSSR tarkibida tuzilgan mustaqil respublikalar chegarasi o‘tgan asrning 20–30-yillarida shunday «mahorat» bilan chizilgan ediki, mabodo ular mustaqil bo‘lishga intilsa, albatta, o‘ziga qo‘shni bo‘lgan davlatlar bilan mojaroga borishi va hatto, urushga kirishi kerak bo‘lgan. Tarixan bunday taktika bosqinchi davlatga mustaqil bo‘lishga intilgan mamlakatlarni o‘z tarkibida ushlab qolishda qo‘l kelgan. O‘tgan asrning 90-yillarida Gruziya, Checheniston, Tog‘li Qorabog‘ hamda Qirg‘iziston millatlararo konfliktni boshdan kechirgan. Ushbu davrda O‘zbekiston SSRga rahbarlik qilgan Islom Karimov yuqoridagi holatlarning guvohi bo‘lgan.
2010-yilga kelib, mustaqil O‘zbekistonning prezidenti Islom Karimovning o‘zi bunday siyosiy imtihondan o‘tishiga to‘g‘ri keldi. Qirg‘izistonning janubida qirg‘inga uchragan o‘zbek millatining 100 minglab vakili O‘zbekiston tomonga qochib o‘tgan. O‘zbekistonning o‘sha vaqtdagi hukumati ular uchun Andijon viloyatida vaqtinchalik maxsus lagerlar tashkil qilgan, yashash uchun kerakli bo‘lgan barcha birlamchi manbalar bilan ta’minlagan.
Karimovning oldida Qirg‘iziston tomonidan kelganlarga yordam ko‘rsatish, boshpana berishdan ham ko‘ra og‘irroq vazifa bor edi. Tabiiyki, bunday paytda O‘zbekiston aholisi orasida Qirg‘izistondagi millatdoshlari va ko‘pchilikning qarindoshlari qirg‘inga uchrayotgani haqidagi agressiv xarakterga ega xabarlar tarqalgan. Karimovning vazifasi esa O‘zbekistonda yashovchi o‘zbeklarga chegarani buzib, Qirg‘iziston tomonga o‘tish va O‘shdagi mojaroga qo‘shilishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘lgan. Bu vazifa esa a’lo darajada bajarilgan.
Otunbayevaning o‘zi Karimov namoyish etgan xarakterni donolik darajasida olqishlagan. Otunbayeva 2010-yil 11-iyun kuni Karimov bilan gaplashgan. Islom Karimov chegarani yopishi va hech kimni o‘tkazmasligini aytgan.
«Ularning orasida ham qarindoshlariga, millatdoshlariga yordam berishni istagan ko‘plab vatanparvarlar bor edi. Agar ular Qirg‘izistonga o‘tganida, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida urush boshlanishi mumkin edi. Karimov buni sezdi va to‘g‘ri qaror qabul qildi. Ularning orasida qaroqchilari, nazoratsiz guruhlari ham bo‘lgan, ammo Karimov bunday mojaroning oldini olishga muvaffaq bo‘ldi. U Qirg‘izistonga o‘sha vaziyatdan chiqishi uchun sharoit yaratib berdi, desam adashmayman», — degan edi Otunboyeva.
Tagiga yetilmagan tekshir-tekshirlar
2010-yilning iyunida yuz bergan etnik mojarodan so‘ng, o‘sha yilning o‘zidayoq fojia sabablarini o‘rganish uchun darhol xalqaro, milliy, mustaqil komissiyalar tashkil etildi. Milliy komissiya ishiga alohida e’tibor qaratildi. Chunki ushbu komissiya mamlakat rasmiylari tashabbusi bilan tuzilgan va har kim o‘z ishining natijalari qanday bo‘lishiga qiziqish bildirgandi. Natija esa kutilganidan ham oshib tushdi. Otunbayeva rahbarlik qilgan Muvaqqat hukumat ko‘plab tanqidlarga uchradi.
2010-yilning oxirida tergovni tugatgan Milliy komissiya rahbari Abdug‘ani Erkebayev mamlakat parlamentida ma’ruza qildi va baland minbardan turib, qirg‘izlar va o‘zbeklar o‘rtasidagi haqiqiy qirg‘inning oldini olishda muvaffaqiyatsizlikka uchragan Muvaqqat hukumatni aybladi.
Bundan tashqari, Milliy komissiya tomonidan olib borilgan tergov jarayonida o‘sha davrda bosh vazir, keyinroq prezident bo‘lgan Almazbek Atamboyev va o‘tish davri prezidenti Roza Otunbayeva Jalolobod va O‘sh viloyatlarida sodir bo‘lgan millatlararo to‘qnashuvning asosiy tashkilotchilaridan biri, o‘zbek diasporasi rahbari Qodirjon Botirov bilan uchrashgani tasdiqlangan.
Bo‘linishlar
Muvaqqat hukumatni shakllantirgan Sotsial-demokratik partiyasi vakillari O‘sh voqealari bo‘yicha tekshiruv o‘tkazgan milliy komissiya raisi Abdug‘ani Erkebayevni qattiq tanqid qildi. Ularning fikriga ko‘ra, komissiya xulosasi «shoshilinch ravishda yuzaki o‘tkazilgan va hatto ba’zi joylarida yolg‘on ham ishlatilgan». Qirg‘izistonning sobiq moliya vaziri Temir Sariyevga ko‘ra, muvaqqat hukumat Qirg‘iziston janubida qon to‘kilishi uchun javobgar emas.
Milliy komissiya o‘z hisobotini o‘qib eshittirganidan keyin, hatto, Muvaqqat hukumat a’zolariga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atishni taklif qilganlar ham bo‘ldi. O‘sha vaqtlar «Ota-Yurt» fraksiyasidan deputat bo‘lgan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi sobiq rahbari Qamchibek Toshiyev Muvaqqat hukumat a’zolarini siyosiy javobgarlikka tortilishini talab qilgan.
«O‘sh voqealari» bo‘yicha xalqaro tergov
O‘tish davri prezidenti Roza Otunbayeva 2010-yildayoq «O‘sh voqealari»ning asl sabablarini aniqlash uchun mustaqil xalqaro tergov o‘tkazishga chaqirgan. Natijada Qirg‘izistonning tadqiqot komissiyasi — 2010-yil iyun oyida mamlakat janubidagi etnik nizolarni o‘rganish bo‘yicha xalqaro mustaqil komissiya tuzildi. Uning tarkibiga Fransiya, Buyuk Britaniya, Estoniya, Avstraliya, Turkiya va Rossiyadan kelgan yetti kishidan iborat mutaxassis kiritildi.
Ushbu Tadqiqot komissiyasiga finlyandiyalik siyosatchi, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Parlament Assambleyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili bo‘lgan Kimmo Kilyunen rahbarlik qildi. Bir yilga yaqin davom etgan tergovda yuzlab guvohlarning intervyusi, O‘sh va Jalolobodda sodir bo‘lgan voqealarning minglab fotosuratlari va videofilmlari o‘rganilganidan so‘ng, 2011-yil 3-may kuni komissiyaning batafsil hisoboti e’lon qilindi.
Hisobotda aytilishicha, mutaxassislar harbiy jinoyatlar yoki genotsid bo‘yicha dalillar topolmagan, ammo ba’zi zo‘ravonlik harakatlari insoniyatga qarshi jinoyatlar sifatida baholangan. Qirg‘iziston tomoni darhol bunday hisobotni tanqid ostiga oldi. Hukumat bayonotida ushbu hisobot qabul qilinmaydigan va bir tomonlama deb nomlandi. Unda etnik o‘zbeklar faqat «himoyasiz qurbonlar» sifatida baholangani aytildi. Bayonotda, shuningdek, xalqaro tergovchilar «faqat bir etnik guruh a’zolari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar to‘g‘risida ko‘proq ma’lumot olishga moyillikni namoyish etgani, etnik qirg‘izlar tomonidan berilgan qurbonlar esa e’tiborsiz qoldirilgani»ni ta’kidladi. O‘shanda Bishkekda Kilyunenni o‘zbeklarning yonini olish uchun hatto pora olganlikda ayblashgan. Bunga javoban Kilyunen ayblovni «kulgili» va «katta yolg‘on» deb atagan.
Bugun esa O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlari o‘tmishdagidan tubdan farq qiladi. Ikki davlat o‘rtasidagi chegara masalalarini hal qilish, o‘tish punktlari faoliyatini yaxshilash va fuqarolarning o‘zaro qatnovini yengillashtirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishilgan.
O‘zbekistondan Qirg‘izistonga, Qirg‘izistondan O‘zbekistonga odamlar qarindoshlarini ko‘rish, dam olish, savdo qilish va ishlash uchun borib-keladi. Ikki mamlakat o‘rtasida avtobus yo‘nalishlari va aviaqatnovlar ham mavjud. Savdo-iqtisodiy aloqalar kengayib, qo‘shma korxonalar va yirik infratuzilma loyihalari rivojlanmoqda.
Davlat rahbarlari darajasidagi muloqot ham muntazam davom etmoqda. 2026-yil iyul oyida Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov ikki davlat munosabatlarini ittifoqchilik darajasiga ko‘taruvchi shartnomani imzoladi. Tomonlar savdo hajmini oshirish, transport aloqalarini rivojlantirish, energetika va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishib oldi.
Bularning barchasi bugungi o‘zbek-qirg‘iz munosabatlari faqat tarixiy kelishmovchiliklardan iborat emasligini ko‘rsatadi. Ikki xalqni asrlar davomida bog‘lab kelgan qo‘shnichilik, qarindoshlik va madaniy yaqinlik bugun ham davom etmoqda.
Shu bois o‘tmishdagi fojialarni unutmaslik bilan birga, bugungi do‘stlikni asrash ham muhim. Japarov ogohlantirganidek, xalqlar orasiga nifoq solishga qaratilgan har qanday urinishga nisbatan hushyor bo‘lish kerak. Zero, o‘zbek va qirg‘iz xalqlarining tinchligi va hamkorligi har ikki davlat manfaatiga xizmat qiladi.
Teglar






